“YIG‘-YIG‘” DARDI SIMILLATGANDA…

580

Maktab – komillik maskani. Insonni SHAXS qilib tarbiyalaydigan dargoh. O‘quv­chi faqatgina ilm olish bilan shug‘ullansa, miyasida «ta’mir», «sinf fondi», «maktab fondi» kabi “yig‘di-yig‘di”lar uchun ortiqcha o‘y-tashvish b o‘lmasa, shu dargoh tomon talpinadi. Oilasida imkoni borlar-ku o‘ylamasligi mumkin, aksi bo‘lganlar esa aytilgan pulni berolmasligi ortidan sinfdoshlari oldida izza tortadi. Shu sabab maktabdan, ilm olishdan k o‘ngli sovishi hech gap emas. Bu uning kelajagini s o‘roq ostiga q o‘yadi. Qonunga zid bo‘lgan “yig‘di-yig‘di” illatidan qachon  qutulamiz? Shoira Boymurodovaning “Ma’rifat” gazetasida chop etilgan maqolasida shu haqda s o‘z boradi.

Maqolani to‘liq quyida o‘qing.

Dolzarb mavzu

MAKTABDA PUL YIG‘ISHGA QACHON CHEK QO‘YILADI?

Ba’zida o‘quvchilarning ota-onalari sinfxonani ta’mirlash, kichik jihozlarni sotib olish va bayram tadbirlarini o‘tkazish uchun o‘z ixtiyorlari bilan mablag‘ yig‘adi. Ammo bu to‘lov bora-bora majburiyatga aylanayotgani, o‘quv yili avvalida maktab fondi uchun, yil yakunida ta’mir uchun “yig‘di-yig‘di”larga ulanib ketmoqda. «Sinf fondi», «maktab fondi», «farrosh» uchun o‘quvchidan pul yig‘ish qonunga zid-ku! Nega haligacha ta’lim muassasasidagi pul yig‘imlariga chek qo‘yilmayapti? 

Prezidentimizning 2017-yil 24-avgustdagi “O‘zbe­kiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjet­dan tash­qari Ta’lim va tibbiyot muas­sasalari­ning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jam­g‘armasini tashkil etish to‘g‘­risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan jamg‘arma umum­ta’lim muassasa­laridagi o‘quv korpuslarini, usta­xona va laboratoriyalar bilan kengaytirish, sport zallari va maydon­chalarini barpo etish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi. 

Xalq ta’limi vazirligining 2012-yil 26-apreldagi «Umu­miy o‘rta ta’lim va o‘quv-yordamchi muassa­salarning namunaviy shtat­larini tasdiq­lash to‘g‘ri­sida»gi 141-sonli buyru­g‘iga asosan, har 350 kvadrat metr tozalanadigan hududga 0,5 stavka farrosh shtati ajratiladi. Bir ta’lim muassasasida 0,5 stav­kadan kam bo‘lmasligi zarur. 

O‘quv yili davomida qonu­niy asosda ixtiyoriy badallar­dan kelib tushgan — bud­jetdan tashqari topilgan mablag‘lar kam ta’minlangan oila farzand­lariga darsliklar, o‘quv qurollari yetkazib berish, bepul tushlik tashkil qilish kabi maqsadlarga yo‘nal­tirilishi lozim. Ota-onalar maktab va sinf fondi uchun pul yig‘ib beradi-yu, nima maqsadda sarflanayot­ganiga qiziqmaydi. 

Prezidentimizning 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq ta’limi boshqaruv tizimini takomil­lashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari  to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq maktab­larda Kuzatuv kengashlari tashkil etish belgilangan. Shu maqsadda Xalq ta’limi vazirligining 2018-yil 26-dekabrdagi buyrug‘iga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassa­sasining kuzatuv kengashi haqidagi namu­naviy nizom tasdiqlandi. Nizomga binoan, Kengash a’zolari yetti kishidan kam bo‘lmagan tarkibda tuziladi. Ular muassasani rivojlan­tirishning ustuvor yo‘na­lishlarini belgilashi, vaqti-vaqti bilan rahbariyatning mablag‘lardan foydalanish holati yuzasidan hisobot­larini tinglashi, o‘quvchilar va ota-onalarning muro­jaatlarini ko‘rib chiqishi, budjetdan tashqari va homiylik asosidagi mab­lag‘lar maqsadli sarfla­nishida shaffoflikni ta’min­lashi lozim.  

— Tumanimizda budjet­dan tashqari topilgan mablag‘ni taqsimlash bo‘yicha maxsus dastur va kalkulyatsiya sxe­masi ishlab chiqildi, — deydi Chilon­zor tumani xalq ta’limi bo‘limi huquq­shunos-konsul­tanti Anvar Bozorov. —  Hozir loyiha 8 ta maktabda tajriba-sinovdan o‘tkazilyapti. Bu dastur direktorning menejer sifatida faoliyat yuritishiga ko‘mak beradi. Barcha hisob-kitob qonunda ko‘zda tutilgan me’yorlarga asos­lanadi, jumladan, bu-djetdan tash­qari topilgan mablag‘ning 5 foizi davlat g‘aznasiga tushi­riladi. Majburiy pul yig‘ish va mak­tabda naqd pul aylan­masi bilan bog‘liq muammo hal etildi. Har bir to‘lov uchun kvitansiya beriladi. Kuzatuv kengashi mab­lag‘larning sarf­lanishi bo‘yicha jamoaga hisobot berib boradi.   

Afsuski, o‘rganishlar davo­mida ayrim maktab­larda ota-onalardan ixtiyo­riy-majburiy tarzda pul yig‘ish holati hamon uchrab turishi ma’lum bo‘ldi.  

Yunusobod tumanida istiqomat qilayotgan Munira Abdusalomova (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) 257-maktabda ikki nafar farzandi ta’lim olishini ta’kidlab, har oy fond uchun 20 ming so‘m to‘lashini aytdi. 

— Ota-onalar o‘zlari ixtiyoriy tarzda fond uchun mablag‘ yig‘ayotgan bo‘li­shi mumkin, — deydi maktab direktori Anjelika Islomova. — Ammo bu pullar maktabning hisob raqamiga tushmaydi, nimalarga sarflanishini har bir sinfda tayinlangan ota-onalar qo‘mitasi raisi mustaqil hal qiladi. 

—    Kuzatuv kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yil­ganmi? 

— Yo‘q, hozircha bu kengash tashkil etilgani yo‘q. Endi yig‘ilish o‘tkazib, ken­gash a’zolarini say­laymiz. 

Maktab fondi uchun pul yig‘ilishini inkor etgan direktor sinflardagi yig‘im xarajatlarini ota-onalarning xohishiga yo‘yish bilan gapni qisqa qildi. To‘g‘ri-da, ota-onadan o‘z qo‘li bilan pul olmagandan keyin uning nazoratini ham kimgadir yuklab, vaziyatdan oson chiqish mumkin. Ota-onalar qo‘mitasi barchadan belgi­langan mablag‘ni undi­rishga qodir. Agar pulni o‘qi­tuvchi emas, ota-onalardan biri yig‘sa, o‘quvchilarning uyi­dagi shart-sharoit, oilasi­ning ijtimoiy ahvoli haqida o‘ylash uchun ma’naviy mas’ullik hech kimning zimmasiga tushmaydi. 

Eng yomoni, ota-onani pul to‘lashga majburlashning yo‘llari ko‘p. Masalan, o‘qi­tuvchi pul to‘lamagan  o‘quv­chini sinf oldida kam­sitadi (masalan, «Butun sinf to‘la­diy-u, bitta sen to‘la­mading»). Ota-ona pul bermagani uchun o‘quvchiga bosim tushadi. O‘z navbatida, bun­dan bezgan o‘quvchi ham ota-onasini pul to‘lashga majbur qiladi. 

Xuddi shunday noxush vaziyatni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 120-maktab o‘quvchisining onasi Oqila Fozilova (ism-familiyasi o‘zgartirilgan), Yashnobod tumanidagi 166-maktabda nabirasi ta’lim olayotgan Nodira Jo‘rayeva (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) ham ta’kidladi. Ular bayramlardagi “yig‘-yig‘”lardan norozi. Biz tilga olgan maktablarda ikki ming nafarga yaqin va undan ham ziyod bola ta’lim-tarbiya olishini inobatga olsak, bir oyda o‘rtacha 20 million so‘mdan 40 million so‘m-gacha mablag‘ yig‘iladi. 

Yashnobod tumanidagi 23-maktabning  5- va 8-sinfida farzandlari ta’lim olayotgan Mahbuba Ubaydullayevaning aytishicha, har ikki sinf uchun ota-onalardan ixtiyoriy ravishda turli miqdorda mablag‘ yig‘iladi, bir sinfdan o‘rtacha 15—18 nafar o‘quvchi fond puli beradi. U sinf ota-onalar qo‘mitasi raisi sifatida daftarga kim qancha berganini yozib boradi, shundan xona uchun kerak bo‘ladigan supurgi, qog‘oz-qalam, chelak, kir yuvish kukuni olinadi. Ba’zan farrosh uchun qo‘shimcha mablag‘ yig‘iladi. Ammo ota-onalar shartnoma tuzish, yig‘ilish bayon­nomasini yozish, kuzatuv kengashini xabardor qilish yoki maxsus hisobraqami­ga pul o‘tkazish haqi­da hech bir ma’lumotga ega emas. Yaqinda sinfxona­ning pol qismini ta’mirlash uchun ota-onalardan 25 ming so‘mdan yig‘ilgan.  

— Maktabimizda to‘rt yil avval qo‘shimcha bino qurilib,  o‘quv xonalarimiz ta’mir­langan, — deydi mak­tab direktori Nozima Roziqova. —  Binoning tom qismi, isitish quvurlari, eshik-romlarning holati yaxshi. Ba’zida ota-onalar ko‘magiga tayanamiz. 8-sinf xonasining pol qismida muammo bo‘lgani uchun o‘quvchilarning ota-onalari o‘zaro kelishgan. Muassasa­mizda o‘tiladigan qo‘shimcha darslar va to‘garaklar hisobidan maxsus hisob-raqamga o‘tgan oyda 400 ming so‘m atrofida mablag‘ tushgan. Odatda, o‘quv yili yakunida bu mab­lag‘ni mak­tabning joriy ta’miri uchun sarflaymiz. 

Maktab direktoridan kuza­tuv kengashi nazorati hamda mablag‘lar bilan bog‘liq ma’lumot so‘ragani­mizda u aniq izoh ham, hujjat ham taqdim etolmadi. 

Yosh avlod kelajagiga davlatimiz ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlik zamirida faqat ularning bilimli bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Shunday ekan, eskicha, qarashlar va odat­lardan voz kecholmayotgan ayrim rahbar xodimlarning mas’u­liyatli bo‘lishini istardik.  

Shoira BOYMURODOVA

2019 yil, 6 fevral

“Ma’rifat” gazetasi 10-son

Бошқа хабарлар