TA’LIM NASHRLARIGA OBUNA UYUSHTIRGANLIKDA AYBLANIB ISHDAN BO‘SHATILGAN DIREKTOR VAZIFASIGA VAQTINCHA QAYTGANI ROST(MI?)

443

 “Bir necha kun o‘tgach, ur-to‘polon boshlandi. Meni boshqarmaga chaqirishdi. Boshqarma boshlig‘i xonasida Xalq ta’limi vazirligining xodimi Otabek Ibragimov men bilan suhbat­lashdi. Bo‘lgan ishlarni aytdim. Ammo vazirlik muta­xassisi meni tushunishni xohlamadi. “Sen Prezident topshirig‘ini bajarmagansan. Hatto maktabda ishlashga ham noloyiqsan”, dedi. Shundan so‘ng yozma tilxat olib, ketishga ruxsat berdi. Ularning talabiga ko‘ra, maktabga kelib, zudlik bilan xonamni bo‘shatdim. 10 soat dars berishlarini iltimos qildim. Bu iltimosim inobatga olindi. Keyin fevral oyida OAVda Xalq ta’limi vazirligi­ning axboroti e’lon qilindi. Mahalla-ko‘y, qavm-qarin­doshlar oldida yuzim shuvut bo‘lgani yetmagandek, endi butun respublikaga yomon­otliq bo‘ldim. Nahotki, umrim­ni, hayotimni o‘qituv­chilik kasbiga baxsh etsam-u, evaziga topganim shu bo‘lsa, deb qon yig‘ladim…”.

Maqolani to‘liq quyida o‘qing.

 

YANGIYO‘LLIK MAKTAB DIREKTORI VAZIFASIGA TIKLANDI

u ta’lim nashrlariga obuna uyushtirganlikda ayblanib ishdan bo‘shatilgan edi

Shu yilning 11-fevralida Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati Yangiyo‘l tumanidagi 10-maktab direktori Shavkat Rizayev majburiy obunaga yo‘l qo‘ygani uchun lavozimidan bo‘shatilgani haqida xabar bergan edi. 

Jumladan, axborotda 10-maktab o‘qituvchilarining obunaga majburlanganlik holati o‘rganilgani, maktab direktori har bir pedagog xodimga joriy yil yanvar oyi uchun ish haqini naqd pul ko‘rinishida olishini ma’lum qilgani, ularni obunaga majburlagani va bu harakat­lari bilan o‘z lavozim majburiyatlarini buzgani ta’kid­langan. Natijada Tosh­kent viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘iga asosan direktor bilan tuzilgan mehnat shart­nomasi bekor qilingan… 

Yaqinda tahririyatimizga ishdan bo‘shatilgan direktor lavozimiga qayta tiklangani haqida xabar keldi. Ammo bu gal Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lumotni rasman e’lon qilmadi. Savol tug‘iladi, maktab direktori aslida aybsizmidi? Unda nega u ishdan bo‘shatildi? 

Biz masalaga oydinlik kiritish maqsadida Yangiyo‘l tumanidagi 10-maktabga bordik. Haqiqatan ham, Shavkat Rizayev 25-mart kuni maktab direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlanibdi. 

“Men hech kimni gazeta-jurnallarga obuna bo‘lishga majburlamagandim, — deydi Shavkat Rizayev. — Aslida voqea boshqacha bo‘lgan. Xaba­ringiz bor, Prezidenti­mizning tashabbusi bilan o‘qituvchilar nufuzini oshirish maqsadida ular jamoat ishla­ridan ozod qilindi, ortiqcha qog‘ozbozlikka barham berildi va majburiy obuna taqiqlandi. Xalq ta’limi vazirligining sa’y-harakati bilan bu vazifalar ijrosi ta’minlanmoqda. Ammo tajribamda ko‘rdimki, ijro xodimlarining o‘zlari islohotlar  mohiyatini to‘liq tushunib yetishmagan… 

O‘sha voqeaga to‘xtalsam. Jamoamizda navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi. Unda obu­na masalasi ham ko‘ta­rildi. Men majburiy obuna taqiqlan­ganini, agar kimda-kim xoh­lasa, ixtiyoriy tarzda o‘zi ista­gan gazeta-jurnalga obuna bo‘lishini bildirdim. Shundan so‘ng aksariyat pedagoglar biror nashrga bir kishi yakka holda obuna bo‘lishi moddiy jihatdan og‘irlik qilishini, shu sabab, o‘zaro kelishib, oylik ish haqlaridan faqat ta’lim nashrlariga yozilishini aytishdi. Men ham rozi bo‘ldim. Hisoblasak, ta’lim nashrlari — “Ma’rifat” gazetasi, “Bosh­lang‘ich ta’lim”, “Xalq ta’limi”, “Maktabda kimyo”, “Pedagog minbari”, “Maktabda biolo­giya”, “Sinf rahbari”, “Infor­matika va matematika” jurnal­lari obunasiga  bir million so‘m atrofida mablag‘ kerak bo‘larkan. Bu dekabr oyida­gi gap. Yanvarda o‘qituv­chilar o‘z ixtiyori bilan oylik ish haqidan 26 ming so‘mdan yig‘di. Ammo pulni men qo‘limga ushlamaganman. 

Bir necha kun o‘tgach, ur-to‘polon boshlandi. Meni boshqarmaga chaqirishdi. Boshqarma boshlig‘i xonasida Xalq ta’limi vazirligining xodimi Otabek Ibragimov men bilan suhbat­lashdi. Bo‘lgan ishlarni aytdim. Ammo vazirlik muta­xassisi meni tushunishni xohlamadi. “Sen Prezident topshirig‘ini bajarmagansan. Hatto maktabda ishlashga ham noloyiqsan”, dedi. Shundan so‘ng yozma tilxat olib, ketishga ruxsat berdi. Ularning talabiga ko‘ra, maktabga kelib, zudlik bilan xonamni bo‘shatdim. 10 soat dars berishlarini iltimos qildim. Bu iltimosim inobatga olindi. Keyin fevral oyida OAVda Xalq ta’limi vazirligi­ning axboroti e’lon qilindi. Mahalla-ko‘y, qavm-qarin­doshlar oldida yuzim shuvut bo‘lgani yetmagandek, endi butun respublikaga yomon­otliq bo‘ldim. Nahotki, umrim­ni, hayotimni o‘qituv­chilik kasbiga baxsh etsam-u, evaziga topganim shu bo‘lsa, deb qon yig‘ladim. 

Maktabga 2006-yili direktor bo‘lganman. O‘shan­da ahvol juda achinarli edi. 315 o‘rinli binoda sifatli ta’lim olish uchun sharoit yetish­masdi. Sport zali yo‘q edi. Direktor bo‘lib ish boshlagan ilk kunlarimdanoq, mana shu muammolarga yechim qidira boshladim. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga oylab qatna­dim. Nihoyat, maktabimiz 2016-yilgi Investitsiya das­turiga kiritildi.  Qurilishni “Chinoz PMK- 33” qurilish korxonasi olib bordi. Yangi o‘quv yiliga oz vaqt qolgandi. Shu bois, quruvchilardan ilti­mos qilib, ishni ikki smenada tashkil etdik. Minnat emas-u, ularning kechki taomini ham o‘z hisobimdan qildim. Kecha­­lari quruvchi­larga ko‘mak­­lashdim. Maq­sad qurilish ishlarini yangi o‘quv yiligacha tamomlash edi. Ming shukr, harakatlarimiz besamar ket­madi. Belgilangan mud­dat­da qurilish yakuniga yetgach, maktabni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash muammosi paydo bo‘ldi. Bu murakkab ish katta mablag‘ talab qilardi. Chunki qishlog‘i­mizda ichimlik suvining o‘zi yo‘q edi. Qolaversa, maktabni ichimlik suvi bilan ta’minlash Dasturga kiritilmagan ekan. Qurilish korxonasi rahbari Ahmadali Xudoyberganov bilan masla­hat­lashib, muam­moga yechim qidirdik. U ham mard inson ekan. Garchi bu ish uchun mablag‘ ajratil­magan bo‘lsa-da, maktab uchun yordam qildi. 110 metr chuqurlikdan toza ichimlik suvi chiqarib berdi. Buning uchun, adash­masam, 70 million so‘m sarf­landi. Kamiga mahalla fuqa­rolar yig‘ini ham ko‘mak­lashdi. Nihoyat, maktabimiz toza ichimlik suvi bilan ta’min­landi. Bundan qishloq ahli ham xursand bo‘ldi. Hozir ular ham shu quduqdan foyda­lanadi. 

Boshimga og‘ir tashvish tushganda, mehnatlarimni jamoamiz qadrladi. Ular meni yolg‘izlatib qo‘ymadi. Hatto o‘quvchilar, mahalla ahli ham meni himoya qildi. 

Shu ko‘ngilsizlikdan keyin  yon-atrofdagi maktab direk­torlari menga qo‘ng‘iroq qilib, qaysi gazeta-jurnallarga obuna “uyushtirilgani”ni so‘radi. Faqat ta’lim nashr­lariga ekanini aytganimdan keyin ular ham qo‘rqib, shu nashrlar uchun obunaga targ‘ibotni to‘xtatishdi… 

Mutasaddilarning nohaq qaroridan norozi bo‘lgan maktab jamoasi asl voqeani bayon etib, O‘zbekiston  Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherboyevga, Prezident Adminstratsiyasiga murojaat yo‘lladi: 

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-avgustdagi qaroriga ko‘ra, majburiy obuna taqiqlangan. Shu bois, biz o‘z xohishimizga ko‘ra, pedagog xodimlar uchun metodik qo‘llanma sifatida hamda ta’limdagi yangiliklardan xabardor bo‘lish maqsadida  2018-2019-yil uchun 8 nomdagi, jumladan, “Ma’rifat” gaze­tasi, “Boshlang‘ich ta’lim”, “Xalq ta’limi”, “Maktabda kimyo”, “Pedagog minbari”, “Maktab­da biologiya”, “Sinf rahbari”, “Informatika va matematika” jurnallariga  pedagogik jamoa roziligiga ko‘ra, har bir xodimdan 26000 (yigirma olti ming) so‘mdan yig‘ib, obuna bo‘ldik. O‘z xohishimizga ko‘ra obuna bo‘lsak-da, 2019-yil 17-yanvar kuni maktab direktori Shavkat Rizayev pedagog xodimlardan obuna­ga majburiy tartibda pul yig‘ishda ayblanib, egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 

Rizayev Shavkat Rixsi­boyevich 2006-yil 12-sen­tabr­­da maktab direktori etib tayinlangan. 2006-yili ta’lim muassasasida o‘quv­chilar soni 353 nafarni tashkil etgan. 

2016-yili maktab direktori­ning sa’y-harakati bilan qayta qurildi. O‘quvchilar sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Hozirgi kunda ta’lim muassa­sasida o‘quvchilar soni 655 nafarni tashkil etadi. Maktabi­mizda qamrov kundan kunga oshib bormoqda. 

10-maktab jamoasi o‘z xohishimizga ko‘ra, pedagog xodimlar uchun metodik qo‘llanma sifatida hamda ta’limdagi yangiliklardan xabardor bo‘lish maqsadida obuna bo‘lsak, maktab direktorining egallab turgan lavozimidan ozod etilishi to‘g‘rimi? Hozir pedagogik jamoa hamda ota-onalar, o‘quvchilar tushkun kayfiyatga tushib qolgan”. 

Bu murojaatga maktabning 34 nafar o‘qituvchisi imzo qo‘ygan. 

Mavzu yuzasidan pedago­gik jamoa a’zolari fikri bilan ham qiziqdik. 

Nazira Tolipova, geo­g­ra­fiya fani o‘qituvchi: 

—  O‘z xohi­­shi­miz bilan zarur nashr­larga obuna bo‘lganmiz. Hech kim bizni majburla­magan. Aksincha, ta’lim nashrlari faoliyatimizda juda zarurligini aytganmiz. Yana bizda rus tili o‘qituvchi­lari Учитель Узбекистана gazetasiga obuna bo‘li­shardi. Shu gazetadan darslarida foydalanishardi. Hozir ular ham nima qilishga hayron. Oddiy dars ishlanma, ochiq dars, metodik tavsiya­lar, ta’limga oid yangiliklarni qayerdan olishni bilmayapmiz. Internetdan foydalanishga hammaning ham imkoniyati yo‘q. Qizig‘i, direktorni ayblaganlar “U majburiy obunaga yo‘l qo‘ydimi?”, deb bizdan so‘ramadi ham. Direktor ishdan bo‘shatil­gandan keyin ota-onalar ham e’tiroz bildirdi. “Axir, shikoyat bo‘lsa, u avval o‘rganiladi, ikki tomon ham tinglanadi. Nima uchun maktabda bo‘lib o‘tgan holatni hech kim o‘rganmay, sizlardan so‘ramay, qaror chiqardi?!”, deyishdi. 

Sharifa Mirboboyeva, o‘qituvchi: 

— Har bir o‘qituvchi ta’lim nashrlariga obuna bo‘lishi kerak. Ammo bu yil shu imkoniyatdan mahrum bo‘lib o‘tiribmiz. Birgalashib yozil­gandik, obunamizni bekor qilib yuborishdi. Bu voqea o‘quvchilarning ruhiyatiga ham salbiy ta’sir qildi. Misol uchun, 2018-yili 10-sinf o‘quvchisi Amirxon Nishonov chizmachilik fanidan fan olimpiadasining respublika bosqichida qatnashgandi. Shuningdek, o‘quvchilarimiz ingliz tili, matematika fanidan tumanda 1-o‘rinni olib, viloyatda ishtirok etgandi. Bu yil esa birorta o‘quvchi tumanda ham yaxshi qatnash­madi. Bu tanlovlar na o‘qituvchilarning, na o‘quvchi­larning ko‘ngliga sig‘di! 

Suhbat davomida o‘qituv­chilar shu voqeadan keyin ta’lim nashrlarining obunasi uchun yig‘ilgan pullar  qayta­rib berilganini ta’kidlashdi. Achinarlisi, barcha muallimlar ta’lim nashrlariga o‘zlari xohlab obuna bo‘lishni istashsa-da, gazeta-jurnallar­siz qolishibdi. 

Maktab o‘qituvchilarining bizdan so‘ragani shu bo‘ldi: “Majburiy obuna taqiqlandi. Bundan quvondik. Ammo bizga zarur bo‘lgan matbuot nashrlariga o‘z ixtiyorimiz bilan pul yig‘ib, obuna bo‘lay­lik, desak bizni jazolashdi. Majburiy va ixtiyoriy obuna aslida nima ekanini bizga tushuntirib bering!”. 

Pedagoglarning bu savo­liga Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari aniqlik kiritishini so‘rab qolamiz. 

Tahririyatdan: Afsuski, bu shu masala bo‘yicha birinchi va oxirgi hodisa emas. Qo‘limizda yana bir necha murojaat turibdi. Hozir ular o‘rganilish jarayonida…  


Xayrullo ABDURAHMONOV, 

Dilshod RO‘ZIQULOV, 

“Ma’rifat” muxbirlari

2019-yil 3-aprel, 25son

“M a’rifat” gazetasi

Бошқа хабарлар