QIShLOQ XO'JALIGI SOHASIDA KADRLAR MASALASI QANDAY?

365


Mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri – agrar sohani barqaror rivojlantirish xalqimiz turmushi farovonligini ta`minlashda muhim o'rin tutadi.

Mamlakatimiz agrar sohasi tarmoqlari uchun vazirlik tizimidagi oliy ta`lim muassasalarida zamon talablariga javob bera oladigan malakali mutaxassislar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohaning asosiy vazifalaridan biri sanaladi.

 Milliy matbuot markazida o'tkazilgan matbuot anjumanining asosiy maqsadi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat bo'ldi. Unda ish beruvchi vazirlik va idoralar vakillari, qishloq xo'jaligi yo'nalishidagi oliy ta`lim muassasalari professor-o'qituvchilari, magistr va doktorantlar ishtirok etdi.

Bugungi kunda qishloq xo'jaligi sohasiga Toshkent davlat agrar universiteti va uning Andijon, Nukus va Termiz filiallarida mutaxassis kadrlar tayyorlanmoqda.

Ushbu muassasalar xorijning 50 dan ortiq nufuzli oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatishgan. 8 ta xorijiy universitet bilan qo'shma ta`lim dasturlari tashkil etilib, ikki tomonlama tan olinadigan diplomlar berish tartibi joriy etilgan.

Toshkent davlat agrar universitetida Germaniyaning Valshtefan amaliy fanlar universiteti bilan qo'shma ta`lim yo'nalishi tashkil etilganini e`tirof etish joiz. Unda agrar menejment mutaxassisligi bo'yicha magistrlar tayyorlanmoqda. Mazkur yo'nalishning o'ziga xosligi shundaki, o'quv dasturlari, rejalari hamda dars jarayonlari Germaniya uslubi va nemis tilida olib boriladi. Talabalar Germaniyada amaliyot o'tab kelganidan so'ng bizda mavjud bo'lgan muammolarni hamkorlikda yechish imkoniyatiga ega bo'lishadi.

Qishloq xo'jaligida olib borilayotgan chuqur islohotlar talablaridan kelib chiqqan holda oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash bo'yicha olib borilayotgan ishlar sifatini ham yuqori darajaga ko'tarish lozim. Bu xususda oziq-ovqat xavfsizligi sohasida mutaxassislar emas, balki ular jamoasi ishlashi ahamiyatlidir. Standartlashtirish, logistika, qayta ishlash, saqlash, eksport yo'nalishlaridagi mutaxassislarning sohaviy malakalari yuqori bo'lishi bilan birga, ular innovasion texnologiyalardan talab darajasida foydalana bilishi talab etiladi. Xorijiy universitetlar bilan yo'lga qo'yilgan qo'shma ta`lim dasturlari ana shunday har tomonlama chuqur bilimga ega bo'lgan mutaxassislarni tayyorlaydi. 

Anjumanda ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Muqaddas RAZZOQOVA,

“Ishonch”  muxbiri

Boshqa xabarlar