Quyoshga qiyosdir ne`matlar ichra

370

Ona sutining afzalliklari xususida nimalarni bilamiz?

Farzand – ulug' ne`mat. Ota-onaning ezgu orzu­si, quvonchi, baxti. Har bir ota-ona farzandining sog'lom bo'lib o'sib ulg'ayishini istaydi. Chaqaloq dunyoga kelishi bilan ona ko'k­si­ga yotqiziladi. Kichkintoy ko'z ochiboq ona sutidan bah­ramand bo'ladi. Xo'sh, ona sutining afzalliklari nimada? U qanday xususiyatlari bilan avlod barkamolligini ta`minlashga xizmat qiladi?

Ona sutining ahamiyati xususida fiziolog olim, biologiya fanlari doktori Shoniyoz QURBONOV bilan suhbatlashdik:
– Ona suti bolani sog'lom va baquvvat rivoj­lanishi uchun eng muhim ozuqadir, – deydi suhbatdoshimiz. – Uning tarkibida bola o'sishi va rivojlanishi uchun kerakli barcha ozuqalar mukammaldir, ona suti suyuq, yengil hazm bo'luvchi va yetarli kaloriyaga ega, turli mikroblardan xoli, pishirish va isitish talab qilmaydigan tayyor ozuqadir.
– Buyuk tib olimi Abu Ali Ibn Sino ona sutini quyosh nurlariga qiyos qilgan. Yer yuzidagi barcha tirik mavjudot bilan o'simliklar dunyosi uchun quyosh nuri qanchalik zarur bo'lsa, o'sayotgan bola uchun ona suti shunchalik zarur hisoblanadi. Bu uning tarkibi bilan bog'liq bo'lsa kerak, albatta?
– Ona suti o'z tarkibi, shifobaxshligi, ekologik tozaligi jihatdan boshqa moddalar bilan almashtirib bo'lmaydigan darajadagi noyob ozuqadir. Ona suti tarkibida yosh organizmning o'sib ulg'ayishi uchun zarur, oson hazm bo'ladigan oziq moddalar (oqsillar, yog'lar, karbon suvlar) biologik faol moddalar, fermentlar va mineral moddalar mavjud. Sut tarkibidagi oqsillar, yog'lar juda tez hazm bo'ladi. Shuningdek, sutdagi karbon suvlar energiya manbai hisob­lanadi va bolaning ichak mikroflorasini yaxshilaydi. Shuning uchun ona sutidan bahramand bo'lgan bola organizmi yaxshi o'sadi, jismoniy va aqliy jihatdan barkamol bo'lib yetishadi.
– Ona sutining vitaminlarga boy va oson hazm bo'lishiga qaramay, emizikli bolalarning kasalliklarga chalinish hollari ham uchrab turadi. Buning sababi nimada?
– Ona sutida turli viruslar va mikroblarga qarshi kurashadigan moddalar mavjud. Ayniqsa, og'iz sutiga to'yingan bola organizmi yaxshi rivojlanadi. Tashqi ta`sirlarga chidamli bo'ladi. Ona sutidagi lizosim moddasi bolaning organizmidagi mikroblarni o'ldirib, foydali ­mikroblarni himoya qiladi. Bundan tashqari, ona sutida turli kasalliklardan muhofaza qilib turadigan moddalar anchagina. Shunga qaramay, bola ba`zan haroratning ko'tarilishi, och qolish, to'yib ovqatlanmaslik, onaning ovqatlanish rejimiga rioya qilmasligi va boshqa sabab­lar natijasida kasallikka chalinishi mumkin. Ba`zan sutdagi shakar molekulalari hazm bo'lmay qoladi-yu natijada bolaning ichi ketib, yosh organizm o'sishdan to'xtaydi va ozib ketadi. Bunday noxushliklarning oldini olish uchun ona ovqatlanish rejimiga jiddiy rioya qilishi va bolani ham vaqtida emizishi zarur.
– Bolalarda uchraydigan ba`zi xastalik­larni ona homiladorligi davri bilan bog'laydilar…
– Ona homiladorlik paytida iste`mol qiladigan ovqatda surunkali holda oqsil taqchilligi kuzatilsa, ulardan tug'ilgan bolalarning oshqozon-ichak tizimida ham asosiy oziq moddalar, jumladan, sutning hazm bo'lishi zaiflashadi. Shuning uchun ona homiladorlik vaqtida ovqatlanishga va boshqa tartiblarga amal qilishi, asabiylashmasligi shart.
– Sigir suti ayol suti o'rnini bosa olmaydi, deyishadi. Shu haqida ham to'xtalsangiz?
– Ayol suti oqsillarining tarkibi jihatidan sigir sutidan farq qiladi. Ayol sutida oqsillar (albumin bilan globulin) ko'proq bo'ladi. Agar ayol sutida albumin bilan globulin umumiy oqsil miqdorining 69,7 foizini tashkil etsa, sigir sutida 22 foizni tashkil etadi. Ayol suti tarkibida lipaza fermenti sigir sutinikidan 15-20 barobar faolroqdir. Mineral moddalar va ­mikroelementlarning miqdorida ham farq bor. Ayol sutida temir miqdori sigir sutidagidan 2-3 barobar, shakar miqdori esa 2 barobar ko'p. Shuning uchun ayol suti bolalar organizmida tezroq hazm bo'ladi.
Ona sutidagi kislotalar oziq moddalarni singdirishda va bola organizmini kasallik­larga qarshiligini kuchaytirishda muhimdir.
– Hayotda shunday holatlar ham bo'ladiki, ba`zi onalarning suti yetishmaydi. Natijada bola sun`iy ovqatlantiriladi. Ular ona sutining o'rnini bosa oladimi? 
– Bugungi zamonaviy texnologiyalar asrida ham hali ona sutining o'rnini bosa oladigan bolalar qorishmasi yaratilganicha yo'q. Ko'p yillik kuzatish­lar natijasida shu narsa aniq bo'ldiki, ona sutini emgan bolalarning aqliy faoliyati sun`iy oziqlantirilgan bolalarnikiga nisbatan yuqori bo'ladi. Ma`lum sabablarga ko'ra bolani sun`iy ovqatlantirishga to'g'ri kelsa, eng avvalo, bolalar qorishmasining yo'riqnomasiga e`tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.
Demak, ona suti tabiat in`om etgan beqiyos, mo'`jizakor ne`mat hisoblanadi. Shunday ekan, bu noyob ozuqadan go'daklarimiz bahramand bo'lib o'sishsin.

Suhbatdosh:
Sodiq MO'MINOV

Boshqa xabarlar