Aholi punktiga yaqin gaz va benzin “zapravka”lari xavfsiz hududlarga ko'chirilishi mumkin
Fuqarolar hayoti va sog'lig'iga xavf tug'diradigan, jamoat xavfsizligi hamda shaharsozlik normalariga va qoidalariga javob bermaydigan yonilg'i quyish shoxobchalari 2026 yil 1 aprelga qadar xavfsiz hududlarga ko'chirilishi mumkin. vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo'yildi.
Loyihaga ko'ra, Qoraqalpog'iston Respublikasi vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda 2026 yil 1 martga qadar shoxobchalarda o'tkazilgan xatlov natijalaridan kelib chiqib, ularning faoliyatini belgilangan minimal talablarga muvofiqlashtirishi belgilangan.
2026 yil 1 aprelga qadar fuqarolar hayoti va sog'lig'iga xavf tug'diradigan, jamoat xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilish, sanoat va yong'in xavfsizligi hamda shaharsozlik normalari va qoidalariga, jumladan muhofaza zonalari talablariga javob bermaydigan shoxobchalarni xavfsiz hududlarga ko'chirish choralari ko'rilishi, bunda shoxobchalarni ko'chirish yoki buzish bilan bog'liq xarajatlar qonunchilikda belgilangan tartibda kompensatsiya qilinishini nazarda tutilmoqda.
Qaror loyihasida ko'chiriladigan shoxobchalar uchun yer maydonlari infratuzilmalarga ega bo'lgan hududlardan ajratib berilishi; shoxobchalar o'z faoliyat turini o'zgartirish istagini bildirgan taqdirda, ularga shoxobcha joylashgan hududda qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa faoliyat turi bilan shug'ullanishga ruxsat etilishi; avtomobillarga gaz to'ldirish kompressor shoxobchalari xavfsiz hududlarga ko'chirilgan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda ularga istisno tariqasida mavjud infratuzilmalarga (gaz tarmoqlari, elektr energiyasi va boshqalar) ulanishga texnik shartlar berilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, shoxobchalar joylashgan hududlar himoya maydonlari atrofida shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq bo'lmagan boshqa ob'ektlar qurilishi uchun yer maydonlari ajratilishi qat'iyan taqiqlanishi ham belgilab qo'yilmoqda.




Mақолага баҳо беринг
0/50
0
0
0
0