Yangi saylangan Rim Papasi inauguratsiyasida O'zbekiston vakili ham qatnashdi
Kecha, 18-may kuni Vatikanda Rim Papasi Lev XIV ning rasman lavozimga kirishish marosimi bo'lib o'tdi.
“Dunyo” AA bergan xabarga ko'ra, unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov ham O'zbekiston tomonidan rasmiy vakil sifatida qatnashgan.
“Tadbirda qatnashish uchun butun dunyo bo'ylab jami 250 ming kishi Vatikan maydoni va uning atrofiga yig'ildi.
Marosimning rasmiy qismi yakunlanganidan so'ng Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov yangi saylangan Rim Papasini tabriklab, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning iliq salomlarini yetkazdi”, – deyiladi xabarda.
O'z navbatida, yangi Rim Papasi O'zbekiston rahbariyati va xalqiga chuqur minnatdorlik bildirgan.
Marosimda 156 ta xorijiy mamlakat, qirollik uylari va diniy konfessiyalardan delegatsiyalar vakillari qatnashdi.
Eslatib o'tamiz, joriy yil 26-aprel kuni Vatikanning Avliyo Pyotr maydonida bo'lib o'tgan Rim papasi Frantsiskning dafn marosimida O'zbekiston tomonidan rasmiy vakil sifatida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoev qatnashgan edi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0