Germaniyadagi vatandosh: «Bolalarim oyoq kiyimimni cho'miltirdim, desa, nimadir yetishmayotganini sezamiz…»
Men Ma'rifat Nurmatova. Tug'ilib o'sgan joyim Shahrisabzdagi o'rta-maktab va akademik litseyni tamomlab, O'zMUning jurnalistika fakul'tetini bitirganman. Talabalikdanoq ishlashni boshlaganim uchun, OAVning deyarli barcha sohalarida – TV, radio va gazeta tahririyatlarida faoliyat yuritdim. O'quvchilik davrimda ikkita she'riy kitobim chop etilgan.
Taqdir taqozosi bilan Germaniyada o'qib yurgan samarqandlik yigitga turmushga chiqdim. To'yimizdan so'ng, xo'jayinim magistraturada o'qiyotganliklari sababli men ham Germaniyaga ko'chib bordim. Shu yerda birin-ketin uch farzandli bo'ldik. Hozirda 9, 8 yoshli ikkita o'g'li va 4 yoshli qizimiz bor.
O'n yildan beri Germaniyadamiz, bu orada nemis tilini o'rgandim, turli til va kasbiy-malaka oshirish kurslarini tamomladim. Hozirda Hamburg shahridagi "Unternehmer ohne Grenzen" ("Сhegara bilmas tadbirkorlar") tashkilotida faoliyat yurityapman.
Migrantlarni qo'llab-quvvatlash tashkiloti
Tashkilotimiz Hamburgdagi notijorat tashkilot bo'lib, u biznesni boshlashni rag'batlantirish, mahalliy iqtisodiyotni mustahkamlash, migrantlar va ayollarning professional integratsiyasiga e'tibor qaratadi. Tashkilot muassislar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va kichik biznes uchun quyi darajadagi, madaniy-ilmiy maslahatlar va treninglar taklif qiladi hamda turli loyihalar orqali iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarda ishtirok etishga intiladi.
Faoliyatning asosiy yo'nalishlari quyidagilar:
"Ilk qadam" uchun maslahatlar. Ta'sischilarni, ayniqsa, migrantlarning biznes g'oyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish qo'llab-quvvatlanadi.
Biznes konsalting va trening. Bunda kichik va o'rta biznes, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun maslahat va treninglar, jumladan raqamlashtirish, buxgalteriya hisobi va moliyalashtirish kabi mavzularda seminarlar o'tiladi.
Ayollar ishtirokini rag'batlantirish. Xotin-qizlarning iqtisodiy hayotdagi ishtiroki faol qo'llab-quvvatlanadi.
Mahalliy iqtisodiyotni mustahkamlash. Mahalla boshqaruvi, joylashuv marketingi va mahalliy korxonalar tarmog'i kabi chora-tadbirlar.
Ota-onalarning ishtiroki va ta'limi. Tashkilotimizda “Ota-onalar uchun qo'llanmalar” kabi loyihalar tashkil etiladi. Bunda ta'lim tizimi va davlat idoralari bilan ishlash orqali migrant bo'lib kelgan oilalar qo'llab-quvvatlanadi.
Tarmoqlararo munosabatlar. Bu yo'nalishda tadbirkorlar, mahalliy aholi va yangi kelganlar o'rtasida almashinuv va tarmoq yaratish uchun platforma yaratish vazifalari bajariladi...
Qolaversa, tashkilotimiz yana bir qator loyihalar bilan ishlamoqda. O'z-o'zini ish bilan ta'minlovchilarni va kichik biznes vakillarini o'qitish hamda ularni bir-biri bilan bog'lashga qaratilgan «Lokal-aktiv», immigrant ota-onalarning o'z farzandlarini ta'limga yo'naltirishga mo'ljallangan va Germaniya ta'lim tizimi va imkoniyatlarini o'rgatuvchi «Ta'lim uchun mobil», tajribali ota-onalarning boshqa immigrant oilalarga individual va madaniy jihatdan yo'l-yo'riq, yordam hamda tavsiyalar berishini nazarda tutuvchi «Ota-onalar uchun qo'llanmalar» loyihalari shular jumlasidan.
Umumiy qilib aytganda, Germaniyada migrantlar oqimi yil sayin oshib borayotgani sababli, men ishlayotgan tashkilot kabilarni qo'llab-quvvatlaydi.
Buni faktlar bilan izohlaydigan bo'lsak, shaharlar va hududlar birinchi navbatda uy-joy, ijtimoiy xizmatlar, maktablar, bolalar bog'chalari va sog'liqni saqlash xarajatlarini o'z zimmalariga oladi. Hamburg taxminan 1,3 milliard yevro, Myunxen taxminan 0,8 milliard yevro, Berlin 2 milliard yevrodan ortiq mablag'larni yiliga migratsiya xarajatlari uchun ajratadi.
Umuman olganda, statistik ma'lumotlar shuni ko'rsatadiki, Germaniyaning barcha shaharlari va munitsipalitetlari migratsiya va integratsiyaga yiliga 12 milliard yevrodan ortiq mablag' sarflaydi.
"O'zbek Women Community"
Germaniyada yashovchi uch faol o'zbek ayoli – Begoyim Sodiq, Gulshoda Abdurahmon, Feruza G'ofurovalar tashabbusi bilan "O'zbek Women Community" kichik jamiyati tashkil etilgan. Ushbu klubda hozirda media targ'ibotchi vazifasida faoliyat yuritaman.
Klubning bunyod etilishidan maqsad olmon diyoriga ilm olish, tajriba orttirish maqsadida kelgan, yirik oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan, qolaversa, qisqa muddatda Yevropada o'z kasbiy kar'erasini bunyod etib ulgurgan opa-singillarimizni bir muhitda jamlash, Evropa diyorlarida o'zbek atmosferasini yaratish, vatandosh opa-singillar, oilalar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish kabi niyatlar ko'zda tutilgan. Klub tashabbusi bilan Germaniyaning turli hududlarida qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizga limmo-lim tarzda turli tadbirlar o'tkazib turiladi. Mustaqillik kuni, Hayit, Navro'z bayramlari, osh festivallari klubning odatiy tadbirlariga aylanib qolgan. Kelajakda klubimizning a'zolari va targ'ibot doirasini yanada kengaytirib, butun Evropadagi o'zbek ayollarini jamiyatimiz ostida birlashtirish niyatimiz bor.
Germaniyadagi o'zbekona muhit
Inson dunyoning qaysi burchagida bo'lmasin, ichdagi tabiiy fitrati tug'ilib o'sgan joyiga, ilk tuyg'ulari barq urgan makonga tortaveradi. Tobora globallashib, masofa va makon ahamiyatini yo'qotayotgan davrda, ilm va kasbiy istiqbol uchun vatandan chetga chiqishga ham to'g'ri keladi. Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz o'z yurtlaridan ayro yashayotgan bo'lishsa-da, bilim va mahoratlari, xalqimizga xos kamtarinlik, xushmuomalalik, mehmondo'stlik kabi madaniyatlari bilan nemislar, turli millatlar hurmatini qozonib kelishmoqda. Mamlakatimizni olmon diyorida tanitish, urf-odatlarimizni namoyon etish, qolaversa, vatandoshlarimizni birlashtirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish, tibbiy va tajribaviy yordam ko'rsatish, shu bilan birga, Germaniya va O'zbekiston o'rtasida mustahkam aloqa o'rnatish maqsadida turli jamiyatlar faoliyat yuritadi.
Shularning qatorida Uzbek Forum for Human Rights (Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston forumi) O'zbekistonda inson huquqlarini mustahkamlaydi, fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik qiladi, advokatlik bilan shug'ullanadi va jamoatchilik bilan aloqalar bilan shug'ullanadi.
Medizin-Gesellschaft Koch-Avicenna e.v. Germaniya va O'zbekiston o'rtasida tibbiy hamkorlikni rivojlantirish, almashinuv dasturlari va sog'liqni saqlash forumlarini taklif etadi.
Karavan e.v. Germaniyadagi diasporalar o'rtasida o'zbek madaniyati, tili va an'anaviy qadriyatlarini saqlash; maqsadida seminarlar, madaniy tadbirlar uyushtiradi.
Deutsch-Usbekischer Wirtschaftsrat (Germaniya-O'zbekiston ishbilarmonlar kengashi Germaniya va O'zbekiston kompaniyalari o'rtasidagi iqtisodiy muloqot platformasi; loyihalar va hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradi.
Men va oilam
O'n yildan beri Hamburgning tiqilinch qizg'ish tomlari ostida bir o'zbek lahjasida so'zlashadigan oila yashab kelmoqda. Uning oshxona fortochkalaridan Qashqadaryodan buyurtma qilingan zig'ir yog'li osh, turk do'konlaridan keltirilgan dumba yog'li manti-xonimlar hidi taralib turadi. Xalqimizga xos temperamentga to'la uch nafar to'polonchi, sho'x bolakayning qichqiriqlari, dam olish kunlarida qo'shnilarni lol qoldirib yo'lakda tizilib turgan o'ndan ziyod mehmon poyabzallar, mehmonxonadan taralayotgan qahqahaga to'la o'zbekona gurunglar kundalik hayot tarzimizga aylanib bo'lgan. Biror o'zbek mehmonga chaqirsa, tog'orada issiq somsalarni mashinaga ortayotganimni ko'rgan nemislar ham allaqachon o'zlarini qiziqtirgan savollariga javob olib bo'lishgan.
Bu bizning hayotimiz! Bu Evropadagi o'zbek oilasi hayoti!
Biroq, biroq... ba'zan bolalarimdan biri yugurib kelib, "Onajon futbolkam sinib ketdi" (yirtilib ketdi deyish o'rniga) yoki "oyoq kiyimimni cho'miltirdim" (yuvdim deyish o'rniga) desa, nimadir, nimadir... yetishmayotganini, qaerdadir kamchilik bo'layotganini sezamiz. Xo'jayinim bilan sof o'zbek tilida gaplashsak-da, baribir bu yetarli emasligini anglaymiz. Har yozgi ta'tilda yurtimizdan o'zbek tilida kitoblar olib kelamiz, ertaklar aytib beramiz. Mehmonlar kelganda hayiqmay kirib kelib, kattalar bilan baravar suhbat qurayotgan farzandlarimizni kuzatib, ularning o'ziga bo'lgan ishonchidan quvonsak, "nayn", ya'ni "yo'q" deya olishni ikkilanmay ayta olayotgani, o'z qarorini birlamchi hisoblashni o'rganib olishgani ba'zida qo'rqitadi ham. Kattaga hurmat, ota-onaga ehtirom bilan tarbiyalash uchun faqat nasihatning o'zi yetmasligini, muhitning ham katta ta'siri borligini anglab yetamiz.
Ma'rifat Nur fikrlarini Zebo Namozova oqqa ko'chirdi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0