Sayt test rejimida ishlamoqda
    Valyuta UZS
  • USD

    12 820.475.69

  • EUR

    13 470.4727.77

  • RUB

    122.26-1.24

+13C

+13C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Интервью
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Yangi O’zbekiston suratlari
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari

Toshkent Shahar

+13c

  • Hozir

    +13 C

  • 20:00

    +10 C

  • 21:00

    +7 C

  • 22:00

    +7 C

  • 23:00

    +6 C

  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Toshkent

Toshkent Shahar

Chorshanba, 27-November

+13C

  • Hozir

    +13 C

  • 20:00

    +10 C

  • 21:00

    +7 C

  • 22:00

    +7 C

  • 23:00

    +6 C

  • Chorshanba, 27

    +13 +20

  • Payshanba, 28

    +14 +20

  • Juma, 29

    +9 +20

  • Shanba, 30

    +8 +20

  • Yakshanba, 01

    +6 +20

  • Dushanba, 02

    +5 +20

  • Seshanba, 03

    +4 +20

  • Chorshanba, 04

    null +20

Hududlar

  • Toshkent Shahar
  • Andijon
  • Namangan
  • Sirdaryo
  • Surxandaryo
  • Qashqadaryo
  • Xorazm
  • Navoiy
  • Buxoro
  • Qoraqaplog’iston
  • Farg’ona
  • Toshkent vil.
  • Jizzax

LUZUMSIZ KO'ZLARDAGI DAHShAT yoxud yana zombilar haqida

170 21:24 | 25.11.2024 21:24

Necha zamonlardan beri sukunat og'ushida yotgan ko'hna qabriston qoq yarim tunda tuyqusdan larzaga keldi. Avvaliga katta-kichik mozorlar birin-sirin o'pirilib, chor-atrofni chang-to'zon qopladi. So'ngra tobutlar qasira-qusur sinib, ichidan murdalar qad rostlay boshladi. Ularning ko'rinishlari nihoyatda qo'rqinchli edi. Madorsizlikdan oyoqlarini zo'r-bazo'r sudrab bosardilar. Ust-boshlari xuddi poliz qo'riqchilarinikiday shalvirab, osilib turardi. Tosh qotgan yuzlarida biron-bir ma'no ifodasi sezilmasdi. Ko'zlari esa, dunyoning ishlaridan ajablangan ko'yi terak shoxiga ilinib qolgan to'lin oyning xira nurida sovuq yaltirardi.


Sharpa misoli sas-sadosiz harakatlanayotgan murdalar ko'p o'tmay bir joyga to'plandilar. Keyin g'oyibdan kelgan topshiriqni bajarishga shaylangan lashkardek safga tizildilar. To'da-to'da bo'lib, hov uzoqda ko'zga tashlanib turgan shahar tomon yo'l oldilar.


Indamaslar mamlakatidagi bu shovqin-suronsiz g'alayonlardan tiriklar mutlaqo bexabar edilar. Сhunki ayni damlarda ular g'aflat uyqusida yotardilar...



Aziz mushtariy, aslo vahimaga berilmang, ortiqcha xavotirga ham tushmang. Aql bovar qilmas bunaqa dahshatli voqea hozirga qadar Yer kurrasining biror nuqtasida ro'y bergani yo'q. Inshoolloh, ro'y bermasin ham. Yuqorida o'qiganlaringiz esa, shunchaki xayolot mahsuli. Yanayam aniqrog'i, zombilar hayotiga bag'ishlangan “Tirik murdalar namoyishi” fil'midan bir lavha, xolos.


Bas, shunday ekan, qolgani o'z-o'zidan tushunarli, adabiy va tasviriy san'at asarlarida olg'a suriladigan g'oyalar ba'zan hayotiylikdan birmuncha yiroq bo'ladi. Ishonish qiyin badiiy to'qimalar va uydirmalarga qorishib ketadi. Ammo har qanday holatdayam bir narsani unutmaslik joiz: nechog'li rost-yolg'onligidan qat'i nazar, mish-mishlar zamirida ma'lum darajada haqiqat alomatlari yotadi. Masalaga shu jihatdan yondashsak, haqli bir savol tug'iladi: xo'sh, “Tirik murdalar namoyishi” fil'mida aks ettirilgan mudhish manzaralar, yuqorida aytganimizdek, boshdan-oyoq nuqul badiiy to'qimalardan iboratmi? Ulardan loaqal birortasi haqiqatga to'g'ri kelmaydimi?


Bu kabi savollarga jo'yali javob topish uchun, bizningcha, zombilar hayotini kuzatish, ularni o'z ko'zi bilan ko'rganlar fikr-mulohazasini tinglash foydadan xoli bo'lmaydi. Har qalay, haqiqat bahslarda tug'iladi, adolat qiyoslarda yuzaga chiqadi, degan gaplar bejiz aytilmagan.


Endi muddaoga o'taylik. Avvalo, zombiga aylangan odamni uchratgan Uilyam Sibruk so'zlariga quloq tutaylik.


– Mening ko'rib turganlarim sarob ham, tush ham emasdi, – deydi u hikoyasi avvalida. – Qarshimdagi mavjudot, xoh ishoning-xoh ishonmang, tirik odam edi. Biroq suratidangina shunday edi, siyratidan esa... Uning ko'zlari bamisoli murdaniki misoli muz qotgandi. Ular bir qarashda so'qirga ham o'xshamasdi. Faqat bitta keskin farqi bor edi – hamma narsani ko'rib tursa-da, amalda hech narsani payqamasdi. Yon-atrofga o'ta beparvo boqardi. Yuzlari ham nigohlari singari tund va tussiz edi. Har qancha tikilmang, ulardan biror-bir ma'no uqib olishingiz dargumon edi.


Binobarin, zombining qismati o'ta achinarlidir. Holbuki, aslida u ham hamma qatori harakatlanadi, ovqatlanadi, gapiradi. Lekin o'z o'tmishini zarracha xotirlolmaydi. Buguni va kelajagi haqida hech narsani bilmaydi-bilolmaydi. U bir vaqtlar ko'ngil qo'ygan odamining ko'zlariga tik boqadi, ammo tanimaydi. Hatto o'z uyi yonidan ham xuddi shunday – beparvo o'tib ketaveradi. Negaki, u aql-idrokdan mahrum etilgan, ta'bir joiz bo'lsa, robot yanglig' temir odamga aylantirilgan. Bir umr og'ir jismoniy mehnat bilan shug'ullanishga, mudom chala uyqu holatida yashashga mahkum etilgan. Eng dahshatlisi, zombiga bu yozug'ni Xudo ato etmagan, balki sizu bizga o'xshagan esli-hushli, ammo razil niyatli afsungarlar ravo ko'rishgan.


Amerikalik taniqli adiba Zora Xerston zombi-odamni uchratish asnosi uni tasvirga tushirishga ham muyassar bo'lgan kishilardan. U bizni o'tgan asr boshlariga taalluqli achchiq bir haqiqatdan voqif etadi.


Adibaning hikoya qilishicha, 1909 yili Gaitida Mariya ismli nihoyatda go'zal qiz bevaqt olamdan o'tadi. Kutilmagan musibatdan qaddi dol bo'lgan ota-onasi uni barcha rasm-rusumlarini joyiga qo'yib, dafn etishadi. Lekin oradan besh yil o'tgach, qizning sobiq sinfdosh dugonalari g'alati gap topib kelishadi. Go'yoki Mariyani tasodifan mamlakat poytaxti Port-o-Prens shahridagi uylardan birining derazasi oldida turgan holatida ko'rishganini aytishadi. Farzand dog'ida kuygan otaning qalbida allanechuk ilinj uyg'onadi. Izlay-izlay, o'sha xonadonni topadi. Uy sohibiga dil dardini aytadi. Afsuski, mezbon unga biron-bir ma'lumot berishdan qat'iyan bosh tortadi. Bundan battar hadiksiragan ota ko'ngliga g'ulg'ula tushadi. U tergov idoralariga murojaat etadi. Shunga ko'ra, hukumat vakillaridan iborat tekshiruv guruhi tuziladi. Guruh a'zolari tintuv o'tkazish uchun aytilgan manzilga yo'l olishadi. Biroq bu yerga yetib kelishgach, ancha kechikkanliklarini anglashadi. Uyda uning egasi ham, Mariya ham yo'q edi. Ikkisi xuddi qumga singgan suvdek o'zlaridan biror-bir iz qoldirmay, qayoqqadir g'oyib bo'lishgandi.


Qarabsizki, shahar bo'ylab bir-biridan vahimali mish-mishlar o'rmalay boshlaydi: “Eshitdingmi, Mariya aslida o'lmagan, chalajon holida ko'milgan ekan. Qandaydir afsungar uning murdasini qazib olib, zombiga aylantirib qo'ygan ekan...”


Nachora, badgumonlik iymondan emas. Aybi isbotlanmagan odam jinoyatchi sanalmaydi. Axiyri, so'nggi chorani qo'llashdi. Vahimada qolgan aholini tinchlantirish, dalil-isbotsiz har xil gap-so'zlarga barham berish niyatida marhuma qiz qabrini ochishdi. Ochishdi-yu, hang-mang bo'lib qolishdi. Сhunki tobut ichidan Mariyaning emas, egniga ayollar libosi kiydirilgan novcha bo'yli, shaxsi noaniq odamning suyak qoldiqlari chiqdi.


Ana endi boyaqish ota-onaning ahvol-ruhiyasini o'zingiz bir tasavvur qilib ko'ravering. Mish-mishlar qanchalik avj olganini esa, aytmay qo'ya qolaylik.


Shunga qaramay, Mariyaning ota-onasi, “Noumid – shayton!” degan aqidaga amal qilishdi. Qidira-qidira, qizlarini topishdi. So'ngra uni doimo sukut saqlab yurishga ont ichgan rohiba qiyofasida Gaitidan noma'lum tomonlarga olib chiqib ketishdi.


Mutaxassislar fikricha, bunaqa hodisalar aynan Gaitida tez-tez uchrashi bejiz emas. Ushbu mamlakat hududlari bir vaqtlar Frantsiya vassalligida bo'lgan. XvIII asr oxirlarida bu yerga Dagomeya (hozirgi Benin)dan 400 mingdan ziyod afrikalik qoratanli qul badarg'a qilingan. Ular asosan vudu diniga sig'inishgan. Shu bois kindik qonlari to'kilgan vatanlaridan va oilalaridan ayro tushgan bo'lsalar-da, ong-shuurlariga ona suti kabi singib ketgan urf-odatlarini unutmaganlar. To'g'ri, vaqti kelib, aksariyati katoliklikni qabul qilgan. Shunday esa-da, baribir, unga o'z diniy marosimlaridan ayrimlarini kiritganlar. Albatta, Frantsiya hukumati g'ayritabiiy kuchlarga ishonishga da'vat etuvchi vudu dinini taqiqladi. Biroq bu taqiq amalda teskari samara berdi, vudu dini yanada ommaviylashishiga, unga ixlos qo'yuvchilar ko'payishiga olib keldi.


Vududa ikki yo'nalish bor. Birinchisi – ota-bobolari sig'ingan xudoga shak keltirmaslik va unga e'tiqod qo'yish. Ikkinchisi esa tasavvufiy mohiyatga ega bo'lib, jodugarlik sirlarini o'rganishdan, afsungarlik bilan shug'ullanishdan, mo''jizalarga, jumladan, o'liklarning qayta tirilishiga ishonishdan iboratdir. Ushbu din marosimlaridan eng ko'p tarqalgani to'ng'izlarni, tovuqlarni va xo'rozlarni qurbon qilish bo'lgan.


Vudu ta'limotiga ko'ra, odamzod jon taslim qilgach, ruhoniy kishi vujudni tark etgan ruh uchun yagona makon – muqaddas hisoblangan maxsus quti yasaydi. Ota-bobolarning ana shu qutiga joylashtirilgan joni go'yoki oila a'zolarini turli balo-qazolardan asraydi. Mushkul vaziyatlarda ularga maslahatlar berib, yo'l-yo'riqlar ko'rsatib turadi. Biroq tanani tark etgan jon yangi makoniga ko'chib o'tish jarayonida ba'zan iblisning yoki ilohiy qora kuchlar vositasida murdaga jon kirituvchi jodugarning qo'liga tushib qolishi ham mumkin. Bu holda u boshqa birovning irodasiga so'zsiz bo'ysunishga majbur bo'ladi. Afsungarlar marhumlarni ulardan qasos olish yoki og'ir qishloq xo'jaligi ishlarida arzon ishchi kuchi sifatida foydalanish maqsadida qayta tiriltiradilar.


Zombini faqat jodugargina yarata oladi. Shu niyatda qorong'i tushgani hamono oldindan mo'ljallab qo'ygan qurboni uyiga yo'l oladi. U yerga borgach, biror tirqishga lablarini bosib boyaqishning ruhini so'rib oladi hamda uni shisha idishga joylashtiradi. Shundan so'ng ko'p o'tmay qurbon xastalanadi, ozib-to'zib jon beradi. Dafn marosimidan keyin – yarim tunda jodugar yordamchilari hamrohligida qabriston sari otlanadi. Go'rni ochib, ruh qamalgan shisha idishni qayta tiriltiriladigan murdaning dimog'i ostiga tutadi. So'ngra uni o'zi yashagan uyi yonidan olib o'tadilar. Aytishlaricha, shunday qilinsa, qurbon hech qachon istiqomat qilgan uyini eslolmas va unga qaytib borolmas ekan. Zombilashtirishning keyingi bosqichida qurbon jodugarning uyiga keltiriladi va unga maxsus tayyorlangan damlama ichiriladi.


Angliyalik antropolog Frensis Xaksli bir zombi haqida g'aroyib hikoyani so'zlab bergan. Uning aytishicha, o'sha zombi o'z qishlog'i bo'ylab uzoq vaqt maqsadsiz daydib yurgan. Oxir-oqibat politsiya mahkamasiga keltirilgan. Shunda bu yerda ishlovchilar uning ahvolini ko'rib, nihoyatda qo'rqib ketganlar va ko'chaga haydab yuborganlar. Oradan bir necha soat o'tgach, allakim ichi achiganidan unga sho'r suv beradi. Salgina o'ziga kelgan zombi ming'irlagan kuyi o'zining va uni o'g'rilagan sehrgarning ismini aytadi. Uchinchi kuni ikkinchi bor bandalikni bajo keltiradi va abadul-abadga dafn etiladi.


Turgan gap, gaitiliklar odamni zombiga aylantiruvchi sehrgar-jodugarlardan qattiq qo'rqqanlar. Qanday bo'lmasin, ular murdalarni o'g'rilab ketmasliklari oldini olishga intilganlar. Shu sababli o'ziga to'q xonadonlar sohiblari yaqinlari qabrini betonlab qo'yishgan. Kambag'allar esa qazo qilgan jigarlari murdasini hovlilariga yoki serqatnov yo'llar bo'ylariga ko'mishgan. Zombiga aylantirish uchun asosan yangi o'lik zarurligi bois qarindosh-urug'lar qabr oldida ma'lum muddat kecha-kunduz navbatchilik ham qilishgan. Ba'zan esa mayitni go'yoki eskirib, aynib qolganday qilib ko'rsatish niyatida boshini biror narsa bilan atay teshganlar yoki jismiga zahar yuborganlar.


Bir zamonlar Aflotun odamlarni ko'z ko'rmagan, quloq eshitmagan voqeadan xabardor qilgandi: “Pamfiliyalik Er ismli askar jangda shahid bo'lgandi. Uning jonsiz tanasini o'n kun deganda arang topishdi. Xayriyat, qattiq sovuq tufayli murda hali aynimagan ekan. Uni o'z uyiga keltirishdi. Yuvib-tarab so'nggi manzilga kuzatish uchun hozirlashdi. Shunda qiziq hodisa kuzatildi. Gulxan uchun taxlangan o'tinlar ustida yotgan murdaga birdaniga jon kirdi...”


Angliyalik hurmatga sazovor rohib Bedening gapiga qaraganda, Nortambraynsda Kanningem degan bir odam dabdurustdan dardga chalinadi. Davo muolajalari unga kor qilmaydi. Ahvoli kun sayin og'irlashaveradi. Nihoyat, dilgir bir oqshom joni uziladi. Tongda esa mo''jiza ro'y beradi. Marhumga qaytadan jon bitadi. U qo'qqisdan oyoqqa qalqadi. Ma'rakaga yig'ilganlar qo'rqqanlaridan chor-tarafga tumtaraqay bo'ladilar. Bechora Kanningemning yonida hayajondan qalt-qalt titrayotgan birgina inson – erini jondan ham ortiq ko'ruvchi xotini qoladi, xolos.


O'lgan odamning qaytadan tirilishi bilan bog'liq sir-sinoatlarni tadqiq qiluvchi mutaxassislar bundan ancha yillar burun jonli bir farazni olg'a surdilar. Bu farazning tub mohiyati quyidagicha: odam jismidagi biologik jihatdan faol talay nuqtalar nurlantirilganda, tanada bir-birining ichiga solingan yog'och qo'g'irchoqlarni eslatuvchi pardalar hosil bo'ladi. Bundan inson vujudi ko'zga ko'rinmaydigan yadrolardan iboratligi ayonlashadi. O'lim ro'y berganda, ana shu yadrolar yemiriladi. Biroq bu jarayon birdaniga amalga oshmaydi. Yadrolarni o'rab turgan pardalar batamom yo'qolguncha, aniqrog'i, miya tomirlarining so'nggi marta urishi qayd etilishiga qadar oradan 40 kun o'tadi. Shu vaqt oralig'ida ular tashqaridan turtki-quvvat olsa, yana jonlanadi. Bu demak, marhum hayotga qaytadi.


Masalaga shu jihatdan qarasak, zombi hayot shami hali butkul so'nmagan, balki chuqur o'lim holatiga kelgan bo'ladi, nafas olishi sezilmaydi. Hayal o'tmay, terisi ko'karib, ko'zlari oynaday yaltirab qoladi. Malakasi kamroq shifokor bu holatni o'lim ro'y berganiga yo'yishi hech gap emas. Jodugar-afsungar esa xuddi ana shu vaziyatdan unumli foydalanadi. Fursatni qo'ldan boy bermay, chala o'likni qabrdan kavlab oladi va uni tiriltirib, zombiga aylantiradi.


Tadqiqotchi-adiba Zora Xerston yozadi: “Biz zombilar paydo bo'lishiga doir nazariyaning amaliy yakunlarini uzoq vaqt kuzatdik. Pirovardida haqiqiy o'lim topganlar hech qachon tirilmasligiga qat'iy ishonch hosil qildik. U holda zombi kim dersiz? U bor-yo'g'i chinakam o'lim holatiga juda yaqinlashib qolgan odamdir. Jodugarlar bizga noma'lum qandaydir dorilar yordamida uni hayotga qaytaradilar. Ushbu dorilarni tayyorlash usuli Afrikada yaratilgan va avlodlardan-avlodlarga meros bo'lib qolgan. Dorilar, shubhasiz, miyadagi aql-idrok va nutq tolalarini zaharlab, ishdan chiqaradi. Shu bois zombi fikrlash qobiliyatidan ayriladi. Faqat boshqalarning xohish-irodalariga itoat etadigan bo'lib qoladi.


Xo'sh, bu qanaqa dori? Xarvard dorilfununi etnobotanigi U.Devis 1982 yili Gaitiga tashrif buyurdi. Shunda mahalliy jodugarlar lotinchada doidon xristriks yoki sferides testudineus deb ataluvchi baliqdan og'u tayyorlashlarini aniqladi. Bu baliq bolalar o'ynaydigan havo sharchalariga o'xshab ketadi. Usti shoxli-ninasimon tangalar bilan qoplangan. Ular asabni falaj qiluvchi zaharga ega. Agar teriga surilsa, uzoq uxlash xastaligini keltirib chiqaradi. Tayyorlangan zahar tsianli kaliyga nisbatan 500 barobar kuchlidir. U Gaitida salkam 400 yil muqaddam kashf qilingan. Undan qullar ba'zan o'z dushmanlarini va zulmkor xo'jalarini o'ldirish maqsadida foydalanganlar”.


...Bu o'tkinchi dunyoga aslida hammamiz ham besh kunlik mehmonu mezbonmiz. Ehtimol, Alloh odamzod hech narsadan tap tortmasligini hisobga olib, uning umrini qisqaroq qilib belgilagandir. Aks holda, kim biladi, bu dunyo beqaroru besabr insonning qilmishlari tufayli allaqachonlaroq alg'ov-dalg'ov bo'lib ketarmidi?


Abdunabi HAYDAROV


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid