Qamoqxona va jinnixona — mashhur «Ivanushka»ning achchiq qismati
Eduard Izotov 1936 yil 11 noyabrda Belorusning Vitebsk viloyati Surajskiy tumanida harbiy xizmatchi oilasida tug'ilgan. 1954 yilda VGIKning aktyorlik bo'limiga o'qishga kirdi va uni 1959 yilda tugatdi. Eduard Izotovning fil'mdagi debyuti 1959 yilda «Dasht sukunatida» fil'midagi Сhalikov bosh roli edi.
Ko'pchiligimiz yoshlikda «Ayozbobo» film-ertagini ko'rib ulg'ayganmiz. Undagi qahramonlar o'z rollarini mahorat bilan o'ynashgan, ular barcha ertaklardagi kabi murod-maqsadiga yetadi. Ammo «Ayozbobo» bosh rol ijrochilarining hayot yo'li bir tekis bo'lmagan. Jumladan, Ivan roli ijrochisi Eduard Izotov arzimagan sabab bilan qamoqqa tushib, uch yil umrini turmada o'tkazdi, bu uning sog'lig'iga, ruhiyatiga ta'sir o'tkazdi. Oxir-oqibatda Izotov umrining oxirida Moskva shifoxonalaridan birida og'ir kasallikdan vafot etdi.
1964 yilda «Ayozbobo» ekranlarga chiqqandan so'ng, Eduard Izotov uchun mashhurlik davri boshlandi. Millionlab muxlislar sho'x va shiddatli Ivanushka rolining maftunkor ijrochisini, shu jumladan uning filmdagi sherigi Natalya Sedix (Nastenka)ni yoqtirib qolishdi. Aktyorning keyingi hayoti ham ertak kabi edi - uning rafiqasi mashhur va go'zal Inga Budkevich bo'lib, ajoyib qizi Veronika tug'ildi. Ammo to'satdan nikoh buzildi. Keyinchalik Budkevich o'z xotiralarida Eduardning onasi nikohga qarshi bo'lgani va uni xushlamagani haqida gapirgan. Izotov ikkinchi rafiqasi bilan baxt topishga harakat qildi. Ammo aktyorning ikkinchi turmushida qator ko'ngilsizliklar yuz berdi.
Eduard Izotov 1936 yil 11 noyabrda Belorusning Vitebsk viloyati Surajskiy tumanida harbiy xizmatchi oilasida tug'ilgan. 1954 yilda VGIKning aktyorlik bo'limiga o'qishga kirdi va uni 1959 yilda tugatdi. Eduard Izotovning fil'mdagi debyuti 1959 yilda «Dasht sukunatida» fil'midagi Сhalikov bosh roli edi. 1964 yilda taniqli rejissyor Aleksandr Rouning «Ayozbobo» ertak fil'midagi Ivanushka roli unga shon-shuhrat va tomoshabinlar mehrini keltirdi. Izotov shu tariqa ko'p yillik aktyorlik faoliyatini boshladi va 20 yoshida Kinematograflar uyushmasining eng yosh a'zosi bo'ldi. U «26 Boku komissarlari», «Qilich va qalqon», «Olov, suv va mis quvurlar», «Uzoq qorlar aks-sadosi», «Bahorning o'n yetti lahzasi», «Buyuk qarama-qarshilik», «Mudofaa uchun so'z», «Mimino», «Ota Sergius», «Orzular vaqti» va boshqa filmlarida rollarni ijro etgan.
Eduard Izotovning 1956-1980 yillardagi birinchi rafiqasi uning sinfdoshi, mashhur aktrisa Inga Budkevich bo'lib, u Aleksand Rouning «Olov, suv va mis quvurlar» va «Uzun o'ramasoch go'zal Varvara» ertak fil'mlaridagi rollari bilan mashhur bo'lgan. Bu nikohdan 1960 yilda Veronika Izotova ismli qizcha tug'ildi, u ham kelajakda aktrisalik kasbini tanladi. Lekin oila 1980 yilda parokandalikka uchradi. Izotovning ikkinchi xotini Irina Ladijenskaya edi. Ular 1982 yildan 1986 yilgacha turmush qurgan. Irina kinojurnal muharriri,1986 yildan 1992 yilgacha u kinoteatrda badiiy rahbar o'rinbosari bo'lib ishlagan.
Izotov o'zining mahobatli ovozi tufayli SSSRda eng talabgir dublyaj aktyorlaridan biriga aylandi. Buni chet elliklar ham, ittifoqdagi hamkasblari ham e'tirof etgan. Masalan, aktyor «Boshsiz chavandoz» fil'mida Oleg Vidovni gapirtirgandi. Bundan tashqari u o'nlab filmlarni ovozlashda ishtirok etdi, ular qatorida «Xazinalar oroli», «Kapitan», «300 spartalik», «Janob Hindiston» kabi filmlar bor.
1983 yilda baxtsizlik yuz berdi. Aktyor ikkinchi rafiqasi Irina Ladijenskaya bilan birgalikda Moskva markazidagi Pushkinskaya maydonidagi «Lira» kafesi yonida valyuta ayirboshlayotganida qo'lga olindi. Aktyor dollarlarni rublga almashtirayotgandi, bu pulga dacha qurilishini yakunlashi kerak edi. U valyutani etigiga yashirgan va shu bilan jinoyatning asosiy aybdoriga aylangan. O'sha paytda Jinoyat kodeksiga ko'ra, «valyuta firibgarligi» uchun eng kam jazo muddati uch yil edi. Ko'pchilik Eduard Izotovning ikkinchi xotinini sevimli aktyorning qamoqqa tushishida aybladi. Mashhur aktyorlar - Marina Ladinina, Oleg Strijenov, Lyudmila Xityaeva, Nikolay Ribnikov, Alla Larionova, Tatyana Konyuxova, Inga Budkevich, Larisa Lujinalarning iltimosnomalariga qaramay Izotov va Ladijenskaya uch yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Izotov jazo muddatini o'tab sahnaga qaytganidan so'ng, ko'pchilik mashhur «Ivanushka» jazoni qanday o'tkazganini bilishni xohlashdi. Ammo Eduard Konstantinovich bu mavzuda bir og'iz so'z aytmadi. «Bu mavzu abadiy yopiq bo'lib qoldi va agar kimdir shu mavzuga gap ochsa yoki savol bersa, Edik: «Biz ketamiz», deb suhbatga yakun yasardi. Bu bizning fojiamiz va boshqa hech kimniki emas. Biz bu voqeadan keyin ko'pchilik uchun o'z uyimiz eshiklarini yopdik», degandi uning rafiqasi Ladijenskaya.
Qamoqxona hayoti aktyorning ruhiyati va sog'lig'iga dahshatli ta'sir ko'rsatdi. «Qamoqxona uning orqasiga tiralgan o'tkir pichoqqa o'xshab turardi. U juda qonunga itoatkor edi va birdan jinoyatchi bo'lib qoldi! Bu sinov oxir-oqibat uni o'ldirdi. Axir, Edik hayotda ertakdagi Ivanushkaga o'xshardi. Rostgo'y, soddadil...», degandi Budkevich sobiq turmush o'rtog'i haqida.
1988 yilda Izotov birinchi insultni boshdan kechirdi, keyin bu jarayon birin-ketin sodir bo'ldi - jami beshta insult o'tkazildi. Izotov teatrda ishlashni davom ettirdi, lekin 1997 yilda to'rtinchi insul'tdan keyin xotirasini yo'qotib, matnlarni unutishni boshladi. «Ish bilan xayrlashishim kerak edi. Men xafagarchilikni xohlamayman! Men boshqa sahnaga chiqmayman», - bu uning so'nggi so'zlari edi.
Shundan so'ng eng qiyin paytlar keldi. Aktyor avval qon tomirlar bo'yicha og'ir operatsiyani boshdan kechirdi, keyin nevrologik klinikada davolandi. Operatsiyalar uchun pulni do'stlari - Boris Xmelnitskiy, Sergey Nikonenko, Aleksandr Pankratov-Сherniy, Aleksandr Abdulovlar berishgan. Kasallik avj oldi. Izotov endi mustaqil harakatlana olmayotgandi, gapirishda qiynalar, vaqti-vaqti bilan hatto yaqinlarini tanimay qolardi.
U umrining so'nggi olti oyini yopiq psixonevrologik pansionatda o'tkazdi. Aktyorning ikkinchi rafiqasiga ko'ra, Izotov umrining oxirida hatto uniyam esidan chiqarib, tanimay qolgan.
2003 yil 8 martda aktyor Moskvadagi shifoxonada vafot etdi. U endigina 66 yoshni qarshilagandi. U Moskva viloyatidagi Ximki qabristonida dafn etilgan. «U faoliyatini juda yorqin boshladi, keyin esa shunchalik shafqatsizlarcha pastga quladi... U alangalanib, gugurtday yonib ketdi. Umrini dahshat va aqldan ozgan holda yakunladi. Dafn marosimida unga qaradim - tobutda notanish odam yotardi. Jon uni o'limdan ancha oldin tark etgandi», deya dafn marosimini tasvirlab bergandi Izotovning ilk rafiqasi Inga Budkevich. Biz filmda yosh va navqiron sifatida ko'rib o'rgangan «Ivanushka»ning hayoti shu tariqa nihoyasiga yetdi.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0