Prezident - Aholini uy-joyga bo‘lgan talabini taʼminlash doimiy diqqat markazida
So‘nggi yillarda 56 ta “Yangi O‘zbekiston” massivining infratuzilmasi uchun 4 trillion 100 milliard so‘m mablag‘ berildi. Joriy yil ushbu maqsadlarga yana 1 trillion 400 milliard so‘m ajratilmoqda.
Lekin 2025 yilda Toshkent viloyatida 2,1 mingta, Samarqandda 1,5 mingta, Farg‘onada 1,3 mingta, Toshkent shahrida 1 mingta, Jizzaxda 380 ta xonadon foydalanishga topshirilmagan.
Soha mutasaddilari va hokimlar bu yil “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 34 ming xonadonni qurib bitkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qurilishi davom etayotgan massivni kengaytirishga o‘sha hududdagi 85 foiz kvartirani egasiga topshirganidan keyingina ruxsat berilishi belgilandi.
Poytaxt va Samarqand tajribalari asosida investitsiya kompaniyalari tashkil qilindi. Bu kompaniyalar 1 oktyabrdan boshlab, ko‘p qavatli uylar qurish uchun erlarni qurilishga ruxsati, arxitektura rejalashtirish topshirig‘i va dastlabki loyihasi bilan birga tayyor holda auktsionga chiqaradi.
shuningdek, bu yil hududlarda 140 ming xonadonli ko‘p qavatli uylarni topshirish zarurligi qayd etildi.
Bunda renovatsiyaga alohida eʼtibor qaratish muhim ekani taʼkidlandi. Chunki shahar va shaharchalar eniga kengayib borsa, infratuzilmaga xarajat 4-5 karra oshadi, maktab, bog‘cha, poliklinikaga masofasi uzayadi, minglab gektar ekin eri qisqaradi.
Masalan, Samarqand shahrining temir yo‘l orti hududi, Kattaqo‘rg‘on shahri, Oqtosh, Ishtixon, Bulung‘ur, Juma, Jomboy kabi shaharchalarda “barak” tipidagi uylar ko‘p. Shu bois, eskirgan uylar o‘rnida renovatsiya asosida ko‘p qavatli uylar qurish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, bu yil renovatsiya zonalarida kamida 30 ming kvartirali ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirish muhimligi qayd etildi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0