Xalturadan Djuraevgacha: nega ism-sharifimizni xato yozamiz?
So‘nggi o‘n yilliklarda to‘g‘ri yozish masalasi O‘zbekistonda jiddiy muammoga aylandi. Albatta, sabablar bor: alifbo borasida o‘lda-jo‘lda islohotlar, maktablardagi taʼlim sifati va hokazo. Ammo inson o‘z ismini to‘liq va to‘g‘ri yoza olmasligi juda achinarli. Afsuski, ruscha talaffuzda buzilgan o‘zbekcha ismlar hali-hanuz oramizda ko‘p uchrab turibdi.
Farzandlarga chiroyli ism berish dinda ham, jamiyatda ham eng muhim vazifalardan sanaladi. Harholda kishi ism-sharifini bir umr ko‘tarib yuradi, maktabda, universitetda, oilada, umuman deyarli hamma joyda undan keng foydalanadi. Afsuski, tushunmovchilik deymizmi, savodsizlik deymizmi, yozma manbalarda ayrim ism-familiyalar juda xato va qo‘pol ko‘rinishga kelib qoladi.
Masalan, tug‘ilganlik guvohnomasida familiyasi Djuraev, Vaxidov, Abdurazzakova, Irgashev va boshqa shakllarda (aynan shu familiyali insonlarga murojaat qilmoqchi emasmiz, ular tasodifan tanlandi, lekin oramizda yo‘q deya olmaymiz) yozilganlar pasportda ham shunday yozdiradi, hatto unga ayrimlari unga shunday deya murojaat qilishni so‘raydi. Lekin inson bir millatga mansubmi, o‘z ismi-sharifini avvalo o‘z ona tilisida to‘g‘ri va aniq qilib yozishi kerak. Alifbo borasidagi kamchiliklar, katta avlodning kirill alifbosidan foydalanishi, yoshroq avlod lotinda savod chiqargani, turli harflar, harf birikmalari ham turli noaniqliklarni keltirib chiqargan. Bundan bir necha yillar avval Polatova Djamila Shagayratovna Bolalar gematologiyasi ilmiy markazi direktori lavozimiga tayinlandi, degan xabarni o‘qigandim. Yoki Ishoqov degan tuppa-tuzuk familiya ruscha aralashtirib Ishakov yozilgani uchun bir joyda Ishakov deb o‘qilganini, egasi qizarib qolganini ko‘rganman.
Muammoning yana bir jihati ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda o‘z ism-shariflarini kulgili darajada noto‘g‘ri yozadi. Kirill-lotin aralashuvi, ruschalashuv, “h” va “x” harflari almashinuvi yoki shunchaki xato yozishlar ortidan juda g‘alati ismlar kelib chiqadi va ularning egalari bundan xijolat ham bo‘lishmaydi. Ularning aksariyati ism-familiyalari pasportda shunday yozilganini vaj qilishadi, lekin ijtimoiy tarmoqlar notarius emasligi, hujjat bo‘yicha yozishni talab qilmasligini hisobga olishmaydi.
Keling, ayrim misollar keltiray: Mening virtual do‘stlarim orasida Ksusniddin (menimcha Husniddin), Xucanboy (Husanboy), Urok (O‘roq), Djaxangir (Jahongir), Halik (Xoliq), Ahundjan (Oxunjon), Sadik (Sodiq) kabi insonlar bor.
Bugun mamlakatimizda (asosan yoshlar) ingliz tili ham keng o‘rganilmoqda. Shu asnoda avval rus tili bilan kuzatilgan qator muammolar ingliz tili bilan ham yuz bermoqda. Shulardan biri ismlarni to‘g‘ri yozish masalasidir.
Agar xorijiy tashkilotlar, chet elliklar sizni ism-sharifingizni ingliz tilida buzib aytishsa, balki ularni tushunish mumkindir. Lekin baʼzi yoshlarimiz ataylab, g‘irt o‘zbek bo‘la turib ismlarini inglizcha so‘zlarga mengzab yozishadi. Masalan, Abduvakhobov, Ishmuhammedov, Kilichev qabilida yozishlar paydo bo‘ldi. Albatta, chet ellik kishilar suhbatlashganda shunday shaklda taqdim etish to‘g‘ridir, ammo tarmoqda auditoriyasi faqat o‘zbeklardan iborat bo‘lganlar, ingliz tilida salom-alikdan naryog‘iga o‘ta olmaydiganlar ham aksariyati nomini g‘arbcha yozishga urinadi.
Ko‘pchilik ismlarning bu darajada buzilib ketishiga FHDYo organlarida avval rusiyzabon kishilar ishlagani va sobiq Ittifoqning taʼsirini sabab qilib keltiradi. Aytishlaricha, sovet davrida ism va familiyalarni iloji boricha rus tiliga yaqinroq qilib yozish omili ham bo‘lgan. Ammo yaqinda mustaqil bo‘lganimizga 35 yil to‘ladi. Barcha huquqlarimiz qatori istalgan joyda o‘z ona tilimizda so‘zlashish imkoniyati ham qaytarib berildi. Xo‘sh, nima uchun bu imkoniyatdan to‘liq foydalanmayapmiz?
Ozgina hafsala qilsak, bir paytlar kimlarningdir aybi bilan noto‘g‘ri yozilgan ismimizni to‘g‘rilab olishimiz mumkin. Qonunga ko‘ra, barcha kishilar bemalol o‘z ism-familiyalarini o‘zgartirishga (to‘g‘rilash)ga haqli. Albatta, bunda bir qator hujjatlar va yuridik jarayonlar talab etiladi. Familiyani, ismni va otaning ismini o‘zgartirish haqidagi arizalar ariza beruvchi o‘n olti yoshga to‘lgandan keyin fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan, ushbu shaxsning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan joydan qatʼi nazar, ko‘rib chiqiladi.
Xulosa qilib aytgancha, ism insonning yuzi. Shu sababdan chiroyli yuzni hech qachon qiyshiq qilib ko‘rsatmasligimiz kerak. Shu o‘rinda, boshqalarga ham murojaat qilib qolardim: agar sheringingiz ilmsizlik yoki boshqa sababdanmi, ismi-familiyasini xato yozib yurgan bo‘lsa, unga yotig‘i bilan tushuntiring. Tilimiz sofligini saqlashga, go‘zal va maʼnoli ismlarimiz borligini tushunishga yordam bering. Bir paytlar Xolto‘ra ismli shaxsning hujjatiga o‘rischalatib Xaltura deb yozishganini, kamlik qilgandek shu ismli odam hamma joyda ismini shunday yozib yurganini eshitgandim. Har bir o‘zbekcha ism – bu o‘zbek xalqining yuzidir. Bizning kichkina xatoimizni deb, boshqalar ustimizdan kulmasin. Xo‘sh, siz bu fikrga nima deysiz?
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0