Qashshoq ota, Amerikaga bilet va muvaffaqiyat: Google rahbari qanday boyidi?
Sundar Pichai hozirda Alphabet'ning bosh direktori va Google rahbari kabi ikkala lavozimni ham egallab turibdi. Uning 2019 yildagi yillik maoshi 650 ming dollarni tashkil qildi. 2020 yildan buyon u 2 million dollarga oshgan. Uning bu kompaniyalardagi aktsiyalari qiymatini hisobga olsak, Pichaining boyligi 2025 yil maygacha salkam 1,5 milliard dollarga yetib qolgandi.
Google deyarli barchamizga ma'lum va mashhur qidiruv xizmati sanaladi. U dunyo tarixidagi eng omadli loyihalardan biri bo'lib qolmoqda. Ana shu tashkilotning rahbari sanalgan kishi bir paytlar qashshoq hayot kechirar, hayot qulayliklari unga begona edi. Ammo yosh iste'dod tinimsiz o'qib-izlandi va jahondagi eng yirik kompaniyalardan biri boshqaruviga kelishga muvaffaq bo'ldi.
Hindistonning qashshoq qishlog'idan chiqqan Sundar Pichai 2015 yildan buyon Google kompaniyasining bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda. 2019 yil dekabrida u loyiha asoschilari Larri Peyj va Sergey Brin o'z lavozimidan ketganidan so'ng qidiruv tizimining bosh kompaniyasi Alphabet'ning bosh direktori etib tayinlangan edi. Pichai hozirda ikkala lavozimni ham egallab turibdi. Uning 2019 yildagi yillik maoshi 650 ming dollarni tashkil qildi. 2020 yildan buyon u 2 million dollarga oshgan. Uning Alphabet aktsiyalari qiymatini hisobga olsak, Pichaining boyligi 2025 yil maygacha salkam 1,5 milliard dollarga yetib qolgandi.
Xo'sh, kambag'al bolakay qanday qilib bunday muvaffaqiyatga erishdi?
Sundar 1972 yil 12 iyulda o'rta sinfga tegishli bo'lgan oilada tug'ilgan va texnologiyaga bo'lgan muhabbatni meros qilib oldi: uning otasi Raghunat Pichai elektrotexnik bo'lib ishlardi. Otaning 63 dollarlik maoshi oddiy qulayliklar uchun yetarli emas edi – oilada oddiygina muzlatkich yo'q edi, Hindistonda qurg'oqchilik tez-tez bo'lgani uchun bo'lajak bosh direktor bir shisha suvni yoniga qo'yib uxlardi. Lekin, Sundar ajoyib xotiraga ega edi: bolakay 50 tagacha telefon raqamlarini mukammal eslab qolganida qarindoshlari hayratda qolishdi. Bu qobiliyat unga Javohar Vidyalaya universitetini imtiyozli diplom bilan tugatishga yordam berdi.
O'qish uchun yetarli mablag'ga ega bo'lmagan Sundar qat'iyatini ishga solib texnologiyaga bo'lgan muhabbat tufayli milliy ahamiyatga ega bo'lgan muassasadan (Xaragpurdagi Hindiston Texnologiya Instituti) joy olishga qaror qildi. Shunday qilib, 1993 yilda u metallurgiya muhandisligi bo'yicha BTech'(bitexnologiya)ni o'rganishni boshladi.
Sundar Pichaining ta'lim yo'lidagi muhim bosqich kumush mukofot stipendiyasi bo'ldi, bu unga Stenfordga borish va muhandislik va materialshunoslik bo'yicha magistrlik darajasini olish orzusiga erishish imkoniyatini berdi. Bu 1995 yilda yuz berdi, lekin uni yana bir sinov kutib turardi, AQShga aviachipta otasining yillik maoshiga teng edi. Ammo ota o'g'liga ishondi va parvoz pulini to'ladi.
Uning ilmiy yutuqlari shu bilan to'xtab qolmadi: Sundar doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlayotgan paytda Stenfordda PhD darajasini oldi. Ammo u o'qishni tashlab, mahsulot menejeri va muhandis sifatida ishlashga majbur bo'ldi. Savdo-sotiq va sanoatda ko'p vaqt o'tkazgandan so'ng, Sundar o'zining maqsadlariga erishish uchun MBA ilmiy darajasi (biznes boshqaruvi mutaxassisi) muhimligini tushundi va shuning uchun yo'nalishini nufuzli Uorton maktabida “fan”dan “biznes”ga o'zgartirdi.
Google'dagi interv'yudan oldin yigit Applied Materials va Mc Kinsey & Co kabi kichik chip ishlab chiqaruvchi kompaniyalarda ishladi. Nihoyat 2004 yil 1 aprelda Sundar “Silikon vodiysining yuragiga” suhbatga taklif qilindi va unga “yangi Gmail xizmatida nimani yaxshilash kerak?” topshirig'i berildi. Sinovdan muvaffaqiyatli o'tgan yigit shiddat bilan ishga kirishib ketdi.
Kompaniyaga ishga kirgach, uning eng katta yutuqlaridan biri Chrome brauzerining yaratilishi bo'ldi. Rahbariyat bu ishga unchalik ham qiziqish bildirmadi, shuning uchun Sundar va 10 nafar muhandisdan iborat kichik guruh brauzerni partizancha sharoitda ishlab chiqishga majbur bo'ldi. Shundan so'ng Pichai mansab pillapoyalarida ko'tarila boshladi, uning daromadi ham mos ravishda oshib bordi. Jumladan:
- 2008 yil - mahsulot ishlab chiqish bo'yicha vitse-prezident lavozimiga ko'tarildi;
- 2009 yil - Tvitter Sundarni o'ziga og'dirib olishga harakat qildi, Google esa unga katta mukofot (bir necha million dollar) berib, osonlikcha qo'yib yubormasligini ko'rsatdi.
- 2012 yil — Google Chromeva brend ilovalari vitse-prezidenti bo'ldi.
- 2013 yil — Endi Rubin o'rniga Android rahbari bo'ldi.
- 2014 yil – endi Microsoft Sundarga “ko'z olaytira boshladi”. Google ketish xavfini tushundi, shuning uchun unga kompaniyaga sodiqligi uchun 50 million dollar taklif qildi. Aslida Sundarning sodiqligiga hech kim shubha qilmasdi.
“Rahbar sifatidagi ishingizning katta qismi boshqa odamlarni muvaffaqiyatli qilishdir. Bu o'zingiz muvaffaqiyat qozonishingiz emas, asosiy vazifangiz ular qilayotgan ishida yutuqqa erishishi uchun to'siqlarni olib tashlashdir", degan edi Pichai. Uning xodimlar ichida obro'si juda yaxshi ekani, ishchilar unga havas bilan qarashi bot-bot takrorlanadi. Tarmoqda Google xodimlaridan biri shunday deb yozgan edi: “Unga katta havas bilan qarashadi. Muhandislar, mahsulot menejerlari uni yaxshi ko'radilar. Biznes ham uni yaxshi ko'radi”.

Boshqa bir Google xodimi shunday deb yozgan edi: “U ajoyib jamoani yolladi, o'qitdi va saqlab qoldi. Sundarning mahsulot menejerlari eng yaxshilar sifatida obro'ga ega edi. U dushmanlar orttirishdan ehtiyot bo'lgan”.
Hindistonlik iqtidorning rahbarligi ostida Google avvalgidan ko'ra ko'proq intizomli va tartibli hisoblana boshladi. Biroq, Pichaining konservativ yo'nalishdagi yetakchilik uslubi uni ichki muammolardan himoya qila olmadi. 2018 yilda Pentagonning sun'iy intellekt bo'yicha uchuvchi Maven loyihasi, shuningdek, kompaniyaning jinsiy zo'ravonlikka munosabatiga norozilik sifatida xodimlarning ommaviy ish tashlashlari bo'yicha mojaro kelib chiqdi. 2020 yilda Google'ning sun'iy intellekt bo'yicha yetakchi tadqiqotchisi Timnit Gebruning bahsli tarzda ishdan bo'shatilishi korporatsiya xodimlari o'rtasida noroziliklarga sabab bo'ldi.
Lekin noroziliklar faqat shu emasdi. 2021 yil iyun oyida Google'ning 15 nafar amaldagi va sobiq rahbari The New York Times gazetasiga anonim tarzda bir qator muammolar haqida shikoyat qildi. Ularning aytishicha, Google hajmi va bozor kapitallashuvi oshgani sayin, dominant kompaniyalar kabi odatiy muammolarga duch kelmoqda: sekinlashuv, byurokratiya, ehtiyotkorlik, jamoatchilik fikriga e'tibor qaratish va boshqalar.
Milliarder haqida ayrim faktlar:
- Pichai futbol o'ynashni yaxshi ko'radi. U Ispaniyaning “Barselona” jamoasiga muxlislik qiladi.
- Googlerahbari yoshligida kriketchi bo'lishni orzu qilgan. Pichai 1970-80-yillarda Hindistonda mashhur bo'lgan sportchilar Sunil Gavaskar va Sachin Tendulkarlarning muxlisidir.
- Ingliz klassikalarini o'qishni va “Do'stlar” (Friends) serialini tomosha qilishni yoqtiradi.
- 2014 yilda Pichai nomi Satya Nadella bilan birga Microsoft bosh direktori lavozimiga nomzod sifatida taklif qilingan edi.
- Erta tongda Pichai har doim bir piyola choy bilan TheWallStreetJournal gazetasini o'qiydi. Gazeta va choy uning to'liq uyg'onishi va harakatlanishiga yordam beradi.
- Google rahbari vegetarian hisoblanadi.
- Piyoda yurishni yaxshi ko'radi. Ko'pincha ish uchrashuvlarini yo'l ustida o'tkazadi.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0