Hayotda tirik, hujjatda o'lik odamlar
Nazira shaxsini tasdiqlovchi hujjatining amal qilish muddati tugab, pasportini almashtirish maqsadida Pasport stoliga bordi. Mas'ul xodimga uchrashib, maqsadini aytdi. Xodim uning qo'lidan pasportini olib, komp'yuterdan nimalarnidir izlay boshladi.
Xalqimiz orasida bir askiya yuradi: «Bir tashkilotga ma'lumotnoma so'rab borsang, avvalo sen aslida sen ekanligingni tasdiqlovchi hujjat so'rashadi (qo'lingdagi shaxsni tasdiqlovchi hujjat hech narsani hal qilmaydi).
1. To'rtta qo'shniga imzo chektirib, dalolatnoma tuzish.
2. Mahalla idorasidan ma'lumotnoma.
3. Ota-onang (tirik bo'lsa) rostdan ham sening ota-onangmi?
4. Mabodo vafot etishgan bo'lsa, go'rkovdan ma'lumotnoma (haqiqatan ham vafot etishgani haqida).
5. Onangning qornida paydo bo'lishingdan avval hujjatda ko'rsatilgan insonlar rostdan ham aynan sening ota-onang ekanligi aniqmi? Shu haqda ham ma'lumotnoma...».
Bu askiya emas, aslida achchiq haqiqat ekanligi so'nggi paytlarda o'z isbotini topmoqda. So'zimiz quruq bo'lmasligi uchun ayrim dalillarni keltiramiz.
Birinchi voqea: Nazira shaxsini tasdiqlovchi hujjatining amal qilish muddati tugab, pasportini almashtirish maqsadida Pasport stoliga bordi. Mas'ul xodimga uchrashib, maqsadini aytdi. Xodim uning qo'lidan pasportini olib, komp'yuterdan nimalarnidir izlay boshladi.
– Voy, kennoyi, siz pasportingizni o'zgartirolmaysiz, chunki o'lgansiz, – dedi ko'zini lo'q qilib.
Naziraning tili gapga aylanmay, oyog'i ostidan yer qochdi. Zo'r-bazo'r o'zini qo'lga oldi.
– Yigitcha, gapingizni o'ylab gapiring, – dedi u. – Men o'lganim yo'q, qarshingizda turibman-ku.
– Mana, ko'ring, kennoyi, 2013 yil, 22 aprel' kuni o'lgansiz. O'limingiz soat 12.30 da qayd etilgan, – dedi mas'ul xodim pinagini buzmay.
– Hoy, baraka topkur, qo'lingizdagi pasportga qarang, – dedi Nazira g'azabini jilovlab. – Suratdagi menmi? Endi doimiy turarjoyimga qarang. Aniq-tiniq manzilim ko'rsatilgan. Aynan o'sha yerda 2002 yildan beri yashayman. Allohga shukur, tirikman. Hali veri o'lish niyatim ham yo'q.
– Ha, ko'ryapman. Xuddi shu manzilda yashovchi fuqaro Solieva Nazira Sodiqovna (ism-shariflar o'zgartirilgan), – yigit elektron hujjatni boshqatdan o'qib bera boshladi. – ... 12.30 da qayd etilgan...
– Xo'sh, endi nima qilishim kerak? – so'radi Nazira uzoq tortishuvdan so'ng.
– Hududingizdagi oilaviy poliklinikaga borasiz, – dedi mas'ul xodim. – Bu ularning aybi. Elektron hujjatga sizni kiritishmagan...
Yana nimadir deyishga ayolning tili aylanmadi. «Tavba-tavba!», dedi-yu ters o'girilib ketdi. Pasport stolidan chiqib, to'g'ri oilaviy poliklinikaga yo'l oldi.
Voqeadan xabar topgan bosh shifokor o'rnidan turolmay qoldi. Tezda hujjatlarni tekshira boshladi. Hammasi joyida, elektron hujjatga kiritilgan. Hech qaerda fuqaroning o'lganligini tasdiqlovchi hujjat qayd etilmagan. Bularning hech qanday aybi yo'q.
– Nima deyishni ham bilmaysan kishi, – dedi u Naziraga achinish nazari bilan qarab. – Shuncha yillik ish faoliyatimda bunday bedodlikka birinchi marta duch kelishim. Astag'firilloh! Endi, sizga maslahatim shu manzilda 2002 yildan buyon yashashingiz haqida mahalladan ma'lumotnoma olasiz hamda dalolatnoma to'ldirib, to'rtta qo'shniga imzo chektirasiz. Keyin shu hujjatlar bilan yana Pasport stoliga borsangiz, Xudo xohlasa, ishingiz bitadi, degan umiddaman.
Nazira bosh shifokorning aytganini qildi. Kerakli hujjatlarni yig'di. Ertaga yana Pasport stoliga boraman, deb turganida, hamma gapdan xabar topgan qo'shnisi:
– Buning hammasi safsata. Baribir ishingiz bitmaydi (bunday mashmasha u sho'rlikning ham boshiga tushgan chog'i), – dedi.
– Nima qilishim kerak unda? – so'radi Nazira boshini qaerga urishini bilmay.
– OVIRga borish kerak, – dedi qo'shnisi. – Faqatgina o'sha yerda ishingiz bitishi mumkin.
«Jiyanim Rustam o'sha yerda ishlaydi-ku», yodiga tushdi ayolning. Darhol unga qo'ng'iroq qilib, vaziyatni tushuntirdi. Jiyan xolasining arz-dodini tinglab, bir soat vaqt berishini so'radi.
– Xolajonim, siz o'sha yili va aynan o'sha sanada Namangan shahrida vafot etibsiz, – dedi Rustam xolasiga qo'ng'iroq qilib. – Xavotir olmang. Toshkentda hali tiriksiz. Bir umrga askiya bo'ladigan bo'ldingiz-da, xola. Ammo xavotirga o'rin yo'q. Men hammasini to'g'rilab qo'ydim. Ertaga Pasport stoliga borib, pasportingizni bemalol o'zgartirib kelavering...
Nazira shuncha yil yashab Namangan bilan Toshkent viloyati bitta ekanligini endi bilibdi. Uni-buni qo'ying, u qanchalar asabiylashib, sog'lig'ini yo'qotib, tirik ekanligini isbotlolmay yurgani uchun ma'naviy zararni kim qoplaydi endi?
Nahotki, O'LIM HAQIDA GUVOHNOMA bilan ShAXSNI TASDIQLOVСhI HUJJATning farqi bo'lmasa?!
* * *
Dugonam pensiya yoshiga yetib, hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonida to'rt nafar farzandi elektron hujjatlarda ikkita bo'lib qolgani, ikkitasi esa bazaga kiritilmagani haqida aytib bergandi. Boshqa birining esa, ikki farzandi bazaga uch nafar qilib kiritilgan ekan. U sho'rlik farzandlari ikkitaligini isbotlolmay, oylar davomida idorama-idora yuguradi. Oxir-oqibat kerakli portallarga murojaat qilib, ishini hal qiladi. Bu voqealarni eshitib, o'zimcha «Shunaqasi ham bo'larkanmi?» deya hayron qolgandim. Bo'larkan, hatto undan ham battari bo'lar ekan.
Ikkinchi voqea: Fariza pensiyaga chiqqanini rasmiylashtirish maqsadida Pensiya jamg'armasiga bordi. Mas'ul xodim hujjatlarini qo'lidan olib komp'yuterdan elektron nusxasini solishtira boshladi.
– Fariza opa, farzandlaringiz nechta? – so'radi xodim xuddi eski tanishlardek mulozamat bilan.
– Ikkita, – javob berdi ayol hayron bo'lib.
– Bu yerda bitta-ku, – dedi yigit jilmayib. – Alimov Davron. 1992 yil.
– Ikkinchisi ham bor: Farmonov Umar. 1994 yilda tug'ilgan, – javob berdi ayol. – Lekin ular ikki xil familiyada bo'lib qolishgan. Bizning davrda tug'ilganlik haqida guvohnomani qaynonalar olib kelishardi. Kattamga qaynotamning ismi familiya qilib berilgan. Kichkinam bizning familiyamizda bo'lib qolgan...
– Opajon, bu katta muammo emas. Hozir men hujjatlaringizni olib qolaman. Siz esa bazaga kiritilmagan o'g'lingizning tug'ilganlik haqidagi guvohnomasini olib, tezda farzandlaringiz ro'yxatga olingan tuman FHDYo organiga borib, bazaga kiriting-da, va shu zahotiyoq menga qo'ng'iroq qilib, aytib qo'ying, – dedi xodim muloyimlik bilan. – Hamma hujjatlaringiz joyida. Bugunning o'zidayoq ishingiz bitadi. Kechgacha men sizning hujjatlaringizni rasmiylashtiraman.
Fariza ortiqcha vaqt yo'qotmaslik uchun taksi chaqirib uyiga jo'nadi. Shoshilinchda o'g'lining tug'ilganlik haqidagi guvohnomasini topolmay, nusxasini olib «FHDYo qaydasan?» deya yo'lga tushdi.
FHDYo idorasiga borib vaziyatni tushuntirdi. Xodima uning qo'lidan hujjatni olib arxivga kirib ketdi. Bir mahal bir qo'lida qayd daftari, ikkinchisida guvohnomaning nusxasi bilan xonaga kirib keldi.
– Siz men bilan yuring, – dedi Farizaga jiddiy boqib.
Ayol hayron bo'lib, uning ortidan ergashdi. Ikkovlon boshliqning xonasiga kirishdi. Xodima boshliqning oldiga borib, avval qayd daftarini, keyin guvohnoma nusxasini ko'rsatdi.
– Tushunmadim. Bu nima? – so'radi boshliq ensasi qotib.
– Bu opaning o'g'illari qayd daftarida Alimov, – dedi xodima. – Hujjatda esa Farmonov.
– O'g'lingizning guvohnomasini kim olib ketgan? – so'radi boshliq ayolga qarab. – Ha, mana otasi imzo qo'ygan ekan. O'sha paytda qayoqqa qarabdi u?..
– Bizning davrda qaynonalar olardi guvohnomani. Qaynonam rahmatli qayoqqa qaraganlar bilmadimu, lekin FHDYo idorasining mas'ul xodimi qayoqqa qaragan ekan? Menga shunisi qiziq, – dedi Fariza rosmana jahli chiqib. – Esimda, qaynonam «Guvohnoma yozayotgan ayol chalg'ib, Alimovni o'rniga Farmonov deb yozib qo'ydi. Keyinroq kelsangiz, o'zgartirib beraman, dedi», degan edilar. Lekin voqea bunday tus olganini aytmagandilar.
– O'g'lingiz pasport olganmi? – so'radi boshliq ayoldan
– O'g'lim 31 yoshga kirdi, – dedi ayol ensasi qotib. – Nima deb o'ylaysiz?
Bu javobdan keyin boshliq ancha muloyimlashdi.
– Uylanganmi? – yana so'radi boshliq.
– Yo'q hali, – ters javob berdi ayol.
Shuning ichida boshqa xodima bir erkakni boshlab kirdi. Uning ham bir qo'lida sarg'ayib ketgan qayd daftari, bir qo'lida pasport.
Boshliq xodimaga o'qrayib qaradi.
– Sizga nima kerak? – dedi jahl bilan.
– Bularda ham shu muammo, – dedi xodima. – Pensiya rasmiylashtirgani borsalar, familiyalarida bitta harf noto'g'ri yozilgan – qayd daftarida Faxrutdinov, pasportda esa Faxritdinov ekan.
– Tashqarida kutib turinglar. Bu kishining ishini hal qilib olaylik, – dedi boshliq komp'yuterdan ko'zini uzmay.
– Sizni sarson qilmaslik uchun hozir o'g'lingizni bazaga kiritib qo'yamiz, – dedi boshliq Farizaga xushmuomalalik bilan. – Lekin o'g'lingiz guvohnomaning aslini olib kelib, albatta o'zgartirib ketsin. Esingizdan chiqmasin-a...
Fariza bo'layotgan ishlardan «shok»ka tushdi. «Tavba, shunaqasi ham bo'larkanmi?! O'g'lim 31 yil o'ziga tegishli bo'lmagan familiyada yursa-ya. Bundan chiqdi, u shaxsini tasdiqlovchi soxta hujjat bilan yuribdimi?!.», deya kun bo'yi o'zi bilan o'zi gaplashdi.
Shuncha yil davomida odamlardan nima gaplar eshitmadi. «Nega o'g'illaringizning familiyasi har xil?», «Boshqa-boshqa otadanmi?». Maktabda o'qituvchilar o'g'illaridan «Sizlar amakivachchamisizlar?», «Nimaga familiyangiz har xil?..» deb so'rashardi.
Hayotda bunaqa voqealar ko'p uchraydi. Ularni aytib, kuyishni ham, kulishni ham bilmaysan kishi. Endi o'z-o'zidan haqli savollar tug'iladi: mamlakat fuqarosining hayotida muhim rol' o'ynaydigan hujjatlar borasida tegishli muassasalarning shunday qo'pol xato qilishga haqlari bormi? Ishiga mas'uliyatsizlarcha yondashadigan xodimlarni jazosiz qoldirish to'g'rimi? Jabr ko'rganlarga bunday qo'pol xatolarning xunini kim to'laydi? O'qigan emas, uqqan bo'lsin, deganlariday, balki davlat muassasalariga haqiqiy ilmli-bilimlilarni ming chig'iriqdan o'tkazib ishga olish kerakdir?
Savollar ko'p, javoblar yo'q. A, labbay?!.
Dilorom XUDOYBERGANOVA
«ISHONCH»
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0