Kasaba uyushma Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligiga taqdimnoma kiritdi
O'zbekiston ta'lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligiga taqdimnoma kiritildi. Taqdimnomada tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashiga pedagoglar bilan tuzilgan mehnat shartnomasining V2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo'lmaganligi tufayli bekor qilinishiga nisbatan norozilik bildirilgan murojaatlar kelib tushayotgani ta'kidlangan.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 312-son qarori 9-bandida davlat ta'lim muassasalari xorijiy tillar o'qituvchilari uchun xorijiy tillarni o'zlashtirish darajasi bo'yicha 2025/2026 o'quv yiliga qadar umumiy o'rta, o'rta maxsus va professional ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o'qituvchilari kamida V2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo'lishi lozimligi belgilangan. Ammo ushbu qarorda mehnat shartnomasini bekor qilish bo'yicha ko'rsatma berilmagan.
O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining 2021 yil 16 maydagi 159-sonli buyrug'iga asosan, umumiy o'rta ta'lim maktabi, ayrim fanlar chuqur o'qitiladigan sinflari mavjud umumiy o'rta ta'lim maktablari (maktab-internati) o'qituvchisi lavozimining malaka tavsifida oliy, bakalavr diplomiga ega bo'lishi (magistratura yoki ilmiy darajaga egalik afzallik beradi) ko'rsatilgan.
O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida aynan sertifikat yoki malaka tavsifiga qo'shimcha talab tufayli mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi belgilanmagan.
Shular va boshqa me'yorlarni inobatga olgan holda, O'zbekiston ta'lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi aynan V2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo'lmagan, ayni paytda faoliyat yuritayotgan pedagoglar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish noqonuniy deb hisoblagan va Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligidan O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 54-moddasi, O'zbekiston Respublikasining "Kasaba uyushmalari to'g'risida"gi Qonunining 35-moddasiga muvofiq, joriy yilning 11 avgustiga qadar:
– hududiy tashkilotlarga va ish beruvchilarga V2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo'lmagan xorijiy tillar o'qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish jarayonini to'xtatish bo'yicha rasmiy ko'rsatma berishni;
– aynan V2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo'lmagan xorijiy tillar o'qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish uchun huquqiy asos yetarli emasligi va Mehnat kodeksining 8-moddasiga ko'ra: “Har qanday normativ-huquqiy hujjat xodimning huquqiy holatini yuqoriroq yuridik kuchga ega bo'lgan normativ-huquqiy hujjatga nisbatan yomonlashtirmasligi kerak”ligini inobatga olgan holda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi 312-son qarori 9-bandiga qo'shimcha va o'zgartish kiritish bo'yicha takliflar tayyorlashni;
– V2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo'lmagan xorijiy tillar o'qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish bo'yicha ko'rsatma berayotgan mas'ul xodimlar yoki ish beruvchilarga nisbatan intizomiy chora ko'rishni;
– xorijiy tillar yo'nalishida dars berayotgan o'qituvchilarga nisbatan kamsitishga yo'l qo'yilmasligini ta'minlashni;
– amalga oshirilgan ishlar yuzasidan rasmiy ma'lumotni Vazirlikning rasmiy ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirishni hamda O'zbekiston ta'lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashiga qisqa muddatda axborot taqdim qilishni so'ragan.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0