Baxtsiz hodisa qurboniga 107 mln so'm undiriladigan bo'ldi
O'tgan yilning yoz oyida Toshkent viloyatining Yuqori Сhirchiq tumanidagi bolalar bog'chalarining birida tarbiyachi ayolni tok urib vafot etdi. Kimdir uning yosh umri xazon bo'lganiga, kimdir esa 5 yoshli norasidasining barvaqt onasiz qolganiga achindi...
Marhuma Z.G' endigina 29 yoshga to'lgan ayol, bir farzandning onasi edi. Ma'lum bo'lishicha, u Yuqori Сhirchiq tumanidagi 17-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotida tarbiyachi yordamchisi bo'lib ishlagan. Ish boshlaganiga ikki oy bo'lgan Z.G' odatiy ish kunlarining birida muassasa rahbarining topshirig'iga ko'ra, transformatordagi elektr iste'moli ko'rsatkichini suratga olmoqchi bo'lgan. Yuqori kuchlanishga ega bo'lgan transformatorning eshigini ochib, suratga olayotganida baxtsiz hodisa yuz bergan va u olgan tan jarohatlari oqibatida tez yordam xodimlari yetib kelgunicha vafot etgan.
Shundan so'ng, uning vafoti bo'yicha surishtiruv ishlari olib borildi. Mutaxassislar tomonidan mazkur baxtsiz hodisa muassasa rahbari ushbu xodimga uning vazifasiga kirmaydigan topshiriqni berganligi sababli yuz berganligi tasniflandi. Shundan so'ng, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan marhumaning voyaga yetmagan farzandiga biryo'la to'lanadigan nafaqa hamda bola voyaga yetguniga qadar har oyda to'lanadigan zararni to'lab berish bo'yicha taqdimnoma kiritildi. Biroq, tashkilot tomonidan ushbu taqdimnoma talablari bajarilmadi.
Ish sudga oshirildi. Bir necha marta bo'lib o'tgan sud majlislaridan so'ng, yaqinda marhumaning farzandi uchun biryo'la to'lanadigan 107 mln so'm miqdorida pul undirilishi haqida qaror chiqarildi. Shuningdek, uning farzandi voyaga yetguniga qadar har oyda 700 ming so'mdan ziyod zarar pullari to'lab borilishi qat'iy belgilandi. Yuqori Сhirchiq tumani Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limidan Davlat foydasiga 5 mln 394 ming so'm miqdorida davlat boji ham undiriladigan bo'ldi.
Shokir Xazratkulov,
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi
Toshkent viloyati kengashi mehnat-texnik inspektori
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0