To'rt yilda tiklangan adolat
Ibrohim Bog'ibekov “Hududgaz Xorazm” gaz ta'minoti filialida haydovchi bo'lib ishlardi. Afsuski, 2019 yil 8 noyabr' kuni ishlab chiqarish bilan bog'liq yo'l-transport hodisasi oqibatida vafot etdi. Uch nafar farzandi yetim qoldi.
Marhumning turmush o'rtog'i — Urganch tumani “Qoromon” qishlog'ida istiqomat qiluvchi Gavhar Jabborova 2021 yilda pensiya yoshiga yetdi. Qonunchilikka muvofiq, u boquvchisini yo'qotgan mehnatga layoqatsiz shaxs sifatida zarar puli olish huquqiga ega. Biroq to'rt yil davomida unga belgilangan to'lovlar amalga oshirilmadi. “Hududgaz Xorazm” mutasaddilari marhumning qarindoshlariga bir yo'la to'lanadigan nafaqa to'lab berilganini, boshqa ko'mak berilmasligini aytishdi.
Shundan so'ng, Gavhar Jabborova O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyati kengashiga og'zaki murojaat qilib, huquqiy yordam so'radi. Murojaat asosida fuqarolik ishlari bo'yicha Urganch tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritildi.
Sud da'voni ko'rib chiqib, mavjud dalillarga huquqiy baho berdi va da'vogar foydasiga qaror chiqardi. Sud qaroriga asosan, “Hududgaz Xorazm” gaz ta'minoti filiali tomonidan G.Jabborovaga boquvchisining vafoti munosabati bilan oyma oy to'lanishi lozim bo'lgan pul miqdori hisoblanib, o'tgan davr uchun 20 million 482 ming 500 so'm zarar puli undirib berildi. Shuningdek, unga har oyda eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida doimiy to'lov tayinlandi.
Gavhar opa to'rt yilda adolat qaror topib, haq-huquqi tiklanganidan mamnun.
Erkinboy BAYJANOV,
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi
Xorazm viloyat kengashining mehnat texnik inspektori
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0