Dekret dekretga ulansa...
Savol: Dekret dekretga ulanib ketsa ham, 796-son qaror bo'yicha dekret puli beriladimi?
Savolga huquqshunos Muhammadamin Karimjonov javob beradi.
– vazirlar Mahkamasining 2025 yil 17 dekabrdagi 796-son qaroriga 4-ilova «Davlat ijtimoiy sug'urtasi doirasida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug'ish nafaqalarini tayinlash hamda to'lash tartibi to'g'risida»gi Nizomning 28-bandiga muvofiq, sug'urtalangan shaxs homiladorlik va tug'ish ta'tili yoki bola parvarishi ta'tilidan qaytganidan so'ng yoxud bola parvarishi ta'tilida bo'lgan davrda, homiladorlik va tug'ish bo'yicha takroriy nafaqa tayinlash zaruriyati vujudga kelganda, uning o'rtacha ish haqi miqdorini aniqlash uchun takroriy nafaqa tayinlanadigan oygacha bo'lgan oylik ish haqi hisoblangan oxirgi o'n ikki oy inobatga olinadi.
Sug'urtalangan shaxsga takroriy nafaqa tayinlash uchun uning o'rtacha ish haqi miqdori ushbu bandning birinchi xatboshisiga muvofiq inobatga olinadigan o'n ikki oylik jami ish haqi miqdorini o'n ikkiga bo'lish yo'li bilan hisoblanadi. Bunda sug'urtalangan shaxs homiladorlik va tug'ish yoki bola parvarishlash ta'tilidan qaytgandan so'ng:
— ish haqi hisoblangan yoki ixtiyoriy sug'urta badali to'langan oylar soni 3 oydan kam bo'lsa, ushbu bandga muvofiq aniqlangan o'rtacha ish haqi miqdoriga nisbatan 0,5 koeffitsient;
— ish haqi hisoblangan yoki ixtiyoriy sug'urta badali to'langan oylar soni 3 oydan 6 oygacha bo'lsa, ushbu bandga muvofiq aniqlangan o'rtacha ish haqi miqdoriga nisbatan 0,75 koeffitsient qo'llaniladi.
Bunda sug'urtalangan shaxsga nafaqa tayinlash uchun hisobga olinadigan o'rtacha oylik ish haqi miqdori minimal iste'mol xarajatlari miqdoridan kam bo'lganda, mazkur shaxsning o'rtacha oylik ish haqi miqdori minimal iste'mol xarajatlari miqdoriga tenglashtiriladi.
Ya'ni, sodda qilib tushuntirganda, dekretni dekretga ulagan ayol, u dekretdan bu dekretgacha umuman ishlamagan yoki 3 oygacha ishlagan bo'lsa, Nizomning 28-bandiga muvofiq aniqlangan o'rtacha ish haqi miqdoriga nisbatan 0,5 koeffitsient olinadi. Ya'ni o'rtacha oylik ish haqi 5 million so'm bo'lsa, shuning yarmi — 2,5 million so'mdan dekret puli hisoblab chiqariladi.
Agar ayol u dekretdan bu dekretgacha 3 oydan 6 oygacha ishlagan bo'lsa, Nizomning ushbu bandiga muvofiq aniqlangan o'rtacha ish haqi miqdoriga nisbatan 0,75 koeffitsient olinadi. Ya'ni o'rtacha oylik ish haqi 5 million so'm bo'lsa, 3 million 750 ming so'mdan dekret puli hisoblab chiqariladi.
Nizomning 16-bandiga muvofiq sug'urtalangan shaxslarga sug'urta hodisasi yuzaga kelganda, ularga tayinlanadigan davlat ijtimoiy sug'urtasi bo'yicha to'lovlar miqdori quyidagi tartibda hisoblanadi:
Nafaqa miqdori = O'O'IX ÷ 25,3 × SK × KS, bunda:
— O'O'IX — hisoblangan o'rtacha oylik ish haqi;
— 25,3 — ish kunlarining o'rtacha oylik soni;
— SK — sug'urta stajiga mutanosib ravishda o'rtacha oylik ish haqiga nisbatan qo'llaniladigan staj koeffitsienti;
— KS — mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko'rsatilgan davr ichidagi Jamg'arma hisobidan qoplab beriladigan kunlar soni.
Diqqat! Dekret pulini olish uchun sug'urtalangan shaxslarda kamida 10 oy sug'urta staji mavjud bo'lishi kerak! Aks holda dekret puli to'lanmaydi!
Diqqat! Harbiy xizmatchilarning, ichki ishlar organlarining, O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining boshliqlar va oddiy askarlar tarkibidan bo'lgan shaxslarning, sud'yalarning va prokuratura organlarining martaba darajalariga (harbiy unvonlarga) ega bo'lgan xodimlarining ijtimoiy sug'urtasi, ya'ni dekret va bol'nichniy pullari 2024 yil 31 maydagi 314-son qaror bilan tartibga solinaveradi, ushbu toifa xodimlarga 2025 yil 17 dekabrdagi 796-son qaror tatbiq qilinmaydi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0