840 minglik saboq: “Toshkentcha innovatsiya”
Yaqindan poytaxtning markaziy ko'chalarida shahar hokimining tegishli qarori bilan pulli parkovkalar tashkil qilindi. Tabiiyki, bundan ko'pchilik haydovchilar norozi bo'lishdi. Kamina ham shular jumlasidan. Hatto yozarmanligimga borib, bir nechta bo'lmag'ur maqolalar bitdim. Endi bilsam, adashgan ekanman.
Birinchidan, bu ishni juda to'g'ri qildinglar. Zero, kambag'al odam mashina minmaydi, jamoat transportidan foydalanadi. Buning uchun yetarli imkoniyat va shart-sharoitlarga ega.
Ikkinchidan, mashina – hashamat. Uning xarajatiga chidagan sotib oladi.
Uchinchidan va eng asosiysi, xorijiy tajribada shunday.
Ha, endi aybga buyurmaysizlar, o'sha vaqtda men xato o'ylagan ekanman. Sizlarning olijanob, xalqparvar g'oyanglarni aqli ojizlik bilan noto'g'ri tushunibman. Mana, endi ezgu maqsadinglarni anglab yetib, sizlarga shu nomani bitmoqdaman.
Hurmatli «Poytaxt parking» tashkilotchilari!
Sizlarga murojaat qilishdan oldin bir gapni ochiq aytishim kerak: men endi avvalgidek boqibeg'am haydovchi emasman. Ilgari mashinani qaer bo'sh bo'lsa, o'sha joyga qo'yib ketaveradigan ovsar edim. Hayotim ham shunga yarasha pala-partish edi: ishga boraman, ulovimni to'g'ri kelgan yerda qoldiraman va kun bo'yi xotirjam yuraman.
Sizlar keldingiz-u hayotimga tartib-intizom kirib keldi. Endi men o'z inon-ixtiyorim bilan pulli parkovkadan foydalanyapman. Shunki xuddi sizlardek davlat byudjetiga bir fuqaro sifatida munosib hissa qo'shishni istayman.
Ilgari yo'l yoqalari shunchaki asfal't edi. Endi esa uning o'z qiymati, qadri bor. Shuncha payt bo'sh yotgan joydan milliardlab pul qilish bu – nihoyatda odilona reja, har kimning ham xayoliga kelavermaydigan innovatsion g'oya! Bundan ham davlatga, ham sizlarga, ham bizlarga foyda!
Shaxsan men bunga juda tez ko'nikdim. Hatto ba'zan ataylab, bepul parkovkaga emas, pulli joyni tanlayapman. Bepul hududlarga negadir ishonchim susayadi: “Ushbu maskanlar hali kattalarning e'tiboriga tushmabdi, shekilli”, deb o'ylab qolaman. Demak, u yerda tartib yo'q. Tartib yo'q joyda esa ishonch bo'lmaydi. Tartib bor joy ishonchli bo'ladi. Ishonchli joy esa bepul bo'lmasligi tayin.
Bir kuni deng, tirbandlik tufayli ishga kechikib keldim. Qarasam, pulli parkovkada joy yo'q. Shunda mashinamni taqiqlangan maydonda qoldirdim. Buni o'z ixtiyorim bilan qildim. Ko'p o'tmay, yoniga «Poytaxt parking» degan yozuv tushirilgan «Kobalt» rusumli ulov videotasvirga olib ketdi. Xursand bo'ldim. Ertasi kuni roppa-rosa 840 ming so'mlik jarima keldi. Agar 14 kun ichida to'lasam, 50 foiz chegirmasi bor ekan. Tushlikdan so'ng mashinani ataylab piyodalar yo'lakchasiga qo'ydim. Bu ishim bilan 412 ming so'm jarimaga a'zo bo'ldim.
Nega shunday qildim, bilasizmi? Shunki men o'zimni kechirolmadim. Nahotki, kechikdim, axir, men tartibli fuqaro bo'lishga ont ichgandim-ku, deb o'zimni koyib yurmaslik uchun shu yo'lni tanladim.
Jarimalarni esa muddatini o'tkazib to'ladim. Toki bitta xatoim menga saboq bo'lsin! Toki boshqa safar bunday beboshlikka yo'l qo'ymayin…
To'g'ri, bu ishim tufayli bolalarim ikki hafta go'sht yemadi. Hechqisi yo'q, osmon uzilib yerga tushmaydi. Ular bu kunlarni ko'rmagandek bo'lib ketishadi.
Sizlar bizga katta saboq berdingiz: vaqt bu – pul. Ilgari 5 daqiqalik ishni ham cho'zib yurardik. Endi esa, uni 3 daqiqada bitirishga harakat qilyapmiz. Shunga yarasha samaradorlik oshdi. Sizlarning sa'y-harakatingiz bilan bizning iqtisodiy ongimiz yuksalyapti.
«Poytaxt parking» tashkilotchilari sizlar shaharda oddiy to'xtashni san'at darajasiga olib chiqdingiz. Har bir haydovchi iqtisodchi, strategga aylandi. Bu naqadar buyuk baxt?! Kamina undan har kuni bahramand bo'lyapti. Buning uchun sizlarga tashakkur!
Iloji bo'lsa, poytaxtdagi boshqa bo'sh joylarni ham mana shunday pulli parkovkaga aylantirsangiz, xalqimiz sizlardan behad minnatdor bo'lardi.
Hurmat bilan G'ofil G'ULOM



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0