Kopenhagen – 2025 yilning eng baxtli shahri deb e'lon qilindi
Happy City Index tashkiloti tomonidan har yili e'lon qilinadigan dunyodagi eng baxtli shaharlar ro'yxatida bu yil Daniya poytaxti Kopenhagen yetakchi o'rinni egalladi. Shahar 2025 yilda tarixiy ko'rsatkich – 1039 ball to'plashga muvaffaq bo'ldi.
Kopenhagenning ushbu muvaffaqiyati tasodifiy emas: u barqaror rivojlanish, ekologik poklik va zamonaviy, ekologik toza transport vositalaridan samarali foydalanish imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Aholining 69 foizdan ortig'i velosiped yoki jamoat transportida harakatlanadi. Shuningdek, shaharda baxt va farovonlik mavzusini ilmiy va madaniy jihatdan o'rganishga bag'ishlangan “Baxt muzeyi” faoliyat ko'rsatadi.
Reytingda ikkinchi o'rinni Shveytsariyaning Tsyurix shahri egalladi. U samarali sog'liqni saqlash tizimi, mustahkam iqtisodiyot va barqarorlikni ta'minlovchi davlat siyosatlari bilan yuqori bahoga sazovor bo'ldi — 993 ball.
Singapur (979 ball) esa ro'yxatda uchinchi o'rinni egallab, Yevropadan tashqaridagi eng baxtli shahar sifatida qayd etildi. Ekspertlar ta'lim sifati, ishsizlik darajasining pastligi va aholining ijtimoiy faolligini asosiy omillar sifatida ta'kidlashdi.
To'rtinchi o'rin Daniyaning ikkinchi yirik shahri – Orxus (958 ball)ga nasib etdi. Uning muvaffaqiyati fuqarolarning shahar boshqaruviga keng jalb qilinishi va kuchli iqtisodiy ko'rsatkichlari bilan bog'liq. Kuchli beshlikni Bel'giyaning Antverpen shahri (956 ball) yakunlab, Janubiy Koreyaning Seul shahrini ortda qoldirdi.
Kuchli o'nlikqa, shuningdek, Stokhol'm, Taypey, Myunxen, Rotterdam va Vankuver kabi shaharlar kirdi. 30 ta eng baxtli shaharlar qatorida Vena, Parij, N'yu-York, Jeneva va Barselona kabi yirik megapolislar ham bor.
Tadqiqot mualliflarining ta'kidlashicha, shaxsiy baxt darajasi tabiiy iqlim yoki yuksak daromadga emas, balki infratuzilmaning rivojlanganligi, sifatli tibbiyot, ekologik barqarorlik va jamiyatdagi inklyuzivlik kabi omillarga bog'liq.
Afsuski, Markaziy Osiyodagi shaharlar — jumladan, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston shaharlari bu galgi ro'yxatda kuchli 200 talikka ham kira olmadi. Xususan, Ozarboyjon, Mo'g'uliston va BAA shaharlari ham ro'yxatda aks etmagan.
Mashhura JO'RAQULOVA
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0