Kosonda «Damas»portladi, natijada 3 ta avtomobilga zarar yetdi
Qashqadaryo viloyati Koson tumanida dehqon bozorining oldida qo'yib ketilgan "Damas" rusumli avtomobil portladi.
Holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligining munosabati e'lon qilindi. Unda keltirilishicha, 7 mart kuni soat 10:30 atrofida Koson tumani «Yangiobod» mahallasidagi Maymanoq–Koson chorrahasida harakatlanmay turgan «Damas» rusumli avtomashinaga o'rnatilgan siqilgan gaz balloni texnik nosozlik sabab chaqnagan.
Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagani, yong'in ham kelib chiqmaganini ma'lum qilgan vazirlik boshqa shaxslarga yetkazilgan moddiy zararlarni ochiqlamagan.
"Ishonch.uz" muxbiri voqea joyiga borib, holatni o'rgandi. "Damas" rusumli avtomobilning gaz balloni portlashi natijasida yaqin atrofda harkatlanmay turgan "Nexia 3","Nexia 2" va "Nexia 1" rusumli 3 ta avtomobil shikastlangan.
"Nexia 2" rusumli avtomashinaning haydovchisi, dehqon bozoriga oziq-ovqat xarid qilgani kelganini, avtoulovini yo'l chetiga qo'yganini, portlash ovozi baland chiqqanini ta'kidlarkan, har bir haydovchi mashinasini texnik holatini yaxshi saqlashi lozimligini eslatib o'tdi.
Koson tuman tibbiyot birlashmasi mas'ullari holat yuzasidan hech bir fuqaroga tan jarohati yetmagani, ushbu holat yuzasidan muassasaga shoshilinch murojaatlar kelib tushmaganini ma'lum qildi.
Ayni paytda holat yuzasidan Koson tuman IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Bahodir HALIMOv,
“Ishonch.uz”



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0