Toshkentda qator zaryadlash stantsiyalari tokdan uzildi: kim aybdor?
Shu kunlarda O'zbekistonga sovuq va nam havo massalari kirib keldi, ayrim hududlarda qor yog'a boshladi. Shuningdek, Energetika vazirligi metan zapravkalari vaqtincha yopilishini e'lon qildi. Biroz avval esa poytaxtda yuzdan oshiq elektromobillarni zaryadlash stantsiyalari tokdan uzib qo'yilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
O'zbekistonda millionlab avtomobillar bor. Aholi kundalik ehtiyojda avtomobillardan keng foydalanadi. Eng muhimi, elektromobillar soni ham shiddat bilan ko'paymoqda. Xo'sh, bunday vaziyatda zaryadlash stantsiyalari muammosi kimga kerak, degan savol tug'iladi.
O'zbekistonda yashil energiya va elektromobillarga yuqori darajada e'tibor qaratiladi. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoev 2025 yil Oliy Majlisga yo'llagan murojaatnomasida ham bu mavzuni e'tibordan chetda qoldirmagan edi. Unga ko'ra, elektromobillarni ommalashtirish bo'yicha besh yillik dastur amalga oshirilishi belgilandi. Dastur doirasida mahalliy ishlab chiqarilgan elektromobillar uchun yillik 12 foizli, xorijdan olib kiriladigan elektromobillar uchun esa 16 foizli avtokreditlar ajratilishi ko'zda tutilgan. Shuningdek, elektromobillarni quvvatlash infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar taqdim etiladi. Ular uchun yer uchastkalari auktsionlarda ikki baravar arzon narxda taklif qilinadi. Bundan tashqari, zaryadlash stantsiyalarida elektr energiyasi narxining 1 kilovatt-soatiga 300 so'mdan oshgan qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
E'tibor va imtiyozlarga qaramay, zaryadlash stantsiyalari bilan bog'liq vaziyatni tekis deb bo'lmaydi. Joriy oy boshida Toshkent shahrida boshlangan taftish doirasida hozirgacha yuzdan ortiq elektromobillarni quvvatlash stantsiyalari elektr tarmog'idan uzib qo'yildi. Endi o'ylab ko'ring, tashqarida sovuq, metan zapravkalar yopilgan, benzin haminqadar va qimmat, buning ustiga elektromobillarni zaryadlash ham asta-sekin muammoga aylanmoqda. Bu har qanday sog'lom fikrli kishini o'ylantiradi.
Bir muammo muhokamalarga sabab bo'lganidan keyin rasmiy bayonot bilan chiqadigan idoralar esa zaryadlash stantsiyalari mavjud tarmoqlarga ortiqcha yuklanish keltirib chiqaradi, deya izoh berishmoqda. Masalan, Toshkent shahar hokimligining 5 mart kungi bayonotiga ko'ra, shaharda 20 kWdan yuqori quvvatli 1300 ga yaqin tezkor quvvatlantirish qurilmasi o'rnatilgan bo'lib, o'tkazilayotgan xatlovdan maqsad – “ulanishlarni tartibga solish va aholi uchun xavf-xatarlarni kamaytirish”dan iboratdir.
Bosh vazir o'rinbosari Jamshid Xo'jaevning tadbirkorlar bilan uchrashuvida ham shu masala ko'tarildi. vazir o'rinbosari ham bu muammo energetika tizimiga yuklama bilan bog'liqligini aytgan. Kun.uz nashri esa mazkur masala yuzasidan o'tkazgan surishtiruvda muammoni quyidagicha izohladi: “Elektromobil quvvatlash stantsiyalarini o'rnatgan aksar tadbirkorlar hududiy elektr tarmoqlari bilan bevosita shartnomaga ega emas, ular HETK bilan shartnomaga ega birlamchi iste'molchilar (yuridik shaxslar)ning transformatoriga ulangan va shu sabab subiste'molchi hisoblanadi”.
Umumiy kartina bo'yicha xulosa qiladigan bo'lsak, rasmiylarda ham tekshiruv va chora ko'rish bo'yicha qandaydir asos bor. Ammo bizda ham masala yuzasidan qator savollar tug'iladi.
Birinchidan, elektomobillar va ularni quvvatlantirish masalasi bo'yicha yillar davomida bong urib kelinyapti, nega shu paytgacha tuzukroq tartib ishlab chiqilmadi? Nega idoralar avvalgidek, birdaniga “salla desa kallani olish” tartibida ishlamoqda? Yurtimizni hali qish sovuqlari tark etgan yo'q, yoqilg'i yaxshigina muammoga aylanib turibdi. Bunday vaziyatda odamlar uchun noqulaylik tug'dirish kimga kerak?
2022 yil 19 dekabr' kuni imzolangan “Elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident farmoniga asosan, elektromobillarni quvvatlantirish stantsiyalarini elektr quvvatiga ulash hamda ular tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlar bo'yicha umumiy talablar va yagona standartlarni belgilash topshirig'i berilgan. Ammo hozirgacha bu bo'yicha talablar bajarilmagan va standartlar ishlab chiqilmagani ma'lum bo'ldi. Mas'ullar esa shunchaki borib, stantsiyalarni tokdan uzib qo'yishmoqda, xolos.
Buning ustiga mazkur muammo kecha chiqqan masala emas. O'zbekistonda elektromobil stantsiyalarini keng ko'lamda tarmoqdan uzib qo'yish 2024 yil dekabr' oyida ham kuzatilgan (vaqtni qarang, ayni qorli sovuqlar kuzatiladigan qahraton qishda), natijada ayrim stantsiyalarda uzun navbatlar paydo bo'lgandi. Keyinroq Energetika vazirligi bayonot bilan chiqib, stantsiyalarni tokdan uzish haqida topshiriq bermaganini aytgandi. O'shanda muammo bir ko'tarildi, qaytadan elektr ta'minoti berilgach, hamma jimib ketdi. Muammo ortidagi huquqiy va tashkiliy masalalar ochiq qoldi.
Mazkur masalaga e'tibor qaratgan iqtisodchi bloger Otabek Bakirov ham alohida tartib ishlab chiqilganiga qadar, stantsiyalarga tegmaslikka chaqirdi. “Tartib yo'qmi? Zaryadlash stantsiyalari tokdan uzilmasligi kerak. Ta'kidlanishicha, stantsiyalarning ko'p qismi joy egalari bilan ijara shartnomasi asosida o'rnatilgan va mahalliy transformatorlar orqali elektr tarmog'iga ulangan. Biroq sohada aniq tartib-qoidalar hali to'liq ishlab chiqilmagan. Tadbirkorlarning sohani tartibga soluvchi normativ hujjatlar qabul qilinguniga qadar zaryadlash stantsiyalarini ommaviy o'chirmaslik talabi to'la-to'kis o'rinli”, deya xulosa qiladi u.
Shu o'rinda statistikaga murojaat qilishni ma'qul ko'rdik. Milliy statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, 2025 yilning yanvar'–sentyabr' oylarida O'zbekistonga 16 ta xorijiy davlatdan qiymati 473 mln AQSh dollariga teng bo'lgan 40 345 dona elektromobil import qilingan. Import hajmi o'tgan yilning mos davriga nisbatan 24 140 donaga yoki qariyb 2,5 barobarga oshgan. Ya'ni elektromobillar soni shiddat bilan o'smoqda, bu jarayon to'xtab qolmaydi. Ularning katta qismi esa Toshkent shahriga to'g'ri keladi. Shunday vaziyatda, muammoni to'liq o'rganmasdan, alohida tartib ishlab chiqmasdan zaryadlash stantsiyalari faoliyatini falajlash to'g'rimikan? Agar ularning faoliyatida qonunbuzilishlari bo'lsa, soha mas'ul rahbarlar nega yillar davomida bunga ko'z yumib kelingan?
Bir narsa ma'lum, hozirgi jarayon davlatimiz ilgari surayotgan yashil iqtisodiyot talablariga mos kelmaydi. Toshkent shahrida ekologik vaziyat yomonlashgani va buning ortidan kelib chiqqan muammolarni barchamiz ko'rdik. Bunga hatto davlat rahbari darajasida e'tibor berildi. Shundan kelib chiqadigan bo'lsak, elektromobillarni zaryadlash stantsiyalari masalasi ham kichkina muammo emas. Bizningcha, mas'ullar alohida tartib ishlab chiqilguncha ularning ishlashiga ruxsat berib, faoliyatini qonuniylashtirishda hamkorlik qilishi kerak. Bu adolatli yechim bo'ladi.
Albatta, vaziyat o'nglanmoqda, faoliyat tiklanmoqda. Lekin savol baribir saqlanib qoladi – kim aybdor va qaysi tashkilot istagan paytda uzib qo'yaveradi?
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0