Gul kerakmi yoki go'sht?
Kecha kechqurun ustozimga guldasta olish niyatida kichik gul do'koniga kirdim. Atirgullar, lolalar, xriziantemalar va men nomlarini bilmaydigan boshqa maftunkor gullar rango rang tovlanardi.
Bir necha kun oldin jurnalist Abror Zohidovning telegram kanalida o'tkazgan “Gul yoki bir kilo go'sht?” mazmunidagi so'rovnomasi yodimga tushdi. Ko'pchilik “bir kilo go'sht”ni tanlagani o'yga toldirgandi. Ayollar, ehtimol, gulning go'zalligidan ko'ra bolalarining qorni to'q bo'lishini ustun qo'yishgandir. Bu bir tomondan ayolning mehrini, oilaparvarligini, tejamkorligini ifodalasa, ikkinchidan, oilalarning iqtisodiy sharoitlarini ham fosh qilardi. Aslida ayollarning barchasi ham gulni yaxshi ko'radi. Shularni o'ylab, ustozimga u yaxshi ko'radigan atirgullardan tanlashga qaror qildim.
Shu payt eshik sekin ochilib, ichkariga er-xotin kirib keldi.
— Gullaringizning eng chiroylisi qaysi? — deb so'radi erkak.
Bu g'alati savol diqqatimni tortdi va yalt etib ortga qaradim. vo darig'... erkakning ko'zlari ojiz edi...
Ayol esa muloyim ovozda “Eng iforlisini bering”, - dedi.
Gulchi bir oz o'ylanib turdi-da, eng qimmat guldastalardan birini oldi. U chindan-da ham go'zal, ham yoqimli ifor taratayotgandi.
— Necha so'm?
— Ellik ming.
Hayron bo'lib gulchiga qaradim. Xuddi shunday guldastni hozirgina bir po'rim kiyingan yigit 500 ming so'mga olib ketgandi.
Ayol gulni qo'liga oldi. So'ng erkakka hidlash uchun berdi.
— Qanday go'zal hid kelyapti, — dedi u shivirlab.— Senga yoqdimi?
— Juda.
— Demak, eng chiroylisi shu ekan.
Ular do'kondan chiqib ketishar ekan, yuzimda tabassum, ko'zlarimda nam qalqdi. Meni suyuntirgan bu voqea sizni ham quvontiradi degan niyatda qog'ozga tushirdim...
Muhabbat To'raboeva



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0