Yashirin epidemiya xavf solmoqda
Bugungi kunda allergik kasalliklar global muammoga aylanib borayotgani sir emas. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, dunyo bo'ylab aholining 30 foizdan ziyod qismi turli xil allergik reaktsiyalardan aziyat chekmoqda.
Shuning uchun ham 8 iyul' — Xalqaro allergiyaga qarshi kurash kuni butun jahonda keng nishonlanadi. Ushbu sana orqali aholini allergiyaning jiddiyligi haqida ogohlantirish, uning oldini olish va davolash yo'llari haqida ma'lumot berish maqsad qilinadi.
Allergiya immun tizimining muayyan moddalarga nisbatan ortiqcha va nosog'lom reaktsiyasi hisoblanadi. Uning manbai chang, o'simlik changi, ovqat, dori vositalari, hayvon juni, hatto suv yoki sovuq bo'lishi mumkin. Belgilari oddiy ko'z yosh oqishidan tortib, nafas qisilishi, tirishish, hatto anafilaktik shokgacha bo'lgan og'ir holatlarni qamrab oladi.
Zamonaviy ilm allergiyaning kelib chiqishida bir necha asosiy omillarni ko'rsatmoqda:
-muhitning ifloslanishi: havo, suv va ozuqa mahsulotlaridagi kimyoviy moddalar, pestitsidlar;
-shaharlashuv: sun'iy muhitda kam harakatli, yopiq joylarda uzoq yashash;
-immunitetning pasayishi: noto'g'ri ovqatlanish, stress, antibiotiklarni ortiqcha qabul qilish;
-genetik moyillik: ota-onasida allergik holat kuzatilgan bolalarda xavf yuqori bo'ladi.
Evropa allergologiya va klinik immunologiya akademiyasi ma'lumotlariga ko'ra, 2030 yilga kelib Yevropa aholisining 50 foizidan ko'prog'i allergiyaga moyil bo'lishi mumkin. AQShda har to'rtinchi odamda biron-bir allergik holat qayd etilgan. O'zbekistonda ham keyingi yillarda allergik kasalliklar bilan bog'liq murojaatlar soni ortib bormoqda, ayniqsa bolalar va o'smirlar orasida pollinoz, atopik dermatit va ozuqaga allergiya holatlari ko'paymoqda.
Ko'pchilik allergiyani yengil shamollashga o'xshatadi. Allergik reaktsiyalar vaqtida zarur yordam ko'rsatilmasa, ular hayot uchun xavfli asoratlarga — bronxial astma, anafilaksiya, qondagi kislorod tanqisligi va hatto o'limga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, allergik kasalliklar doimiy davolash, parhez, turmush tarzidagi cheklovlarni talab qiladi. Shuning uchun ham allergiya yigirma birinchi asrning yashirin epidemiyasi sifatida baholanmoqda.
Shifokorlar allergiyadan himoyalanishning bir necha oddiy, ammo samarali usullarini tavsiya qiladilar:
Allergen manbasini aniqlash. Zamonaviy testlar sizda qanday moddalar reaktsiya chaqirishini aniqlaydi.
Havoni toza saqlash. Xonadagi chang, namlik, havo tozaligini nazorat qiling. Pollinoz mavsumida eshik-derazalarni yopiq holda ushlang.
To'g'ri ovqatlanish. Sarhil mahsulotlar, tabiiy ozuqa, kam shirinlik va konservant — allergiyadan himoyada asosiy vosita.
Immunitetni mustahkamlash. Harakatli hayot, yaxshi uyqu va vitaminlarga boy ovqat — tanangiz muhofazasini kuchaytiradi.
Shifokorga murojaat qilish. Ko'z, tana, tana haroratidagi o'zgarishlar allergiya belgilari bo'lishi mumkin. Va eng muhim qoida: o'zboshimchalik bilan dori qabul qilmang.
Yulduz RO'ZMETOVA,
TTA Urganch filiali talabasi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0