Tutunning achchig'ini mo'ri biladi. Yoxud qay birini otam desin?..
Bu maktub tahririyatimizga kunda-kunaro kelib turadigan shikoyatlar sirasiga kirmasdi. Bil'aks, u to'shakda dard bilan olishib yotgan bemorning dil hasratlari edi. Yanayam aniqrog'i, allaqachonoq oshini oshagan, yoshini yashagan qariyaning o'z dilbandi ustidan bitgan arz-dodi edi. Har kalimasi iztirob ila yo'g'rilgandi.
“Hurmatli muharrir, — deb boshlanardi xat, — men butun umrimni xalq baxt-saodati yo'lida sarfladim. Eng qaltis-tahlikali damlarda el osoyishtaligini qo'riqlashdek mas'ul vazifalarda ishladim. Xizmatlarim evaziga qator mukofotlar bilan taqdirlandim... Hozir yoshim sakson uchda. Azbaroyi keksalik, quloqlarim og'irlashgan, ko'zlarim xiralashgan. Ustiga ustak, bedavo xastalikka yo'liqqanman. O'rnimdan turolmaydigan bo'lib qolganman. Ammo mening faqat jismimda emas, qalbimda ham og'ir dard bor. Buning sababchisi — o'g'lim, o'z pushti kamarimdan bo'lgan yolg'iz farzandim. U mendan xabar olmaydi. Hozirgi kampirimga uylanibmanki, biror marta “Holing qalay?” deb, ko'ngil so'ramaydi. Loaqal nevara-evaralarimni yaqinimga yo'latmaydi. Ularning diydoriga to'ygani qo'ymaydi.
Qisqasi, ko'zimning oqu qorasi mendan butunlay voz kechgan. Yorug' dunyoda bor-yo'qligimni unutib yuborgan. Balki, siz uni hali hayotning past-balandini bilmaydigan, inson qadr-qimmatini tushunmaydigan bo'z yigit, deb o'ylarsiz. Yo'q, aslo!.. O'g'lim payg'ambar yoshini qoralab qo'ygan. Kasbi — pedagog. Salkam qirq yildan buyon til-adabiyot fanidan saboq beradi. Shahrimizdagi eng yirik maktablardan biriga rahbarlik qiladi...
Sizlardan iltimos, bag'ritosh o'g'limni topib, bir suhbatlashsangizlar. Unga har kun-har lahza yo'llariga intiq otasi tirikligini eslatib qo'ysangizlar. Zora, shunda xatosini tushunsa, meni yo'qlab eshigimdan kirib kelsa...
Umid bilan Tovboy TO'XTAEV”.
Yashirishdan na foyda?.. Maktubni o'qib, otaxonga astoydil achindim. Uni shu ko'ylarga solgan, zor-zor yig'latgan o'g'ildan qattiq ranjidim. Axir, u qanday battol, qanday nobakor farzandki, o'zini dunyoga keltirgan, tarbiyalab voyaga yetkazgan otasidan tonsa, og'ir kunlarida koriga yaramasa?.. Axir, u qanday tili boshqa-yu dili boshqa ziyoliki, yoshlarga odob-axloqdan dars bersa, uzzukun insof-diyonatdan va'z o'qisa-yu o'zi insoniylik sinovidan o'tolmasa?.. Tavba, odam shunchalik tuban ketadimi? O'qituvchi deganlari shunchalik munofiq, shunchalik ikkiyuzlamachi bo'ladimi?..
Yana kim bilsin, ehtimol, men yanglishayotgandirman. Ehtimol, qars ikki qo'ldan chiqishini hisobga olmay, biryoqlama fikrlayotgandirman. Balki gap boshqa yoqdadir. Balki o'rtada men bilmagan qandaydir sir bordir.
Ana shunday qarama-qarshi xayollar og'ushida yo'lga otlandim. Tong saharlab poytaxt markazidagi ko'pqavatli uylardan birining eshigini qoqdim. Ko'rinishidan xushfe'lgina, istarasi issiq, oltmish yoshlar chamasidagi ayol istiqbolimga peshvoz chiqdi:
— Keling, bolam, keling. Qani, ichkariga marhamat!
O'zimni tanishtirdimu, ortiqcha mulozamat kutmay, ostona hatladim. Torgina dahliz. Nimqorong'i, chog'roqqina xona. Lekin chor-atrof saranjom-sarishta. Yerda cho'g'day gilam. O'ng tomonda ustiga kimxob jild qoplangan divan-kursilar. So'l tarafda chet el servanti. Tokchalariga chinni-billur idishlar did bilan terib qo'yilgan. Derazalarga harir pardalar ilingan. Burchakda rangli televizor. To'rdagi karavotda esa bemor. Bir burdagina bo'lib, behol-behud yotibdi. Kirdi-chiqdiga ishi yo'q. Go'yo yashashdan bezgandek, hamma narsaga beparvo. Yonoqlari bo'rtib chiqqan. Ajindor yuzlari so'lg'in. Ich-ichiga cho'kkan horg'in ko'zlarida bir olam g'am-anduh. Og'riq xurujidan dam-badam bezovtalanadi. O'qtin-o'qtin chuqur nafas olib, kalta-kalta yo'talib qo'yadi. Har to'lg'onganida ayoli hozirjavoblik ko'rsatadi. Uning bemajol, qoqsuyak qo'llarini silab-siypalaydi, uvishgan oyoqlarini uqalaydi. Yostig'ini to'g'rilab, qaqroq lablariga choy tutadi.
Anchadan keyin chol o'ziga keldi. Kampiridan mening kimligimni eshitgach, ko'zlariga nur indi. Ko'p o'tmay gap gapga qovushdi. Otaxon hasrat daftarini ochdi. Ranj-alamlar gina-kuduratlarga ulandi. Dil armonlari ko'z yoshlariga aylandi.
O'zining aytishicha, u o'ttiz besh yil ichki ishlar idoralarida xizmat qilgan. Jinoyatchi-qonunbuzarlarga qarshi kurashda beqiyos jasoratlar ko'rsatgan. Ana, isboti — allazamonlar egnidan yechgan, endilikda uniqib, ohori to'kilgan harbiy libosida o'nga yaqin orden-medal' yarqirab turibdi. O'sha kezlar u chaqqon-dovyurak, kelishgan, alpqomat yigit bo'lgan. Buni xona to'riga iliqlik suratidan ham bilish mumkin. Unda jiddiy qiyofali, o'ktam nigohli, shopmo'ylovli kishi qat'iyat bilan boqib turibdi.
— Ikki-uch yilcha burun o'g'lim birrov keldi, — xayolimni cholning o'kinchli ovozi bo'ldi. — Keldi-yu, bor budimizni shilib ketdi noinsof. Hatto, ishlatib yurgan choynak-piyolamizni, eski ko'rpa-to'shagimizu buzuq televizorimizniyam qoldirmadi nokas...
Bu “yangilik”dan hayratim battar oshdi. “Eshitganlarim rostmi?” degan ma'noda yer ostidan kampirga nazar tashladim. U ohista bosh qimirlatdi-da, negadir ko'zlarini chetga olib qochdi. So'ngra ildam o'rnidan qo'zg'alib, oshxona sari yurdi. Men tag'in-da hazin-ma'yus o'ylarga toldim: “Nahotki, kap-katta odam shunchalik pastkashlik qilsa? Keksalarni yolg'izlatib qo'ygani yetmaganday, buyumlarini-da tashmalab ketsa? Nahotki, ota qarg'ishi xudo qarg'ishiga tengligini bilmasa?..”
...Alqissa, mavridi yetib, malomatga uchragan farzand bilan uchrashdim. Ismi Boir ekan. Otasi aytganidek, maktab direktori ekan. Gap-so'zlariga, o'zini tutishiga qaraganda, bama'ni, kamtar-kamsuqum kishiga o'xshaydi. Boqishlari muloyim, fikrlari ma'nodor. Har so'zini mulohaza bilan, chertib-chertib gapiradi. Taassufki, men hali-hanuz otaxonning iddaolari ta'sirida edim. Xayolimda “Odamning olasi ichida” degan aqida hukmron edi. Shu bois sir boy bergim kelmadi. Fursat poylab, shikoyat xatini uning oldiga surdim.
Boir aka, otasining ism-sharifiga ko'zi tushar-tushmas, ilkis hushyor tortdi. Peshonasi tirishib, qovoqlari uyuldi. Kiprik qoqmay, maktubni o'qishga tutindi. Bora-bora boyagi muloyimligidan asar ham qolmadi. Qaddi bukchayib, ko'z o'ngimda batamom boshqa odamga aylandi. O'rtaga zil-zambildek sukunat cho'kdi.
— Shu yoshimda yolg'on gapirsam, menga yarashmas, — dedi u anchadan so'ng siniq kayfiyatda. — Qolaversa, haqiqatni yashirib, oyni etak bilan yopib bo'lmaydi. Bu odam, — Boir aka shahodat barmog'ini bigiz misoli qog'ozga nuqidi, — chindanam mening otam. Ammo, nima desangiz, deng, qanday tushunsangiz, shunday tushuning, uni ota deyishga sira tilim bormaydi. O'zini ko'rishni ham, uyiga borishni ham jinim suymaydi. Diydiyolarini tinglashga sabrim chidamaydi. — Oxirgi so'zlarni aytayotib, suhbatdoshimning tovushi titrab ketdi.
— Nega? — men ajablandim.
— O'-o', buning tarixi uzun! — U lablarini qimtib, boshini sarak-sarak chayqadi. — Yaxshisi, siz so'ramang, men aytmay...
Baribir, o'z holiga qo'ymadim. Boir aka dil yorishga majbur bo'ldi. Butun umriga tatigulik cho'ng armonini to'kib soldi. Boshidan kechirganlarini batafsil so'zlab berdi. Bilsam, Tovboy ota uni va onasi Ruxsat xolani bundan oltmish yil muqaddam tashlab ketgan ekan. Sababi oddiygina: Ruxsat xolaning ikkinchi bolasi chala va o'lik tug'iladi. O'zi ayollarga xos xastalikka chalinadi. Eri uni davolatish o'rniga ta'na toshlari otadi. “Menga kasalmand, chillashir xotin kerakmas”, deb, haydab yuboradi. Atak-chechak qilib yura boshlagan o'g'lidan ham yuz o'giradi. Shu-shu ularga qiyo boqmaydi. Сhunki u mahallar ayni kuch-quvvatga to'lgan, oshig'i olchi navqiron yigit edi. Bir qo'lida nagan, ikkinchisida pul o'ynardi. Gah, desa, har qanday qiz-juvonni ham kiftiga qo'ndirardi.
Zero, urush tufayli tul qolgan yoki eri hali frontdan qaytmagan ayrim besabr ayollarni domiga ilintirdi. Xo'p aysh-ishrat surdi. Shu zayl necha yillar harom-xarish yurdi. Alalxusus, qilmishiga yarashasini topdi. Xotin olib-xotin qo'ysa-da, boshqa farzand ko'rmadi — bitta tirnoqqa zor bo'ldi. Ruxsat xola esa yolg'izginasining haqqi-hurmati hammasiga chidadi. Tirikchilik azoblariga ham, bevalik iztiroblariga ham ko'nikdi. Vaqti kelib, sog'ayib ketdi. Dardli-alamli kunlarining birida Hikmatilla ismli saxiyqalb insonga ro'baro' bo'ldi. Yulduzi yulduziga to'g'ri kelib, u bilan turmush qurdi.
O'shanda Boir tishlari kemshikkina bola edi. Dastlab o'gay otaga elikisha olmadi — ko'p yotsiradi. Hikmatilla aka, aksincha, dili o'ksik norasidani begonasiratmadi. Undan qalb qo'rini darig' tutmadi. Ona bir, ota bo'lak o'g'il-qizlari qatori ko'rdi. Ustini but, ko'nglini to'q holda o'stirdi. O'qitib, uyli-joyli qildi. Shu tariqa mehrdan mehr yaraldi. Sadoqatdan sadoqat tug'ildi. Boir Hikmatilla akani chin ota deb bildi.
— Men hayotda nimagaki erishgan bo'lsam, — deydi u o'tgan kunlarni xotirlab, — bari uchun, avvalo, mushtipar-mushfiq onamdan, sag'irligimni yuzimga solmay voyaga yetkazgan ikkinchi otamdan behad minnatdorman. Ularning ruhi-poklari oldida hamisha ta'zimdaman. Biroq, ko'rib turibsiz, og'zim oshga yetganida burnim qonayapti. Shuncha vaqt quduqqa tushgan ignadek badar ketgan otam yetti-sakkiz yildan beri tinchimni buzayapti. Hali u-hali bu idoraga ustimdan tinmay shikoyat yo'llayapti. Tomirlarimda qoni oqayotganini pesh qilib, mendan farzandlik burchimni oqlashni talab etayapti...
Gurungimiz shu yerga yetganda Boir aka entikib gapira olmay qoldi. Men nima qilarimni bilmay, indamay o'tiraverdim. U piyoladagi sovuq choydan ho'plab, hovurini bosib olgach, so'zida davom etdi:
— Ochig'i, otam ilk bor yo'qlaganida, ikki o't orasida qolganday gangidim. Birda yig'lab, birda quvondim. Axiyri, shaytonga hay berdim. “O'tgan ishga — salavot!” deb, huzuriga oshiqdim. Tanholigini ko'rib, yurak-yurakdan achindim. Minnat emas, bor gap: o'zim sovchi bo'lib borib, siz ko'rgan ayolga uylantirib qo'ydim. Saksonga to'lganida, elga osh tarqatdim. Manavi xatda yozilgan eski lash-lushlarini chiqarib tashlab, uy jihozlarini boshdan-oyoq yangilab berdim. Evaziga-chi?.. Rahmat emas, haqorat eshitdim. Otam mening ham o'zimga yarasha ish-tashvishim, uy-ro'zg'orim borligi bilan hisoblashmaydi. Nuqul oqibatsizlikda ayblaydi. Og'zidan bodi kirib, shodi chiqadi. Bitmagan yaramga tuz sepadi... Bilaman, hozir unga qiyin, juda qiyin. Mashoyixlar “Qarilik — qayg'u”, deb bejiz aytishmagan. Keksa odam, qo'yib bersangiz, qilga ham qoqiladi. Yolg'iz yo'lovchiga manzil olis tuyuladi. Bolalilar bosh, bolasizlar yosh bo'ladi. Yana deng, otamni og'ir dard jonidan to'ydirib yuborgan. Shundanmi, mudom yonida bo'lishimni istayapti. Ma'naviy-ruhiy dalda kutayapti. Ammo men nima qilay? Unga nisbatan mehrim iymasa, yuragimdagi armon muzi erimasa, nima qilay? Bundan keyin ham, mayli, otamga pul-buyum kerak bo'lsa, beraman, mol-davlat kerak bo'lsa, beraman. Faqat bitta narsani — mehrimni bera olmayman. Bu ishga o'zimni o'zim zo'rlay olmayman. Hoynahoy, endi gap nimadaligini tushungandirsiz, uka?!.
Men-ku, tushundim. Lekin Tovboy ota-chi? U tushunarmikin? “O'zingdan o'tgan ayb, qaerga borsang — hayb”ligini eslarmikin? Boshiga tushgan savdolar yoshlikdagi nojoiz qilmishi oqibati ekanligini tan olarmikin? Bolani tug'dirish boshqa-yu o'stirish boshqaligini anglarmikin?
Albatta, bu bilan men otaxonni qoralamoqchi emasman. Harqalay, odamzod farishta emas — xom sut emgan banda. Umri davomida ko'p adashishi, xato-kamchiliklarga yo'l qo'yishi tayin. Qolaversa, buni hayot deydilar. “Oshsiz uy bor, janjalsiz uy yo'q”, deydilar. Kezi kelganda, sevib-sevilib turmush qurganlar orasiga ham sovuqchilik tushishi, eru xotin bir-birini ko'rishga ko'zi, otishga o'qi yo'q g'animlarga aylanishi mumkin. Bunday vaziyatlarda hech kim birovni “Ko'z ochib ko'rganing bilan umrbod birga yashashing shart!” deb majburlay olmaydi. Har kim suygan oshini ichadi. Lekin bu istagan paytingda ko'ngling mayliga yuraver, burgaga achchiq qilib bemalol ko'rpa kuydiraver degani emas. Negaki, har qanday holatdayam o'ntaning yor-yori bo'lguncha bittaning vafodori bo'lgan ma'qul. Aks holda, hammasi sarobga aylanadi. Xatoning yo'ldoshi jazo bo'lib chiqadi. Kimki nima eksa, shuni o'radi. Er-xotin ikki qutb tomon ketsa, oila zavol topadi. Qismat chorrahasida muhabbat chirqirab qoladi. O'zaro qadr-qimmat yo'qoladi. Eng achinarlisi, tirik yetimlar ko'payadi, murg'ak qalblar ozor chekadi. Ularning dardiga malham topib bo'lmaydi. Haqiqiy ota-ona o'rnini hech vaqt hech narsa bosolmaydi.
Masalaga shu nuqtai nazardan yondoshsak, Boir akani tushunsa bo'ladi. Axir, tutunning achchig'ini olov lovullagan mo'ri biladi. Tovboy ota uzoq yillar bolasi borligini o'ylamagan. Zurriyotining taqdiri ne kechganiga qiziqmagan. Boshi toshga tekkanda, to'ridan go'ri yaqin qolgandagina uni daraklagan.
Afsuski, endi kech, juda kech! Сhunki mehr-muhabbat so'rab olinmaydi. Muruvvat tuyg'usi inson qalbiga zo'rlik orqali singdirilmaydi. Mehrni faqat qozonish mumkin. Bunday saodatga erishish uchun esa, avvalo, mehrga tashna kimsaning o'zida mehr bo'lishi kerak!
Adashmasam, Tovboy otada xuddi shu xislat yetishmagan. El-ulus osoyishtaligini qo'riqlagan odam o'z oila qo'rg'onini asray bilmagan. Mana, bugun jabrini tortayapti. Xor tutganiga zor bo'layapti.
Xo'sh, siz-chi, siz nima deysiz, hurmatli mushtariy? Ehtimol, odamgarchilik yuzasidan Boir aka otasini kechirishi lozimdir. Ehtimol, keksaligi va xastaligini nazarda tutib, uning ahvolidan xabardor bo'lib turishi shartdir. Bu yog'i tanho uning o'ziga, qalb amriga havola. Bizni esa o'zga savol qiziqtiradi: hech jahonda bir farzandning ikkita otasi bo'lishi mumkinmi? Mumkin bo'lmasa, Boir aka qanday yo'l tutsin? O'ziga turlicha qismatni ravo ko'rgan ikki insondan qay birini haqiqiy otam desin? Qay biriga ka'bam deb sig'insin?..
Abdunabi HAYDAROV
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0