«Uyda yolg'iz»dagi bolakay: shuhrat, giyohvandlik va suidqasd – Makoley Kalkin hozir qaerda?
Har yili Yangi yil bayramini Gollivud kinoijodkorlari suratga olgan «Uyda yolg'iz» fil'misiz tasavvur eta olmaymiz. Tajribali o'g'rilarning adabini bergan bolakay sarguzashtlarini yillar davomida qayta-qayta ko'rsak-da, zerikmaymiz.
Fil'mning birinchi qismi ishlanganiga 33 yildan oshdi, undagi asosiy qahramon, yoqimtoy Kevin Makkalister 44 yoshni qarshi oldi. U endi beg'ubor va quvnoq bolakay emas, boshidan ancha-muncha tashvish o'tgan kishiga aylandi. Afsuski, bolaligida shon-shuhrat cho'qqisiga chiqib, dunyo e'tiboriga tushgan aktyor Makoley Kalkinning keyingi hayoti noxush voqealar va tushkunlikka boy bo'ldi. U keyinchalik fil'mlarda suratga tushdi, qo'shiq aytib ko'rdi, kitob yozdi – ammo birortasi ham o'xshamadi.
Makoley Karson Kalkin 1980 yil 26 avgustda N'yu-Yorkda, Manxettenda tug'ilgan. Uning ota-onasi Patritsiya Brentrap va Kit Kalkin ko'p farzandli oila edi, Makoley ularning yetti farzandidan uchinchisi bo'ldi. Er-xotinning kelib chiqishi turli manbalarga ko'ra, nemis, norveg, island, ingliz va frantsuz millatlariga borib taqalardi.
Bolaning onasi telefon operatori, otasi esa cherkov xodimi bo'lib ishlagan. Bunday kasblar katta oilaga unchalik ko'p pul olib kelmagan va Kalkinlar kichkina kvartirada kamtarona hayot kechirishgan.
Makoleyning iqtidori va komediyaga bo'lgan tug'ma qobiliyati bolaligidanoq o'zini namoyon qila boshladi, u o'z topqirligi, so'zamolligi va nayranglari bilan qarindoshlarini hayratda qoldirdi. Do'stlarning maslahati bilan ota-onasi to'rt yoshli bolani xoreografiya va aktyorlik bo'yicha bolalar teatr studiyasiga yuborishdi. Taxminan besh yoshida, yosh Kalkin «Bax bolalari» va «Katta olmaxon» kabi spektakllarda rol o'ynadi.
Keyinchalik aktyor o'sha paytda sahna juda katta bo'lib tuyulganini eslaydi, bola tomoshabinlar uni sezmasliklaridan qo'rqardi. Shu sababli bola spektaklning boshqa barcha ishtirokchilariga qaraganda matnni balandroq kuyladi va o'qidi. Bunday istak, g'ayrat, maftunkor tabassum va eng muhimi, aktyorlik iste'dodi bilan Makoley e'tiborni o'ziga tortmay qolmasdi. Ikki yil o'tgach, bolakay bir vaqtning o'zida bir nechta reklama roliklarida paydo bo'ldi va turli fil'mlarning epizodlarida rol o'ynadi.
Dastlab beshinchi sinfgacha Kalkin katolik maktabiga bordi, so'ngra muntazam ravishda aktyorlik faoliyatini boshlaganidan so'ng, u bolalar aktyorlari va musiqachilari uchun yaratilgan ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabiga ko'chib o'tdi. Afsuski, yosh ijodkorning ish boshqaruvchisiga aylangan otani stsenariylar darajasidan ko'ra, gonorar miqdori ko'proq qiziqtirardi.
O'g'li fil'mlarda rol o'ynab, mashhurlik va boylikka erishgach, otaning talablari doimiy ravishda o'sib bordi, bundan tashqari, katta Kalkin fil'mga boshqa farzandlarini majburiy kiritish uchun shartlar qo'yishni boshladi. Makoleyning opa-singillari Dakota va Kuin epizodlarda o'ynashdi, aka-uka Sheyn va Kristian ham ishtirok etishdi. Bunday noprofessional yondashuv tezda salbiy natija berdi va prodyuserlar yosh yulduzni kamroq rollarni taklif qila boshladilar. 1996 yilda Patritsiya erini o'g'lining kar'erasini buzishda ayblab, oilani tark etdi.
Ota-onalar o'g'li va uning boyligi uchun kurashni boshladilar, bu vaqtga kelib 15 yoshli Makoley otasi va onasining o'zining bank hisoblariga kirishni qonuniy ravishda cheklab qo'ydi va 18 yoshida pullarini o'zi boshqara boshladi. Aktyorning bolalik xotiralari uning 2006 yilda nashr etilgan «Junior» avtobiografik kitobiga asos bo'ldi.
Makoley ishtirokidagi birinchi to'liq metrajli fil'm «Bak amaki» bo'lib, unda bola asosiy rollardan birini ijro etgan. Bu komediya mashhur bo'lmadi, lekin suratga olish paytida Kalkinning iste'dodini «Uyda yolg'iz» fil'mi uchun bosh rol ijrochisini qidirayotgan Jon Xyuz payqab qoldi.
Bu mashhur fil'm yosh ijodkorning hayotini butunlay o'zgartirdi. Fil'm kinoteatrlarda 476,7 million dollar yig'ib, oilaviy kartinalar orasida rekordchiga aylandi va Kalkin kichkina bolakaydan katta yulduzga aylandi. Makoley fil'mdagi roli uchun 100 ming dollar gonorar, eng yaxshi yosh aktyor mukofotini oldi va «Eng yaxshi bosh rol» nominatsiyasida «Oltin globus»ga nomzod bo'ldi.
Komediyaning tijoriy muvaffaqiyati 1992 yilda chiqarilgan va birinchi qism muvaffaqiyatini (358,9 million dollar) amalda takrorlagan «Uyda yolg'iz 2: N'yu-Yorkdagi yo'qolish» seriyasining paydo bo'lishiga olib keldi. Yosh yulduzning roli uchun gonorar miqdori 4,5 million dollarni tashkil etgan.
Xuddi shu davrda yosh aktyor Maykl Jeksonning Black or White va Jam kabi mashhur kliplarida rol o'ynadi. Omma Makoleyni faqat bosh qahramon Kevin Makkallister kabi ajoyib rollarda ko'rishni xohlardi. Shu sababli keyinroq ishlangan «Ota bilan teng» fil'mi va undan keyingi balet fil'm iliq kutib olinmadi va hatto sarflangan mablag'ni ham qoplay olmadi.
Kalkinning bolalikdagi faoliyatidagi so'nggi bosqich «Boyvachcha Richi» fil'mi edi. Suratga olish paytida aktyor 14 yoshda edi va 168 sm bo'yli o'smir allaqachon yosh bola qiyofasida kulgili ko'rinardi. Kalkin ushbu roli uchun «Oltin malina» antimukofotiga nomzod bo'ldi, ammo Kevin Kostnerga imkoniyatni boy berdi.
Xuddi shu nuqtada Makoleyning aktyorlik tarjimai holi nihoyasiga yetdi. U o'qishni tugatishga qaror qildi va Manxettendagi xususiy o'rta maktabga o'qishga kirdi. Rejissyorlardan takliflar kelishda davom etdi, ammo aktyor ularni rad qildi.
Kalkin katta ekranga faqat o'n yil o'tib qaytdi. U «Klubmaniya» nomli jinoiy dramada bosh rolini o'ynagan. Prem'era 2003 yilda «Sandens» kinofestivalida bo'lib o'tdi, u yerda fil'm hakamlar hay'atining bosh mukofotiga nomzod bo'ldi. Keyinchalik fil'm Kann kinofestivalida namoyish etildi, shundan so'ng kinoteatrlarida cheklangan miqdorda chiqarildi, biroq 5 million dollarlik byudjetning 15 foizini ham oqlamadi.
2021 yilda aktyor «American horror story»ning o'ninchi mavsumida ekranlarda paydo bo'ldi, uning qo'rqinchli janrdagi ishi tanqidchilar tomonidan yuqori baholandi. Ushbu loyihada Kalkinning hamkasblari Sara Polson, Evan Peters, Lili Rabe va boshqa mashhurlar bor edi.
O'sha yili «Uyda yolg'iz» fil'mining remeyki (qayta ishlangan varianti) chiqdi. Makoley aktyorlar tarkibiga kiritilmadi, biroq fil'm ijodkorlariga omad tiladi. Tomoshabinlar Disney+ platformasida chiqqan fil'mni salbiy sharhlar bilan qarshi oldilar. 2022 yil sentyabr oyida Makoley Skott Meskudi va Jessika Uilyams bilan birgalikda kattalar uchun «Entergalaktik» musiqiy mul'tfil'mining aktyorlar tarkibiga qo'shildi.
Shuningdek, aka-uka Kalkinlar ijodkorlar sulolasini davom ettirmoqda. Kiran Kalkinning karerasi «Xavfli o'yinlar» va «Sidr uyi qoidalari» fil'mlarida ishlash bilan boshlangan. Derik Martinining «Hashamatli hayot» fil'mida u akasi Rori bilan tandemda o'ynagan.
Kalkin shuningdek, omadsiz musiqa faoliyatini ham olib bordi. 2013 yilda aktyor The Pizza Underground parodiya guruhiga asos solgan. Guruhning birinchi gastrol safari 2014 yilning may oyida boshlangan. Guruh Nottingemdagi Rok Siti klubida chiqishi sharmandali tarzda yakunlandi. Tomoshabinlar kontsert boshlanganidan 15 daqiqa o'tib ijrochilarga axlat va pivo qutilari otdi. Ikki yil o'tgach, guruh tarqalib ketdi. Kalkin baribir musiqa sohasida ishlashni davom ettirdi va tungi klublarda didjey sifatida ishladi.
Makoley Kalkinning shaxsiy hayoti ham u qadar omadli bo'lmadi. Aktrisa Mila Kunis bilan munosabatlar unga salbiy ta'sir qildi, Kalkin tushkunlik sabab giyohvand moddalar iste'moliga berildi. 2008 yilda singlisi Dakota vafot etdi - uni mashina urib yubordi. Fojia Makoleyning giyohvandlikka bo'lgan ishtiyoqiga birinchi turtki bo'ldi. Ma'lumotlarga ko'ra, Kalkin hatto ko'p miqdorda dori iste'mol qilib joniga qasd qilmoqchi bo'lgan, ammo bu amalga oshmagan.
Nihoyat Kalkin o'zining hozirgi rafiqasi Brenda Song bilan uchrashdi. 2021 yil aprel oyida Makoleyning orzusi ushaldi – u birinchi marta ota bo'ldi. Brenda tomonidan tuhfa etilgan qizaloq Kalkinning vafot etgan singlisi sharafiga Dakota deb nomlangan. 2022 yil dekabr oyida yulduzlar ikkinchi marta ota-ona bo'lishdi. Makoley Kalkin shaxsiy hayoti haqida gapirmaslikni afzal ko'rganligi sababli, muxlislar uning o'g'li Karsonning tug'ilishi haqida faqat 2023 yil mart oyida ommaviy axborot vositalaridan bilishgan. Hozirda Kalkin hayot yo'lidan mamnun. «Uyda yolg'iz» fil'mining yulduzi yoshligida topgan gonorarlari va ko'chmas mulkdan keladigan daromad evaziga yashaydi.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0