Ustama olishga urinmagan ma'qulmi?
O'qituvchilar ish haqiga qo'shimcha beriladigan ustama haqidagi fikrlarimni o'rtoqlashishga “Ma'rifat” mushtariylari” telegram guruhida bir post atrofidagi bahs, munozaralar sabab bo'ldi. Post va munozaralardagi fikrlarni sal quyiroqda keltiraman, ungacha ish faoliyatim davomida o'zim guvoh bo'lganim ayrim holatlar bilan o'rtoqlashsam.
Ustama joriy etilishidan maqsad o'qituvchilar mehnatini rag'batlantirishda ta'lim tizimining eng quyi bo'g'ini bo'lgan maktablar rolini oshirish, o'qituvchilarni ta'lim rivojiga qo'shgan shaxsiy hissasiga qarab rag'batlantirish bo'lganligini barchamiz bilamiz. Maktablarda direktor jamg'armasi tashkil etilib, o'qituvchilarga ustama berila boshlanganiga ham yigirma yil bo'libdi. Bu vaqt davomida tizim takomillashib, ajratiladigan mablag' esa kamayib bordi. Dastlab mazkur jamg'arma ish haqi fondining 15 foizini tashkil etgan bo'lsa, hozirgi kunda 8 foizga tushib qolgan. Ustama tayinlashning huquqiy asoslari ham takomillashib, inson omiliga deyarli o'rin qoldirmaydigan darajaga kelgan. Mehnat qil, natijaga erish va haqqingni ol.
Ustama tayinlashda o'qituvchilar faoliyati 9 ta mezon asosida, erishilgan aniq natijalarga ko'ra baholanadi. “Sinfdan tashqari ishlar” (15 balgacha) va “Kuzatuv kengashi a'zolari tomonidan o'qituvchi faoliyatining baholanishi”(5 balgacha) hamda “O'quvchilar tomonidan o'qituvchi faoliyatining baholanishi”(5 balgacha) yo'nalishlaridagina o'qituvchiga belgilanadigan balni oshirish yoki kamaytirish mumkin. Ammo bu yo'nalishlarda ham aniq natijalarga ko'ra beriladigan ball belgilab qo'yilgan bo'lib, o'qituvchi o'z natijasi uchun bemalol talashib, tortishishi mumkin. Ammo aniq natijalarga ega bo'lsa... Aksincha holatlarda esa ustamaga qiziqmagan ma'qul...
Ustama joriy etilganidan buyon 35–40 foizdan kam ustama olganimni eslay olmayman. Ammo o'tgan yili natijalarim yaxshi bo'lmadi. Sarhisob qilinganda 10 foizga to'g'ri keldi. O'quv ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari 35 foiz, direktorimiz esa hech bo'lmaganda 25 foiz ustama belgilashmoqchiligini aytishdi. Ishchi guruh a'zosi bo'lgan matematika o'qituvchimiz ham ularning fikriga qo'shildi. Ammo men natijaga yarasha belgilangizlar degan fikrimda qat'iy turib oldim. Xullas, 10 foiz ustama belgilashdi. Uchchovlari ham mendan xafa bo'lishdi. Yangi yil arafasida ustamalar viloyat prokuraturasi tomonidan, keyinroq esa nazorat-taftish bo'limi tomonidan tekshirildi. Har uchchala hamkasbim qayta-qayta rahmat aytishdi. Сhunki agar 25–35 foiz ustama olganimda, men bilan birga ular ham javobgar bo'lishar edi. Sababi, toifam oliy, 30 soat dars o'taman. Noqonuniy to'langan 15 yoki 25 foiz ustama anchagina mablag' bo'lardi. Ular esa kamida ma'muriy javobgarlikka tortilardi.
Endi “Ma'rifat” mushtariylari” guruhida bahs-munozaraga sabab bo'lgan postni keltirib o'tsam. Guruh a'zosi Hilola MAMAJONOVAning quyidagi posti guruh a'zolari o'zlarining muammolari bilan o'rtoqlashishlariga sabab bo'ldi:
“Men bugun maktabdan juda tushkun ahvolda keldim. Ustama g'alvasi. Ustamaga da'vogar bo'lmasdim. Bu yil ancha o'rnak ko'rsatgan ishlarim borligi uchun hujjat tayyorladim. Birinchi gal kengash a'zolari ko'rib 20 foiz belgilashdi. Yana chaqirib 15 foizga tushirishdi, bugun borsam ustamadan o'chirishibdi. Alam qildi, nimaga? Yana nohaqlik, ishlamaydigan, rahbarlarning “yalovdorlari” olarkan. Boshlang'ichda ishlaydiganlarga yo'q! Uchtagina nomzod olarkan, ularning “tili uzun”.
Ta'limda shunday nohaqliklar boshqalarning ishdan sovushiga, qadrsizlanishiga olib keladi. Talab qilaman, TMMTB, VMMTB qoshida ilmli, xolis insonlardan komissiya tuzilsin. Ustama hujjatlar pdf shaklida jo'natilar ekan. Ko'rilsin, loyiq nomzodlarni shular aniqlasin(xolis bo'lsa, albatta).
Mayli, men ustamaga qarab qolgan joyim yo'q, lekin hadeb ishlagan qolib qing'ir yo'llar bilan davlatning pulini so'rayotganlarga hayfim keladi. Loyiqmas, darsni hani-huni o'tib qochadigan, “ommalashtirish”ni sotib olgan, repetitordagi o'quvchisining orqasidan rag'barlantirilayotganlar ustozlik maqomiga “besh”. “Ma'rifat” o'qituvchilarning dard-u hasratini eshitadi degan umiddaman!”.
Guruh a'zosi Xosiyatxon bu haqda quyidagi fikrni bildirib o'tdi:
“823-qaror chiqqandan so'ng boshqa maktablarni bilmadim-u, bizning maktabda ustama so'zi unutildi. Сhunki qo'l yetmas darajada qilib qo'yildi, bir bandini bajarsang, bir bandi mushkul, bir bandini bajarish oddiy ish bo'lsa, bir bandiga ball olish muammo... Tirishib-tirmashib yetdimov desang, kengash a'zolari vahima qilib, ming chig'iriqdan o'tkazishadi. Topib olgani “Qayta to'latishadi”. E bor-e dedig-u, jamoa bilan birgalikda ustama muammosidan voz kechib yubordik-da, sertifikatga harakatni boshlab yubordik. Buniyam olish osonmas ekan, bir o'qituvchi o'tgan yili oldi, men shu yil aprelda 3-urinishda oldim. Olloh nasib etsa, 3 yilgacha 50 foiz ustama olaman. Maslahatim, maktabdan ustama olaman deb uringandan ko'ra sertifikatga harakat qilgan ma'qulroq ekan”.
Shu o'rinda Xosiyatxon tasvirlagan holat aksariyat maktablar uchun xosligini ta'kidlab o'tmoqchiman. Ko'pchilikning nazdida sertifikat uchun ustama oladigan o'qituvchilarga shuning o'zi kifoya, u qanday natijaga erishgan bo'lsa ham maktabdan beriladigan ustamaga da'vogarlik qilsa uyat hisoblanarmish.
O'qituvchi bo'laturib, mana shunday fikrlashning o'zi uyat mening nazarimda. Axir sertifikat uchun beriladigan ustama bu o'qituvchining bilimi, tajriba va mahoratiga beriladi. Bunda hech qanday limit va cheklovlar yo'q. Biliming yetsa sen ham ol. Oddiy misol, o'zim Milliy sertifikat uchun 50 foiz, maktab direktor jamg'armasi hisobidan 35 foiz ustama olaman. Va buning uchun uyalmayman.
Shu o'rinda maktab rahbariyatining natijaga erishgan o'qituvchilarning ustama olishiga qarshi bo'lishlarini umuman tushunmayapman. Bunday holatda o'qituvchilar va maktab faoliyati orqaga ketmaydimi?
Shu o'rinda guruh a'zosi Nazarovaning fikrlariga e'tiboringizni qaratsam:
“Aziz hamkasblarim! Aytsam dilim, aytmasam tilim deganlaridek, men ham yuqoridagi ustozlar xilidan ekanman. O'zim komissiya a'zoligidaman! 3 kun oldin 10 foizga ilindim, ustama hujjatlarining ballarini hisoblaganda, keyingi kun 15 foizga, bilmadim bugun shu ustama foizidan ham ayrildim.
Maktab direktori ichki buyruq qilib boshlang'ich sinflarda, olimpiada o'tkazishdi. 1-2-3-o'rinni ham mening sinfimdagi o'quvchilar olishdi. Ommalashtirishda 74 ball bilan viloyatga chiqdim.
Boshqa bandlardan hamma ishim bor. Sinfdan tashqari ishlar bandiga nechta fandan dars bersam, hammasidan to'garak o'tishim kerak ekan. Bu degani senga ustama yo'q, maktab veb-saytini yuritaman desam, u o'zing uchun deydi. Xullas, iltimos sizdan bizning ustozlarga sinfdan tashqari ishlar uchun degan bandga aniq ma'lumotni vazirlikdan olib bering”.
Yuqorida aytgan fikrimning ko'zgudagi aksi, to'g'rimi? Axir bu ketishda o'qituvchilarning ishga bo'lgan qiziqishlari, intilishlari batamom o'ladi-ku.
Guruhning yana bir a'zosi Saidaxon MAMAJONOVAning e'tirozida ham jon bor:
“Demak, ko'p joyda muammo bir xil. Hujjat tayyorladim, balim 97 ga yetdi. Lekin 25 % bilan kifoyalashdi(maktabimizdagi eng yuqori foiz)... Fondga pul kam ajratilayotgan ekan, keyingi yillarda moddiy yordam oluvchilar ko'payibdi... Kamiga davlat tomonidan oladigan ustamam yetarli ekan...”.
Saidaxonning “davlat tomonidan oladigan ustamam yetarli ekan...” degan gapidan sertifikat uchun ustama olar ekan degan xulosaga kelish mumkin. Maktabga rahbar bo'laturib mana shunday fikrlashning o'zi, mazkur rahbarlarning maktabda qorovullik yoki farroshlik qilishga ham layoqatsiz insonlar ekanini ko'rsatadi. Men bu fikrim bilan qorovul yoki farroshlarni kamsitmoqchi emasman, balki ularning ham bu narsani tushunishini, bilishini ta'kidlamoqchiman.
97 ballik natijaga erishgan o'qituvchilarning qadriga yetmaydigan maktab rahbarlarini men tasavvur qila olmayman. Axir bunday o'qituvchilar maktablar o'rtasida talash bo'ladi-ku.
Fidoyi ustozlardan Gulchehrahon AShUROVA:
“O'qituvchi bunday mashmashalardan qutulishi, adolat qaror topishi, dunyoqarashi tor, o'qituvchi mehnatining qadriga yetmaydigan, korruptsiyaga moyil rahbarlar, o'rinbosarlar... ga yana necha yil chidashi kerak ekan-a?
“O'qituvchi – millat yuzi», degan purma'no fikrlar sarobmi?.
So'ngso'z o'rnida, ustama olishda muammolarga duch kelayotgan o'qituvchilarga maslahatim, natijalaringiz yetarli bo'lsa, sizning ustama olish huquqingizni maktab rahbariyati rad etish va cheklashga haqqi yo'q. Ishchi guruh belgilagan ball asosida belgilangan ustamani olishga haqlisiz.
Normamat EShONQULOV,
Oltinsoy tumanidagi
3-maktabning tarix fani o'qituvchisi.
«Ma'rifat» gazetasidan olindi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0