Vertuallashib borayotgan bolalik
Bolalik kunlarimda,
Uyqusiz tunlarimda,
Ko'p ertak eshitardim.
So'ylab berardi buvim…
Esimda o'sha damlar,
O'zi uchar gilamlar,
Tohir-Zuhra, Yoriltosh,
Oyni uyaltirgan qosh…
Ha, shoir Hamid Olimjon qalamiga mansub ushbu she'r barchamizni bolalik onlariga qaytaradi.
Bolalik inson hayotidagi eng beg'ubor, eng quvonchli va eng yodda qoladigan davrdir. Har kim bolalik yillarini eslasa, ko'z o'ngida quvnoq o'yinlar, changga qorishgan shodon kulgular, maktabdan yugurib kelib hovlida do'stlari bilan o'ynagan kunlari gavdalanadi. Ayniqsa, qish oqshomlarida buvilar tomonidan aytib berilgan ertaklar, shivirlagan shamol ovozi aralash ko'rpa ichida tinglangan afsonaviy voqealar unutilmas xotira bo'lib yurakka muhrlanadi.
Ha, ertaklar orqali bizga sabr, mehr, sadoqat va yaxshilik saboqlari berilgan.
Afsuski, bugungi raqamli dunyodagi texnologiyalar ayniqsa, smartfonlar va ularning ichidagi turli xil mobil o'yinlar farzandlarimizning beg'ubor bolalik onlarini fayzsiz qilib qo'ymoqda. Avvalgidek bolalar quvlashmachoq, bekinmachoq, arqon tortish, lanka tepish kabi milliy o'yinlarni unutib bormoqda. Bu o'yinlar o'spirinlarning jismoniy rivojlanishi, ijtimoiy ko'nikmalari shakllanishiga xizmat qilgan. Hozir esa ko'pchilik bolalar vaqtining asosiy qismini telefon ekraniga tikilib, virtual o'yinlar ichida o'tkazmoqda.
Xo'sh, bunga kim aybdor – ota-ona yoki farzandning o'zi? Bugungi kunda ko'plab ota-onalar “farzandim boshqalardan kam bo'lmasin”, degan niyat bilan tinmay mehnat qilishmoqda. Oqibatda bolalariga vaqt ajratmay qo'yganlari ham bor. Odatda kattalar bolalarning qo'liga telefon tutqazar ekan, ularning erkaligi, sho'xligi va faol ijtimoiy hayotiga nuqta qo'yayotganlarini o'zlari ham bilmaydi. Nafaqat farzandni moddiy ta'minlash balki, u bilan vaqt o'tkazish, uni tinglash, tarbiya berish ham shunchalik muhimdir.
Bolalarning virtual dunyoga berilib ketishi, ota-onadan uzoqlashishiga olib kelmoqda. Bugun xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida anash ular haqida o'yladim.
Aslida, bu savolga ikki taraflama javob berish mumkin. Ota-ona bola tarbiyasida faqat moddiylikni emas, ma'naviy jihatlarni ham hisobga olishi kerak. Farzand esa berilgan ishonch va imkoniyatni to'g'ri yo'naltira olishi lozim.
Telefon o'yinlarining zararli tomonlari ko'p. Eng avvalo, bola jismoniy harakatdan uzoqlashadi. Bu esa ortiqcha vazn, mushaklarning sustlashuvi va hatto xotira buzilishlariga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, uzoq vaqt ekranga qarab o'tirish ko'rish qobiliyatiga zarar yetkazadi. Mobil o'yinlardagi zo'ravonlik, agressiya va real hayotdan uzoq stsenariylar esa bolaning ruhiy rivojiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
BMT ma'lumotlariga ko'ra, 2023 yilda 10-15 yoshli bolalarning 79 foizi internetdan foydalangan. Shu bilan birga, 2023 yil dekabrida o'tkazilgan so'rov natijalariga ko'ra, dunyo bo'yicha bolalarning 70 foizi noutbuklar, 90 foizi esa smartfonlar orqali internetdan foydalanmoqda.
Britaniyada Ofcom tashkiloti tomonidan 2024 yilda o'tkazilgan tadqiqotga ko'ra, 8–11 yoshli bolalarning 55 foizi smartfonga ega. 12 yoshga kelib, bu ko'rsatkich 97 foizgacha yetadi. Ispaniyada esa 10 yoshdagi bolalarning 25 foizi, 11 yoshda – 50 foizi, 12 yoshda – 75 foizi o'z shaxsiy smartfoniga ega bo'lgani aniqlangan.
Frantsiyaning Le Monde nashri ma'lumotiga ko'ra, bu yerda 6-7 yoshli bolalarning katta qismida allaqachon smartfon mavjud. Bolalar orasida ekranli qurilmalarni erta qabul qilish normal holga aylangan.
Shveytsariyada 12-13 yoshli bolalarning 75 foizi smartfondan foydalanadi. Hindistonning Panjob shtatida esa 14-16 yoshli bolalarning 96,2 foizi uyda smartfonga ega, ularning 46 foizi esa shaxsiy smartfon bilan ta'minlangan.
Smartfondan foydalanish vaqti bo'yicha esa Janubiy Afrika dunyodagi yetakchilardan biri sanaladi. Bolalar bu yerda o'rtacha 9 soat 24 daqiqa ekran oldida vaqt o'tkazadi. Bu ko'rsatkich ta'lim, dam olish va uxlashga bo'lgan vaqtga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.
Achinarlisi, bola o'z tengdoshlaridan uzoqlashib, yolg'izlikka o'rganib qoladi. Real hayotdagi ijtimoiy muloqot o'rnini virtual aloqalar egallaydi. Bu esa kattaroq yoshda jamiyatga moslashishda muammolarni keltirib chiqaradi.
Ota-onalar, ustozlar va jamiyat uchun bolalarning haqiqiy bolaligini saqlab qolish dolzarb vazifalaridan biriga aylandi. Ular uchun qiziqarli muqobil mashg'ulotlar yaratish, sport va ijodiy to'garaklarga jalb qilish, milliy o'yinlarimizni tiklash va targ'ib etish orqali bolalarimizni virtual dunyo domidan qutqara olamiz.
Shunday ekan, telefon o'yinlari orqasida yo'qolib borayotgan bolalikni qaytarish – barchamizning qo'limizda.
Davron ERGAShEV
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0