Qiz chiqarganga qirq yil tegma
Terrorizmga qarshi kurashish sahnalari aks etgan badiiy fil'mni ko'rdim. Juda yaxshi fil'm ekan. Ko'p millatlar butun insoniyat baxti uchun xalqaro terrorizmga qarshi birgalikda jon olib jon berishadi.
Fil'm qahramonlaridan biri o'zbek. Ismi – Sharif. Jasur, oriyatli, vijdonli yigit. Eng og'ir vaziyatlarda ham qardosh do'stlari unga suyanadi, ishonadi. U eng xavfli nuqtalarga ham birinchi bo'lib kiradi. Topshiriqlarni a'lo darajada bajaradi.
Uning toshkentlik ekanini, 3 nafar qizi borligini quroldosh do'stlari juda yaxshi bilishadi. Sharif o'limdan qo'rqmaydi. Ammo u o'lmasligi lozim. Сhunki uyida uch qiz ulg'aymoqda, hali ularni uzatishi kerak. Farzandlari o'zidan tinib-tinchib ketishi uchun esa tilla taqinchoqlar, qimmatbaho kiyim-kechaklar, mebellar, oshxona jihozlari, muzlatkich, kir yuvish mashinasi, mikroto'lqinli pech, kuyovga va qudalarga bir necha xil liboslar, yana ko'p-ko'p narsalar olishi kerak.
Ha, Sharif o'lmasligi lozim. Agar u halok bo'lsa, qizlarini yolg'iz xotini uzata olmaydi. “Bolalari yetim ekan, bu oila yaxshi sarpo qila olmaydi”, deb uning xonadoniga sovchilar kelmaydi. Maboda, biror yigit sevib uylansa ham, qaynona-qaynotasi “Sarposiz – tagi past kelin”, deb qizini xo'rlashi mumkin.
“Sening qiz chiqarishing deyarli terrorizm bilan kurashishdek gap ekan”, deydi buni eshitgan rus do'sti.
“Qizning otasi nega endi kuyovni kiyintirishi kerak?”, deya savol beradi turkman qardoshi.
“Bizda bunday mashmashalar yo'q”, deyishadi qolgan safdoshlar ham.
O'zaro suhbatlarda bir do'sti uyiga qaytgach, onasini davolatishini aytadi, bir quroldoshi xotinini dengiz bo'yiga olib bormoqchiligini bayon etadi, yana biri otasiga yaxta sovg'a qilmoqchiligini orzulaydi.
Sharif esa qizlarini uzatish haqida o'ylaydi. Garchi uning onasi ham xasta, garchi uning xotini ham dengizni ko'rgan emas, ammo u bechoralarning gardanini ham qiz uzatish, degan og'ir yuk bosib turibdi.
Fil'm so'ngida terrorchi guruh yakson qilinadi. Ming afsuski, qonli to'qnashuvda Sharif halok bo'ladi. Vidolashuv onida quroldosh do'stlari u haqda eng yaxshi xotiralarini aytishadi. Uning orzulari haqida so'zlashar ekan, “Insoniyat baxti va tinchligi uchun jonini fido qilgan shunday mard odamning qizlariga uylanayotgan yigitlar, nahotki, ularning qo'llariga qarashsa, axir ularning otasi o'sha kuyovlarning tinch yashashi uchun ham jonini berdi-ku?!” deyishadi.
…Fil'm tomoshasidan so'ng bir necha kun o'zimga kelolmay yurdim. Muhtasham to'yxonalar yonidan o'tar ekanman, nohaq kamsitilayotgan kelinlarni o'yladim. Kelin tomon olib kelgan mebellarni qaytarib yuborayotgan yigitning ota-onasi, kelin tomon yasatgan uyning pardasidan, gilamlaridan, billur idishlaridan kamchilik topayotgan qaynonalar, tilla soat, tilla uzuk, mashina dardida qistirma gap qilayotgan kuyovlar ko'z o'ngimdan o'tdi.
Bu adolatsizlikdan yuragimda og'riq paydo bo'ldi.
“Qiz chiqarganga qirq yil tegma” deydilar.
Bir qizini chiqarsa-ku, mayli, agar ikki, uch, to'rt nafar qizini chiqarsa-chi?
Odam o'zi necha yil yashaydi?! To'rt qizni chiqarsa, qirq yildan bir yuz oltmish yil yashashi kerakmi?!
Aziz zamondosh, keling, tafakkur qilaylik!
Bugun dabdabali to'ylarni emas, o'zbekning uylaridagi bo'lg'usi Beruniylar, Xorazmiylar, ibn Sinolar, Buxoriylaru Termiziylarning kelajagini o'ylaylik.
To'y, chaqiriq, beshik to'yi, quda charlar, qudaning tug'ilgan kuni kabi o'zimiz o'ylab topgan «an'analar» emas, bo'lajak Naqshbandiylar, G'ijduvoniylar, Zamaxshariylar, Mirzo Ulug'beklar, Navoiy va Boburlarning tarbiyasi haqida qayg'uraylik.
To'g'ri, to'y qilaylik, shodlanaylik, ammo ma'naviy qiyofamizni yo'qotish evaziga emas. Bir-birimizni yo'qlaylik, birlashaylik, dardlashaylik, ammo qarzga botish, infarkt, insul't olib, qurbon berish evaziga emas.
Aziz zamondosh, keling, tafakkur qilaylik!
Zulfiya MO'MINOVA,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi
"Ishonch" gazetasi 2025 yil 24 iyun, 78-son
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0