Imtihon mexanikada, hayot esa avtomatikada davom etmoqda
Hozirgi kunda yo'llarda harakatlanayotgan har 10 mashinaning kamida 8 tasi avtomat korobka. Ko'pchilik albatta oson va qulaylikni tanlayapti: gaz, tormoz – bo'ldi. Lekin haydovchilik imtihoniga borsangiz, hali ham mexanikada amaliy imtihon topshirish talab qilinadi.
Nima uchun? Bu savol nafaqat nogironligi bor shaxslar yoki ayollar uchun, balki umumiy aholi uchun ham muhim. Hozir “mexanika o'rganish” real hayotda foyda bermasa, bu talabning qanchalik ma'nosi bor?
Avtomatda haydashni istovchilar mexanikaga majburlanmoqda. Natijada ko'pchilik haydovchilikni orqaga suryapti, ayrimlar imtihondan o'tolmayappti ham.
Hatto to'liq avtomat mashina xarid qilgan inson ham mexanikada sinov topshirishga majbur bo'lyapti. Bu amaliyot bilan nazariya o'rtasidagi bog'liqlik yo'qligi ko'rsatadi. Resurs, vaqt, asab va yo'l harakati xavfsizligi nuqtai nazaridan ham bu qaror qayta ko'rib chiqilishi kerakligini ko'rsatmoqda.
Masalan, Yevropa va AQShda avtomat transmissiyada sinov topshirgan haydovchilarga “A only” (faqat avtomat) yozuvi tushiriladi. Agar keyin mexanika o'rganishni istasa — qo'shimcha imtihon topshirib, “full” ruxsatnoma oladi. Oddiy va aniq.
Bizdachi?
Bizda hali ham “avtomat haydayman” desang, “avval mexanikada mashq qil, sinov topshir, keyin kim nima minishini o'ylab ko'ramiz” deyishadi.
Ammo hayot o'zgardi.
Yo'llarda mexanika emas, logika yurishi kerak.
Kelajak avtomatlashmoqda, sinov esa o'tmish bilan yashayapti. Bu esa adolatli va haqqoniy yechim emas.
Haydovchilik imtihonlarida ham tanlov huquqi bo'lishi kerak: avtomat haydovchilar avtomatda sinov topshirsin, mexanikaga qiziqqanlar o'sha usulni tanlasin.
Xullas kalom, bugungi avtomat transmissiya hayotga kirib kelgan bir vaqtda hammadan mexanik qoida talab qilish — bu yulduzli osmonni eski ko'zoynaklar bilan kuzatishga o'xshaydi. Holbuki, bu taraqqiyot emas, aksincha to'xtab qolish, demakdir.
Dildora IBROHIMOVA,
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0