O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati faoliyati sarhisob qilindi
Inson hayotida mehnat va bandlik masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa ko'zi ojizlarning bandligini ta'minlash doimiy ravishda jamiyat e'tiborida bo'lib kelgan. O'tgan davr yakunida ko'zi ojizlar soni 2848 nafar bo'lgan bo'lsa, ayni paytda ularning soni 3433 nafarni tashkil qilmoqda. Yurtimizda nogironligi bo'lgan shaxslarning turmushini o'rganish va muammolarini bartaraf etish maqsadida 2017 yil 1 avgustda “Nogironlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” 5006-sonli farmoyish qabul qilingan edi. Farmoyish ijrosi doirasida sentyabr oyi yakunida bo'lib o'tgan qurultoyda O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyatinig besh yilik faoliyati sarhisob qilindi.
Bugungi kunga kelib, ko'rish bo'yicha nogironligi bo'lgan shaxslar uchun tizimda 198 ta mahalliy bo'linma, 14 ta hududiy bo'lim, 63 ta o'quv ishab chiqarish korxonalari, 1 ta sihatgoh, 2 ta dam olish maskani, markaziy boshqaruv hamda “Bir safda” jurnali tahririyati faoliyat yuritib kelmoqda. Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimida 143 ta maxsus kutubxonalar, 30 ta ko'zi ojizlar uchun madaniyat markazlari ham shular jumlasidandir. Yuqoridagi tizimlar faoliyatni o'rganish, tahlil qilish, mavjud muammolarga yechim topish maqsadida har besh yilda O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyatining qurultoyi bo'lib o'tadi. Joriy yilgi qurultoyga qo'shni davlatlar, shuningdek, Rossiya davlat ko'zi ojizlar jamiyati rahbarlari taklif etildi. “Tahlil va tanqid taraqqiyot omili” shiori qurultoy bosh mavzusi etib belgilandi. Ma'ruzalar mobaynida ko'zi ojizlar jamiyati faoliyatining barcha jihatlariga to'xtalib yutuq va kamchiliklarga alohida e'tibor qaratildi.
Tizimda ko'zi ojiz insonlarning mehnat faoliyatini yuzaga chiqarishga doir kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlar, ommaviy-tashkiliy, ma'daniy-ma'rifiy va sport-sog'lomlashtirish hamda reabilizatsiya ishlari ham chuqur tahlil qilinib o'rganildi.
Qurultoy so'ngida O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisligiga Ergash Norpo'latov bir ovozdan qayta saylandi.
Mashhura JO'RAQULOVA
“IShONСh”



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0