Qonunga tayangan, ijodga suyangan inson
«Kitob o'qib, kim bo'larding, undan ko'ra, bor, ishingni qil...», deya dilbandini dars qilishga qo'ymaydigan ota-onalar bilishmaydiki, kitob o'qigan odam kam bo'lmaydi. Kitob insonni ulug'laydi, uni ezgu maqsadlar sari undaydi.
Bir insonni bilamiz, u uchun kitob mutolaasi kundalik ehtiyojga aylangan. Shu bois u bilan turli mavzularda miriqib suhbatlashish mumkin. Uning hayotga o'zgacha nigoh bilan qarashi, mohiyat va mezonni teran anglashi, voqelikni qalban his qilishi havas qilgulik darajada.
U – umr yo'lini adolat va halollik degan muqaddas tushunchalar bilan o'lchab va shu mezonlarga sodiq qolib yashayotgan inson. U e'tirof etishga arzigulik ezgu amallari bilan hamma joyda hurmat va qadr qozongan.
U prokuratura sohasida uzoq yillar xizmat qilgan. Mehnat faoliyati davomida Toshkent shahar va Qoraqalpog'iston Respublikasi prokuraturasida bo'lim prokurori, Jizzax viloyati prokurori, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Iqtisodiy jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig'i, Umumiy nazorat boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari, Sudlarda jinoyat ishlari ko'rilishida prokuror vakolatini ta'minlash boshqarmasi boshlig'i kabi qator mas'uliyatli lavozimlarda sidqidildan va muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan.
Keng jamoatchilikka malakali va tajribali huquqshunos sifatida tanilgan bu insonning ko'pchilikka noma'lum yana bir qirrasi bor. U she'r ham yozib turadi, yozganda ham yurakdan yozadi. «Ko'ngil qo'shig'i», «Bo'lg'ay-bo'lmag'ay» nomli she'riy kitoblarini o'qisangiz, uning topilma va tashbihlaridan hayratlanasiz. O'zgacha tabiatli, o'zgacha nigohli ijodkorning taxallusi ham o'zgacha – Xushhol.
O'zbekiston xalq hofizi Farhod Davletov, O'zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog'iston xalq artisti Ortiq Otajonov, shuningdek, Ishoqjon Jo'raxonov, O'lmas Olloberganov kabi taniqli san'atkorlar uning 30 dan ortiq she'rlarini qo'shiq qilishgan. Yuqorida nomlari sanalgan san'atkorlar «yuki yengil» she'rlarga kuy bastalashmagan. Shuning o'zi ham uning qay darajada ko'ngil kuychisi ekanligidan dalolatdir.
Qadrli Po'lat aka!
Hurmatli Po'lat Ro'zimovich Nazarov!
Siz insoniy fazilatlari yuqori, odamiylik rutbasi baland insonsiz! Sizni muborak 70 yoshingiz bilan chin dildan qutlaymiz! Tilagimiz shuki, hamisha sog'-salomat bo'ling, qadringiz hozirgidek doim baland bo'lsin! Xushhollik sizni sira tark etmasin!
«Ishonch» va «Ishonch-Doverie» gazetalari, Ishonch.uz sayti tahririyati jamoasi




Mақолага баҳо беринг
0/50
0
0
0
0