1211 eshitadi: Yetti oyda hal bo'lmagan ish ikki kunda hal bo'ldi
Angren shahrida yashayman, 34 yoshdaman. Biri 12, biri 3 yoshli ikki nafar farzandim bor, o'zim yolg'iz onaman. Yaxshi niyatlar bilan o'tgan yili Angren universitetining huquqshunoslik fakul'tetiga o'qishga kirgan edim. Biroq, shartnoma pulini to'lashga qurbim yetmadi.
Mahalla idorasiga yordam so'rab chiqdim. Xodimlar shahar hokimligiga borishimni, u yerdagi mutaxassislar menga barcha tartibni tushuntirishlarini aytishdi. Hokimlikka borganimda hujjatlar to'plab topshirishimni so'rashdi. Aytilgan hujjatlarni to'pladim. O'shanda mas'ullar menga o'tgan yilning 5 dekabriga qadar shartnoma puli to'lanishini aytishgandi. Lekin oylar o'tsa hamki, bu ish paysalga solinaverdi.
Murojaatim Angren shahar hokimligida hal bo'lmaganidan keyin, Toshkent viloyati hokimligiga murojaat qildim. Ular ham kutib turishimni aytishdi. Orada 2025 yilning aprel oyi ham kirib keldi. Shartnoma puli to'lanishini o'qish joyimdan talab qilishaverdi, oxiri Xotin-qizlar muammolari bilan ishlaydigan 1211 Ishonch telefoni borligidan xabar topdim. Qo'ng'iroq qilganimda muomalasi juda samimiy bo'lgan xodimlar murojaatimni batafsil yozib olishdi. Buni qarangki, naq yetti oyda hal bo'lmagan ish ikki kundayoq hal bo'ldi: o'qishim uchun bir yillik shartnoma puli tezda to'lab berildi.
Hozir o'zimda yo'q hursandman. Kasaba uyushmalarining Ishonch telefonidagi mas'ullarga katta rahmat. Kelgusida o'zim tanlagan mana shu huquqshunoslik sohasida muvaffaqiyatlarga erishishni, farzandlarimni oyoqqa turg'azishni niyat qilganman. Meni qo'llaganlardan cheksiz minnatdorman!
Muxsina Mamedova,
Angren shahri, Dorilfunun mahallasi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0