13 mingga yaqin abiturient testsiz talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi
2026/2027-o‘quv yili uchun milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 ming 997 nafar abiturient oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlaridan ozod qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, joriy o‘quv yili uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida jami 677 ming 907 nafar abiturient ariza topshirgan. Ularning 451 ming 744 nafari (66,6 foiz) maktabni shu yil bitirgan yoshlar bo‘lsa, 226 ming 163 nafari (33,4 foiz) avvalgi yillar bitiruvchilaridir.
Abiturientlarning 365 ming 196 nafari (53,9 foiz) ayollar, 312 ming 711 nafari (46,1 foiz) esa erkaklardan iborat. Joriy yilda test sinovlarida 664 ming 609 nafar abiturient ishtirok etadi.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yuklangan xalqaro sertifikatlar tekshirilib, ularning 24 ming 526 tasi haqiqiy deb tasdiqlangan. Shuningdek, umumtaʼlim fanlari bo‘yicha 193 ming 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 ming 354 nafar abiturient milliy yoki xalqaro sertifikat bilan ro‘yxatdan o‘tgan.
Barcha fanlar bo‘yicha amal qiluvchi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 ming 997 nafar abiturient test sinovlarini topshirmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlov bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Taqqoslash uchun, 2025 yilda bunday imkoniyatdan atigi 678 nafar abiturient foydalangan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2026/2027-o‘quv yili uchun kirish test sinovlari 10 kun davomida o‘tkaziladi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0