+29C

+29C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Gaz, korruptsiya va trillionlab zarar. Soha qachon o‘nglanadi?

Bugun O‘zbekiston ko‘p sohalarda taraqqiy etdi. Aholi turmush yaxshilanmoqda, farovonlik oshmoqda. Bir qarashda barcha soha bir tekis rivojlanib borayotgandek. Biroq, ayrim sohalar rivojlanish tugul, orqaga ketayotgandek, nazarimizda. Shulardan biri energetika sohasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ming harakat qilmaylik, chiranmaylik, metan gazga navbatlarni, chiroq o‘chishlarini, suyultirilgan gaz muammosini to‘liq hal etganimizcha yo‘q. O‘zbekiston gaz zaxiralari bo‘yicha jahonda etakchi o‘rinni egallaydi. Xo‘sh, nega ushbu soha depsinib, rivojlanmay qolyapti? Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Madaminov ochiqlagan ayrim raqamlar energetika, ayniqsa gaz taʼminotidagi jiddiy muammo bo‘lgan korruptsiya masalasini bir qadar ochib bersa, ajab emas.
884 16:40 | 09.07.2026 16:40

Umid Madaminovga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri O‘zbekistonda 1,44 trillion so‘m (taxminan 118 million dollar) qiymatidagi 546 million kubometr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Energetika vazirining birinchi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, sohadagi asosiy korruptsiya xavflari gaz ulanishlari uchun pora berish, qoidabuzarliklarni yashirish uchun to‘lovlar va boshqa noqonuniy sxemalarni o‘z ichiga oladi. Bir qarashda etkazilgan zarar va korruptsiya miqdori sohaning yirikligidan kelib chiqib, ulkan emasdek tuyuladi. Ammo bular faqat biz bilgan raqamlar (hali ochilmagan, jamoatchilik bexabar bo‘lgan korruptsion holatlar qancha) sanaladi.



Eng yomon, noxush statistika shu raqamlar bilan cheklanib qolmaydi. Bundan tashqari, ushbu davr mobaynida gaz taʼminoti korxonalarida 31 134 ta rejadan tashqari tekshirish va monitoring tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 17 824 tasi 2025 yilga, 13 310 tasi esa 2026 yilning birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi.



Natijada komplaens-tuzilmalar tomonidan gaz taʼminoti tashkilotlari xodimlari tomonidan sodir etilgan 441 ta korruptsiyaviy huquqbuzarlik o‘z vaqtida aniqlandi va bartaraf etildi. Ulardan 174 ta holat tabiiy gaz, 268 tasi esa suyultirilgan gaz sohasiga tegishlidir. Aniqlangan qoidabuzarliklar va ichki normativ hujjatlarga rioya qilmaslik faktlari bo‘yicha 824 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. 61 ta tekshiruv materiallari huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. 253 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llandi, ulardan 127 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 212 nafari hayfsan oldi, 41 nafari esa ish haqidan jarimaga tortildi.



Hisobot xarakteridagi ushbu maʼlumotlarni o‘qib, kishi ongida energetika va gaz sohasidagi korruptsiyaga katta kurash boshlanibdi, degan tasavvur uyg‘onadi. Afsuski, baralla shunday deb ayta olmaymiz. Aslida gaz sohasidagi korruptsiya hatto yuqori minbarlarda tilga olingan va jiddiy tanqid qilingan edi. Uzoqqa bormaymiz, 2023 yil yanvarda kuzatilgan anomal sovuq yuzimizga oyna tutdi. Gaz taʼminoti sohasi shaxsan davlatimiz rahbari tomonidan jiddiy tanqid qilindi. “Elektr va gaz tarmoqlarida talon-torojlik bo‘lganini, tuman hokimlari va sektor rahbarlari, elektr va gaz idoralari boshliqlari bilmasmi-di?”, - deya savol qo‘ygandi prezident. DXX va Bosh prokuraturaga tizimdagi korruptsiyani yo‘q qilish bo‘yicha alohida choralar ko‘rish topshirilgandi. O‘shanda Prezident energetika va kommunal tizimlarda yuzaga kelgan ahvolni inobatga olib Singapurga tashrif davomiyligi 3 kundan 1 kunga qisqartirilishini aytgandi.



Oradan uch yildan oshiqroq vaqt o‘tdi. Nazdimizda, muammolar eskirmadi. Qish kelishi bilan gaz pasayib qoladi, metan zapravkalari-ku, butunlay to‘xtayapti. Eng yomoni, sohadagi korruptsiya butunlay qo‘porib tashlanmadi. Huquqni muhofaza qilish organlari ham Prezident topshirig‘i bo‘yicha biron joyda hisob berganini jurnalistlar bilmaydi. Xo‘sh, bunday vaziyatda tizimda o‘rnashib olgan katta-kichik korruptsioner qanday xulosa chiqaradi?



Birgina suyultirilgan gaz taʼminoti sohasida rejadan tashqari tekshiruvlar yakunlariga ko‘ra 1076 ta qoidabuzarlik aniqlandi. 406 ta holatda suyultirilgan gazni noqonuniy sotish shoxobchalari faoliyatiga chek qo‘yildi. Vazirlik maʼlumotlariga ko‘ra, ular orqali 7,99 milliard so‘mlik 15 761 ta maishiy gaz balloni va 1,2 milliard so‘mlik 180 tonnadan ortiq suyultirilgan gazning noqonuniy sotilishi oldi olindi, deyiladi vazirlik bayonotida.



Vazirlik noqonuniy holatlar haqida qancha bong urmasin, muammolar chekinmayapti. Qashqadaryo viloyatining Kitob va Shahrisabz tumanida istiqomat qiluvchi aholi vakillari yozadi: “Avvallari har oyda gaz ballonlari yig‘ishtirib ketilardi. Ammo hozir bu muddat 2-3 oy bo‘lyapti. Gaz zapravkalari ballonni to‘ldirib bermayapti (bu qonunga ko‘ra taqiqlangan). Natijada yana o‘tin va o‘choqqa o‘tishga majbur bo‘lyapmiz. Aytishlaricha, gaz taʼminoti xodimlari suyultirilgan gazni pullab yuborayotgan ekan. Bu holatni kim nazorat oladi?”.



Shu o‘rinda yana bitta gap: Umid Madaminov tizimdagi xavflarni kamaytirish maqsadida texnik shartlarni rasmiylashtirishni onlayn nazoratga o‘tkazish imkonini beruvchi HGT Online dasturiy taʼminoti joriy etilayotganini taʼkidlagan. Unga ko‘ra, mazkur islohot sohadagi inson omilini kamaytirib, korruptsiyaning oldini oladi. Shuningdek, shaxsiy hisobraqam ochish jarayoni ham raqamlashtirildi: fuqarolar «Hududgaztaʼminot» saytidagi shaxsiy kabinet orqali onlayn ariza topshirishlari mumkin, deyiladi bayonotda.



Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiluvchi, ismini sir tutishni istagan gaz isteʼmolchisi esa energetiklarning mazkur sohadagi raqamlashtiruvini tanqid ostiga oldi. Uning aytishicha, yangi sotib olgan, tayyor kadastr va hujjatlarga ega uyini gazlashtirishda xodimlarning sansolarligi va masʼuliyatsizligiga duch kelgan. “Maʼlum sabablarga ko‘ra, gaz tushirishda qo‘shnilardan ortda qoldim. So‘ngra esa gaz idorasiga qatnab tinkam quridi. Gaz uchun texnik shart olish, hujjatlarni olish va tasdiqlash elektron tarzda deyishadi. Lekin baribir hammasini tasdiqlash va ishni uzil-kesil hal etish xodimga bog‘liq bo‘ladi. Naq bir yarim oy deganda ishim bitdi. O‘shanda ham Toshkent viloyati “Hududgaz” boshqarmasiga arz qilib bitirdim. Gaz xodimlari xali u, hali bu hujjatni so‘rab rosa ovora qilishdi, deydi fuqaro.



Bular faqat bizga etib kelgan, maʼlum bo‘lgan holatlar, xolos. Yodingizda bo‘lsa, yanvar oyida prezident tomonidan sohadagi korruptsion xavflarni oldini olish maqsadida “O‘zbekneftgaz” tuzilmasida raisning alohida o‘rinbosari lavozimi kiritilib, komplaens va korruptsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tashkil etildi. Tizimdagi har qanday noqonuniy holatni tezkor aniqlash va oldini olish bo‘yicha samarali tizim yaratish vazifasi qo‘yilgan. Yaʼni davlat rahbari bu muammoga jiddiy eʼtibor qaratyapti.



Shu o‘rinda, sohadagi kamchiliklarga oyna tutadigan blogerlarni sudga berishi bilan tilga tushgan Energetika vaziri ham korruptsiyaga qarshi jiddiy kurash boshlasa, jamoatchilik orasida ancha eʼtirofga sazovor bo‘lardi, nazarimizda. Zero, eʼlon qilinayotgan raqamlar, mavjud holatlar gaz va energetika sohasida hammasi joyida ekanini inkor etmoqda. Siz nima deysiz?



Abror Zohidov



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid