+36C

+36C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Qurilish tashkilotlariga: Toshkent “bedarvoza” shahar bo‘lmasligi kerak!

Bir necha kun oldin poytaxtning Yakkasaroy tumanida favqulodda holat ro‘y berdi. Better best qurilish kompaniyasi bunyod etayotgan turarjoy majmuasi qurilishida kanalizatsiya quvuri yorilib ketdi. Albatta, poytaxtliklar uchun o‘ta noxush holat. Bundan ham yomoni, Shota Rustaveli ko‘chasida qurilish ishlari davomida shikast etkazilgan quvurdan chiqqan oqova suv Salor kanaliga oqizilgani aniqlandi. Buni Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tasdiqladi. Mazkur voqealarni ko‘rib, qurilish tashkilotlari “shahar bedarvoza” tamoyiliga amal qiladi deb o‘ylaysan, kishi.
Jamiyat
75 14:11 | 07.07.2026 14:11

Bugun Toshkent ulkan qurilish maydoniga aylandi. Albatta, buning o‘ziga xos sabablari bor. O‘zbekiston aholisi salkam 40 million kishiga etdi. Toshkent esa hali-hanuz respublikaning eng gavjum va rivojlangan hududi bo‘lib qolmoqda. Katta talab tufayli poytaxtda uylar qurilishi jadal ketmoqda. Biroq, bu hamma narsaga ruxsat beriladi, degani emas.



3 kun avval tarmoqda Toshkent markazidagi qurilish maydonlaridan birida kanalizatsiya quvuri yorilib ketgani tasvirlari tarqaldi. Qurilish firmasi ko‘p qavatli uy qurilishida belgilangan shart asosida markaziy kanalizatsiya quvurini ko‘chirmasdan kotlovan qazigan. Oqibatda tuproq o‘pirilib, kanalizatsiya quvuri uzilib ketgan. “O‘zsuvtaʼminot” AJ vakili 10-12 soatda holat bartaraf qilinishini bildirdi. Bir eʼtiborsizlik ortidan yuzaga kelgan muammo ortidan ikkinchisini etaklab keldi: quvurdan chiqqan oqova suv Salor kanaliga oqizilgan. Natijada jiddiy ekologik holat vujudga keldi.



Mavjud tartibga ko‘ra, kanalizatsiya suvlarini oqar suvlar, ariqlar, kanallar yoki daryolarga oqizish mumkin emas. Kanalizatsiya suvlari tarkibida inson va hayvonlar sog‘lig‘i uchun o‘ta xavfli bo‘lgan bakteriyalar, viruslar (masalan, gepatit, vabo, ichburug‘ qo‘zg‘atuvchilari) va gelmint (qurt) tuxumlari bo‘ladi. Insonlar isteʼmol qilishini chetga surib turaylik (bu haqda tasavvur qilishning o‘zi dahshatli) kanal suvidan odamlar cho‘milish, tomorqa sug‘orish yoki hayvonlarni sug‘orishda foydalanganda bu kasalliklar tez tarqaladi. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga (xususan, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga) asosan, suv obʼektlarini ifloslantirish va oqova suvlarni belgilanmagan joylarga oqizish qatʼiyan taqiqlangan. Bunday harakatlar uchun fuqarolarga ham, mansabdor shaxslarga ham yirik miqdorda jarimalar belgilangan. Agar bu holat og‘ir oqibatlarga (masalan, ommaviy zaharlanishga) olib kelsa, jinoiy javobgarlik ham kelib chiqishi mumkin.



Lekin hozircha mazkur masala yuzasidan kimgadir chora ko‘rilgani haqida maʼlumot mavjud emas. Holat yuzasidan poytaxt ekologiya bosh boshqarmasi boshlig‘i A. Rasulov, laboratoriya mutaxassislari hamda Yakkasaroy tumani ekologiya nazorati inspektsiyasi davlat inspektorlari ishtirokida tezkor ishchi guruh tuzilib, voqea joyiga chiqib o‘rganilganda oqova suv Salor kanaliga to‘g‘ridan to‘g‘ri tashlash holati tasdiqlangan. Holat yuzasidan boshqarma tahliliy laboratoriyasi mutaxassislari tomonidan kanal suvidan belgilangan tartibda namunalar olinib, laboratoriya tahliliga yuborilgan.



Albatta, uylar aholimizga kerak. Lekin, biz uchun ekologiya, atrof-muhit masalasi, tozalik birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak emasmi? Aynan kanalizatsiya suvi oqizilgan Salor kanali bo‘yicha maʼlumot izlaganimizda, kishini hushyor torttiradigan bir maʼlumotga duch keldik. Bir necha yil avval Gidrometeorologiya xizmati Toshkentdagi kanallarning ekologik holati yuzasidan tekshiruv o‘tkazgan. Eʼtiborli tomoni, Salor kanali suvi eng ifloslangan havzalardan biri deya topilgan. Bu kanal Toshkent shahridagi Hayvonot bog‘i, Botanika bog‘i, Ekopark, Mirzo Ulug‘bek istirohat bog‘lari hududidan oqib o‘tadi. Uning Ekopark hududidan oqib o‘tuvchi qismida axlat uyumlari tashlanganiga ko‘p guvoh bo‘lish mumkin.



So‘nggi yillarni qo‘ya turaylik. “Avvalgi besh yillik tahlillarga nazar solib shuni ko‘rish mumkinki, Salor kanalida 2015 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda Toshkent shahri ostidagi qism iflos suvlarning IV sinfiga, 2019 yilda esa juda iflos suvlarning V sinfiga, Yangiyul shahridan pastdagi qismi 2015 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan davrga tegishli V sinfdagi juda iflos suvlarga mansub, deb topilgan”, deyiladi “Oila va tabiat” nashri eʼlon qilgan maqolada.



Xullas, Salor kanali yaqin orada Toshkentdagi yirik ekologik muammoga aylanishga yaqin turibdi. Shuni ko‘ra-bila turib, unga kanalizatsiya suvini oqizganlarni qanday tushunish mumkin? Yoki ular kanal allaqachon chiqindi tashuvchi suv havzasiga aylandi, deya o‘ylamoqdami?!



To‘g‘ri, hozirda O‘zbekiston bo‘ylab umumiy kanalizatsiya va tozalik muammosi o‘ta yomon holatda emas. Masalan, Hindistonda hali ham suv ifloslanishi tufayli (ayniqsa, bolalar o‘rtasida diareya, gepatit A va ifloslangan suvdan kelib chiqadigan boshqa kasalliklardan) yiliga yuz minglab odam vafot etadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST/WHO) va UNICEF tashkilotlarining oxirgi hisobotlariga ko‘ra, sifatsiz, ifloslangan suv va antisanitariya sababli o‘lim ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan hudud — Afrikaning Sahroi kabirdan janubdagi davlatlaridir (Chad, Niger, Lesoto, Mali va boshqalar). Agar bizda ham yuqoridagi kabi masʼuliyatsizlik va eʼtiborsizlik kuchaysa ahvol yomonlashishi mumkin. Qolaversa, biz yuqorida ko‘rsatilgan davlatlardagi ekologik vaziyatdan to‘g‘ri xulosaga kelishimiz shart.



Yodingizda bo‘lsa, bir necha kun avval davlatimiz rahbari Sergeli tumanida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan oqova suv tozalash inshooti atrofidagi noxush hid muammosi muhokama qilindi. Davlat rahbari mutasaddilarga 1 sentyabrga qadar oqova suv qabul qilish inshootiga zamonaviy filtrlash uskunalarini o‘rnatib, muammoni to‘liq bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi. Qayd etilishicha, kelasi yildan Birlashgan Arab Amirliklari hamkorlari ishtirokida Quyi Chirchiq tumanida quvvati 300 ming kub metr bo‘lgan zamonaviy suv tozalash inshooti qurilishi boshlanadi. Bu Sergelidagi mavjud inshootga tushayotgan yuklamani sezilarli darajada kamaytiradi.



Mana: tozalik, ekologiya va aholini qiynayotgan qator masalalar Prezident darajasida muhokama qilinyapti va echilyapti. Bizningcha, Yakkasaroydagi muammo aybdorlari ham qonun doirasida jazolanishi, bu holat boshqa qurilish kompaniyalari va mutasaddilarga o‘rnak bo‘lishi lozim. Holatni imi-jimida “yopib” yuborishga, aybdorlarning jazodan qutilib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Agar shunday bo‘lsa, sizu-bizning kelajagimiz jiddiy xavf ostida qoladi. Vaziyat Toshkentdagi kanallarda hatto yuvinish xavfli bo‘lib borayotganidan dalolat bermoqda. Bir paytlar ota-bobolarimiz muzdek suvga non botirib eb, sog‘lom yurgani haqida gapirardi. Biz va bizdan keyingi avlod suvga yaqinlashishga ham qo‘rqib qolmasligi uchun bugundan jamoatchilik oyoqqa turishi lozim. Zero toza suv – sog‘lom avlod degani, sog‘lom avlodsiz buyuk kelajak qurish esa imkonsiz.



Abror Zohidov


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
ЧИЛЛА НИМА?
0 7103 16:57 | 05.08.2023
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat