Qanday hollarda xodimni xizmat safariga yuborish mumkinmas?
Savol: Meni 4 va 9 yoshli farzandim bor.Ish joyimdan buyruq bilan viloyatdagi tarkibiy bo'linmaga xizmat safariga yuborishmoqda. Borishdan bosh tortayaptman, biroq direktor fikridan qaytmay, intizomiy jazo qo'llashini, hattoki ishdan bo'shatishini aytayapti. Bu qonunga zid emasmi?
Javob: Bu qonunga zid.
Xizmat safari – tashkilot rahbarining farmoyishiga ko'ra xodimning doimiy ish joyidan tashqarida (masalan, filialda, uchastkada, boshqa bo'linma yoki tashkilotda) xizmat topshirig'ini bajarish uchun muayyan muddatga boshqa joyga borishidir.
Xodimlarning hammasini ham xizmat safariga yuborib bo'lmaydi.
Mehnat kodeksida ayrim toifadagi xodimlar uchun cheklovlar va taqiqlar ro'yxati mavjud (MK 396-moddasi).
Xususan, quyidagilarni yozma roziligisiz xizmat safariga yuborib bo'lmaydi:
- homilador ayollarni;
- 14 yoshga to'lmagan bolasi yoxud 16 yoshga to'lmagan nogiron bolasi bor ayollarni;
- onasiz bolalarni tarbiyalayotgan otalarni (ona vafot etgan, onalik huquqlaridan mahrum etilgan va boshqa hollarda);
- voyaga yetmagan bolalarning vasiylarini (homiylarini);
- ota-ona g'amxo'rligidan mahrum bo'lgan bolalarni amalda tarbiya qilayotgan shaxslarni (buvisi, buvasi yoki boshqa qarindoshlarni).
⚠️Shu tariqa, ko'rib chiqilayotgan misolda xodimani uning roziligisiz xizmat safariga yuborib bo'lmaydi. Uning xizmat safariga borishdan bosh tortishiga mehnat intizomini buzish sifatida qarab bo'lmaydi.
Agar xodim yuqorida sanab o'tilgan toifalardan birortasiga kirmasa u uzrli sabablarsiz safarga borishdan bosh tortishga haqli bo'lmaydi. Bu holda xodimning xizmat safariga borishdan asossiz ravishda bosh tortishi mehnat intizomini buzish deb hisoblanadi. Buning uchun intizomiy jazo chorasini qo'llash mumkin (MK 312–315-moddalari).
Agar xodimning ishi tez-tez xizmat safarlariga borishni taqozo etsa, ushbu shartni mehnat shartnomasida qayd etgan ma'qul.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0