Abduqodir nimaning qurboni: Mentalitet, OAV yoki mashhurlik?
Abduqodir Husanov. Bu nom bugun o'zbek xalqiga juda yaxshi tanish. Uning «Manchester Siti»ga o'tishi nafaqat O'zbekistonda, balki qo'shni davlatlarda ham katta rezonansga sabab bo'ldi. Biroq bir necha oydan beri uning faoliyatida pasayish kuzatilayotgani aytilyapti.
Maydonda ko'rinmay qolishi turli bahs-munozarlarga sabab bo'lmoqda. Kimdir bunga to'y, uylanishi sababchi deyyapti, yana kimdir jurnalist va blogerlarni ayblayapti. Jurnalistlar uni tinch qo'ymagani, turli tadbirlarga sudrashgani ro'kach qilinyapti. Mashhurlik yukini ko'tarishi qiyin bo'ldi, degan qarashlar ham yangaryapti. Ammo bu holat ortida qanday ijtimoiy muammolar bo'lishi mumkin? Aniqrog'i, u orqali o'zbek yoshlari ongidagi shaxsiy rivojlanish va oila o'rtasidagi ichki kurashni kuzatish mumkinmi?
Bizni jamiyatda yoshlar uchun ikkita yo'l bor: birinchisi, erta oila qurib «odam bo'lish», ikkinchisi, shaxsiy rivojlanishga, ilmga intilib, kar'era qilish. Ko'pincha bu ikki yo'ldan bir vaqtda yurish qiyin. Shaxsan kamina ham bu jarayonni boshdan o'tkazgan. Sotsiologlarga ko'ra, ko'p yoshlar bu tanlov oldida ruhiy zo'riqishga uchraydi.
Yashirish kerakmas, o'zbek jamiyatida «uylanmadi yoki erga tegmadi, demak, uncha yaxshi emas ekan», degan qarash hali ham bor. To'yga ham obro' e'tibor va ijtimoiy ustunlik belgisi deb qarashadi. Lekin rivojlangan mamlakatlarda yoshlar avval shaxsiy o'sishni tanlaydi. Masalan, Germaniya, Frantsiya yoki Yaponiyada yoshlar 30 yoshdan keyin oila qurishni odatiy hol deb biladi. Ular uchun birinchi navbatda shaxs sifatida kamolotga yetish muhim.
Abduqayum Yo'ldoshovning «Puakare» asarida esa o'zbek yoshlari ongidagi bu ziddiyat iste'dodli, yosh olim obrazi orqali yorqin ochib berilgan. Ilmiy kashfiyot yo'lida turgan yosh olim yigit ota-onasi qistovi bilan oila quradi, oqibatda, ro'zg'or tashvishlari, oila mojarolari, xotinining xarxashalari bilan andarmon bo'lib, kashfiyotlik faoliyati – «Puankare»ni ixtiro qilishiga nuqta qo'yadi! Albatta, har bir jamiyatda oila qurgach, mas'uliyatlar ham ortadi. Odamning energiyasi ikkiga bo'linadi.
Abduqodir ham aslida shunday bir nuqtada turmayaptimi? Ya'ni shaxsiy o'sish bilan jamiyat talabi o'rtasida.
Tarixiy voqealiklar
Tarixdagi buyuk zotlarning ko'pchiligi oila qurmagan yoki ilm va safar yo'lida shaxsiy hayotni chetga surgan. Imom Buxoriy 16 yoshida ilm izlab, Samarqanddan safarga chiqqan, butun hayotini hadis jamlashga bag'ishlagan. Ahmad Farg'oniy, Ibn Sino, Ulug'bek kabi ajdodlarimizning hayotida ham ilm va yaratish birinchi o'rinda bo'lgan. Ular makkadan mag'ribgacha kezishgan, ko'pincha oila qurmay, shaxsiy rivojlanishni tanlashgan.
Abduqodir 20 yoshida oila quryapti. Buni uning o'zi tanladimikan? Yoki u jamiyat va ota-onasining «bunaqa paytda to'y qilish kerak», degan talabiga bo'ysundimikan? Balki u Yevropada tug'ilgan bo'lsa, hali uylanmasdi va futbolda o'sishga e'tibor qaratgan bo'larmidi? Yoki boshqalar aytayotganday, OAV bosimi, mashhurlik yuki uni susayishiga sabab bo'ldimikan?
Xo'sh, siz nima deysiz? Hozir Abduqodir Husanov faqat futbolchigina emas, o'zbek yoshlarining ruhiy qarama-qarshiligini aks ettiruvchi shaxs ham emasmi? Abduqodir kabi yorqin iste'dodlar yana paydo bo'lar yoki ular bizda millionlab topilar… Ammo ularni mentalitetimiz, tarbiyamiz va ongimizdagi qoliplar bilan qurbon qilib qo'ymayapmizmi?
P.S: Abduqodir Husanov hali yosh. U katta yutuqlar va marralarni zabt etishiga ishonamiz. Yuqoridagi mulohazalar esa, shunchaki sub'ektiv fikr, xolos.
Maftuna KARIMOVA
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0