Qashshoqlikdan yulduzlikkacha: dunyo futbolini larzaga solgan kambag'al bolalar
Kambag'allik – og'riqli va sinovlarga to'la yo'l. Biroq u ba'zan buyuklikka yetaklovchi kuchli motivatsiyaga aylanishi mumkin. Dunyoda ko'plab mashhur va buyuk shaxslar borki, ular qashshoqlik va og'ir bolalikni yengib o'tib, shon-sharafga erishganini ko'rish mumkin.
Yozuvchi Frants Kafka, Jek London, buyuk ixtirolari bilan dunyoni lol qoldirgan Nikola Tesla, uyg'onish davri rassomi Rafael Santi kabi shaxslar ana shunday hayot sinovlaridan o'tgan. Shu kabi minglab insonlarni qashshoqlik to'xtatmagan, aksincha, yuksalish uchun asosiy turtki bo'lgan. Ma'lumotlarga ko'ra, ayniqsa sportchilar orasida og'ir turmush sharoitiga qaramay, ulkan natijalarga erishgan yulduzlar soni ko'p. Quyida ana shunday futbol yulduzlaridan ba'zilarini keltiramiz.
Krishtianu Ronaldu
Dunyodagi eng yaxshi futbolchilardan biri sanaladigan Krishtianu Ronalduning onasi xotiralarida yozishicha, u tug'ilmasidan avval abort masalasi ko'tarilgan. Uning onasi Dolores bu haqda “Jasoratli ona” nomli kitobida yozadi. Ronaldu katta oilada o'sgan, bolaligida o'z xonasi bo'lmagani bois onasi va ikki opasi bilan bitta xonada yashashga majbur bo'lgan. 14 yoshida maktabdan haydalgan va ishlashga majbur bo'lgan, biroq onasi uni futbolga qaytarishga harakat qilgan. “Andorin'ya” klubida o'ynagan paytiyoq iqtidori bilan ajralib turgan Ronaldu ohir-oqibat dunyo miqyosidagi yulduzga aylandi.
Neymar Junior
Braziliyalik xujumchi Neymar San-Pauludagi chiqindixona yaqinida joylashgan kichik uyda ulg'aygan. Uning onasida hatto UZI tekshiruviga ham puli bo'lmagan. 12 yoshida Neymar futbol klubi bilan shartnoma imzolaydi va 17 yoshida professional debyutini o'tkazadi. Unga “Barselona” va “Real Madrid” kabi klublar qiziqish bildirgan. Bugungi kunda Neymar jahonning eng taniqli va boy futbolchilaridan biri hisoblanadi.
Zlatan Ibragimovich
Zlatan Ibragimovich – Shvetsiya terma jamoasining sobiq sardori va “The Guardian” nashri tomonidan 2013 yilda dunyodagi uchinchi eng yaxshi futbolchi deb e'tirof etilgan yulduz. U 1981 yili Yugoslaviyadan kelgan muhojirlar oilasida tug'ilgan. Ota-onasi ikki yoshida ajrashgan va Zlatan uni qattiqqo'l onasi bilan katta bo'lgan. Kambag'allik, milliy kamsitish va muhojirlik sinovlariga qaramay, u futbol orqali butun dunyoga o'zini tanitdi.
Diego Armando Maradona
Tarixdagi eng yaxshi futbolchilardan biri sanaladigan Maradona 1961 yilda Argentinadagi Villa Fiorito nomli qashshoq mahallada tug'ilgan. Otasi Don Diego qurilish va zavodda ishlab, yetti farzandni boqishga urinadi. 15 yoshida u professional futbolchiga aylanadi va oilasiga moddiy yordam beradi. 21 yoshida “Barselona”ga jahon rekordi asosida o'tadi. 2020 yilda yurak xuruji natijasida vafot etgan Maradona dunyo futbolining ramziga aylangan edi.
Lionel Messi
Argentinadagi Rosario shahrida ishchi tabaqadan bo'lgan kambag'al oilada tug'ilgan Lionel Messida 11 yoshida o'sish gormoni yetishmasligi aniqlangan. Bu davolash jarayoni juda qimmat bo'lgani uchun oila bu xarajatni qoplay olmasdi. Unga “Barselona” klubi yordam qo'lini cho'zadi va uni Ispaniyaga chaqirib, tibbiy xarajatlarni o'z zimmasiga oladi. Shu tariqa Messining dunyo futbolidagi afsonaviy kar'erasi boshlangan. U hozir ham oddiyligi va ehson ishlari bilan tanilgan yulduzlardan.
Og'ir bolalik, qashshoqlik va muhtojlik ko'pincha insonlarni sindirishi mumkin. Ammo yuqoridagi yulduzlar misolida ko'rib turibmizki, iroda, mehnat va ishonch orqali har qanday muvaffaqiyatga erishish mumkin.
Maftuna KARIMOVA,
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0