Bizga bolalarni ekran qarshisiga “mixlaydigan” milliy annimatsiyalar kerak
O'g'limning kiyimlaridan tortib o'yinchoqlarigacha «O'rgimchak odam». Сhunki shu qahramonni juda yoqtiradi. Uning tasviri tushirilgan biror buyumni qaerda ko'rsa, qarshilik ko'rsatishimga qaramay, «Olib berasiz», deb oyoq tirab turib oladi. Shunday kezlarda o'ylab qolaman: nima uchun, aynan yot, ustiga-ustak, to'qima ajnabiy qahramon o'g'limning kumiri bo'lishi kerak? Nima o'zimizda o'rnak olishga, ixlos qo'yishga arzigiluk qahramonlar yo'qmi?
Umuman, bu birgina mening farzandim bilan bog'liq holat emas. Aslida hozirgi bolalarning aksariyati xorijiy fil'mlardagi qahramonlarni ideal shaxs sifatida ko'rib, ularga taqlid qilishadi.
Xo'sh, nega shunday? Menimcha, bu targ'ibotning, ong ostiga hujumning natijasi! Shu bois bolalarimiz o'z ota-bobolaridan ko'ra, «Supermen», «Xalk», «Betmen», «Alisa», «Krish» kabi sun'iy qahramonlarni yaxshi ko'rishadi. Boz ustiga, ular uchun buyuk tariximizni mana shu fil'mlar singari ishonarli qilib tasvirlagan kinomiz yo'q hisobi.
Farzandlarimiz aslida o'z xalqi, yurti, ona Vatanini jondili bilan sevgan va uning sha'ni, qadr-qimmati uchun kurashgan tarixiy shaxslarni qahramon deb bilishlari va ularga ergashishlari kerak emasmi? Yurtimizdan esa ilm-fanga, dunyo tamadduniga munosib hissa qo'shgan ko'plab buyuk zotlar yetishib chiqqan. Dovrug'i butun olamga tarqalgan ajdodlarimiz juda ko'p. Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiy, Jaloliddin Manguberdi kabi tarixiy shaxslar shular jumlasidan. Nahotki, ularning hayoti va asarlari faqat kitoblarda qolib ketsa?.. Nega ularni bolalar qalbiga, yuragiga muhrlay olmayapmiz?..
Bir vaqtlar “Oynai jahon”da «Jumong» nomli koreys seriali namoyish etilgandi. Katta-kichik farzandlarimiz shu fil'm ta'siriga tushib qolishdi. Xalacho'pni ot qilib minib, «Men Jumongman» deb hayqirib yurishdi. Xullas, hamma yerni «Jumong»lar bosib ketdi.
Yoki bo'lmasa, hind kinolaridagi qahramonlarni olaylik. Qorako'zlarimiz ularni o'zimiznikidan ko'ra, yaxshi bilishadi. Nega desangiz, hindlar fil'mlarini shu darajada mahorat bilan suratga olishadiki, ba'zan bolalar tugul hatto kattalar ham chippa-chin ishonishadi. Qisqasi, xorijiy mutaxassislar oddiy muallimidan tortib sport murabbiyi, dunyoni lol qoldirgan daholari hayotini haqiqiy, ishonarli, qiziqarli va sevimli qilib yarata olishadi.
Biz esa bu ishning uddasidan chiqolmayapmiz. Masalan, istiqlol, millat taraqqiyoti uchun kurashgan millatparvar shaxslar – Abdurauf Fitrat, Сho'lpon, Abdulla Qodiriy, Sadriddin Ayniy kabi buyuklar haqida bolalarbop fil'mlar yaratganimiz yo'q.
Albatta, buning uchun bizga, eng avvalo, mukammal stsenariy zarur. Axir bejiz «Yaxshi fil'm uchun uchta narsa: stsenariy, stsenariy va yana stsenariy kerak», deb aytishmaydi. Shu bois «Kichkintoylar uchun milliy kontent» sarlavhali avvalgi maqolamizda yoshlarni bu ishlarga keng jalb etish masalasini ko'targandik. Сhunki ular har jihatdan kreativ, qoliplardan xoli fikrlashadi, yangi g'oyalarga ochiq bo'lishadi. Prezident yordamchisi Saida Mirziyoeva ham bolalar uchun milliy kontent yaratuvchilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash kerakligini bot-bot ta'kidlayapti.
Haqiqatan ham, milliy kontent ishlab chiqaradigan, xalqimizning ruhi va qadriyatlarini his etadigan yangi avlodni tarbiyalash soha kelajagi uchun juda muhim. Xorij fil'mlaridagi boshqa millat qahramonlari ham adabiy yoki tarixiy asarlar g'oyasi asosida zamonaviy qayta ishlangan shaklda taqdim etiladi.
Bizda-chi? Faqat shiorlar va kutubxonalarda chang bosib yotgan kitoblar borga o'xshaydi. Yana animatorlar mablag' masalasini ko'tarishadi. To'g'ri-da, davlat byudjetidan ajratilgan pullar ularga «Mana, yetarlicha ol, faqat yaxshi asar yarat», deb tutqazilmasligi aniq.
Mazkur yo'nalishdagi ta'lim muassasalarini tamomlayotgan yoshlar esa maosh kamligi va e'tibor sustligi tufayli bu ishga qo'l urishmayapti.
Yana bir gap. Oramizda yosh, iqtidorli, o'z iste'dodi bilan yonib chiqayotgan yozuvchilar ko'p. Xo'sh, ularga kim e'tibor qaratayapti? Mutasaddilar biron-bir masala yuzasidan hamkorlikni yo'lga qo'yishni taklif qila olishadimi? Bizningcha, yo'q!
Shukrki, sohada umid qilsa bo'ladigan qadamlar tashlanyapti. Xususan, yaqinda Prezident qarori bilan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil etildi. U axborot makonidagi bolalar tarbiyasi va sog'lig'iga salbiy ta'sir ko'rsatadigan kontentni tahlil qiladi. Mahalliy ijodkorlarga milliy kontent yaratish bo'yicha buyurtma beradi, kadrlar siyosati bilan shug'ullanadi.
Lekin kishini xavotirga soladigan holat shundaki, ana shu buyurtmalar nechog'liq ochiq bo'ladi? Qobiliyatli yoshlarga bu borada qanday imkoniyatlar beriladi? Yoki buyam avvalgilaridek imi-jimida tanlanganlar orasida baham ko'riladimi? Сhunki bu ishning hadisini olganmiz, ya'ni «o'zbekcha modul»ini yaratganmiz-ku!.. Xavotirimiz shundan.
So'ngso'z o'rnida
2022 yil avgust oyida Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi yirik loyiha – «Renessans» ustida ish olib borayotgani, unda Birinchi va Ikkinchi Renessans davridagi ajdodlarimiz haqida 30 ta animatsion fil'm suratga olish reja qilinayotgani haqida bong urilgandi. Shuningdek, ijodiy guruh Amir Temurga bag'ishlab animatsion fil'm ishlayotgani aytilgandi. Ammo ularning keyingi taqdiri nima bo'lganidan xabarimiz yo'q. Balki loyiha to'xtatilgan, balki hali oxiriga yetkazilmagan, balki taqdim qilinganu, ommalashmagandir... Xullas, bunisi bizga qorong'i. Darvoqe, avvalgi maqolamizda keltirilgan Youtubening «O'zbek mul'tfil'm» sahifasidan «Spitamen», «Shiroq haqida afsona», «Farhod va Shirin» kabi animatsiyalarni topdik. Ko'rishlar soni 2,5 mingdan 25 mingtagacha ekan. Sifati, stsenariysi, saviyasi haminqadar bo'lgandan keyin ko'rishlar soni ham shunga yarasha bo'ladi-da...
Xullas, savol ustiga savol tug'ilaveradi. Lekin ularga aniq javob topolmay halakmiz. Shunday bo'lsa-da, qachondir sohadagi muammolar yechim topib, farzandlarimizni ekran qarshisiga «mixlaydigan» milliy qahramonlar haqida animatsiyalar yaratilishidan umidvormiz.
Gulruxbegim ODAShBOEVA
«ISHONCH»
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0