"Futbol yig'lay olmagan xalqning yig'isidir"
Futbol stadioni – norozilikning ramziy maydoni. Odam u yerda baqiradi, yig'laydi, g'azablanadi, quvonadi — ammo bularning barchasi “normal” qabul qilinadi. Aslida bu – jamiyatning bosim ostida qolgan, inkor etilgan, cheklangan barcha hissiyotlarining oqib chiqish daryosi.
Futbol orqali xalq o'zini qanday ifodalaydi? Sotsiolog bilan suhbat
«Oyimdan qolgan toshoyna qani?!» Ergash Karimov tilidan yangragan bu ibora ko'pchilikning yodida. Yarim chin, yarim hazil aytilgan bu gapda xalqning fidoyi muhabbati va qaysidir ma'noda milliy dardi mujassam bo'lgan. Kuni kecha O'zbekiston terma jamoasining jahon chempionatiga yo'llanma olishi bilan go'yo ancha yillardan buyon yo'qolgan “toshoyna” topilganday bo'ldi. Jamoaviy his, ko'z yoshlar va quvonch tuyg'ularni tag'in maydonlarda kuzatdik. Ammo ba'zi doiralarda munozaralar ham yo'q emas. Ya'ni “Futboldan xalqqa nima foyda?” “U odamlar ongini chalg'itadi”, degan savol va iddaolar paydo bo'lgan. Bu kabi ijtimoiy fikrlarni ham e'tiborsiz qoldirib bo'lmaydi. Сhindan, futbol faqat sportmi? Yoki u jamiyatda biror chuqur ijtimoiy funktsiyani ham bajaradimi? Ishonch.uz muxbiri shu va boshqa savollarga oydinlik kiritish uchun sotsiolog, “Mafkuraviy skalpel” blogi egasi Baxtiyorxon Axmadxonov bilan suhbatlashdi.
– Ayrim doiralarda “futbol xalq ongini chalg'itadi”, “odamlarga foydasi yo'q”, degan fikrlar bor. Siz bu qarashlarga qanday munosabatdasiz?
– Bu fikrlar yuzaki va kontekstdan uzilgan tarzda bildirilgan, deb hisoblayman. Ha, futbol – bu ommaviy spektakl, global industriya, kapital oqimlari aylanadigan katta maydon. Lekin u shu bilan birga, ijtimoiy ongda real ehtiyojlardan chalg'ituvchi vosita sifatida ham ishlatilishi mumkin. Ayniqsa, siyosiy beqarorlik, iqtisodiy tanglik yoki norozilik kuchaygan paytlarda futbol ommaning e'tiborini boshqa yoqqa burish quroliga aylanishi mumkin – bu holatni “panem et circenses”, ya'ni “non va tomosha” degan qadimgi Rim iborasi juda yaxshi ifodalaydi. Ammo shu bilan birga, futbolni shunchaki zararli vosita deb rad etish ham soddalik bo'ladi. Сhunki futbol bu – jamiyatdagi emotsional bo'shliqni to'ldiradigan, identitet yaratadigan, birlashish va jamoaviylik hissini beradigan ijtimoiy-madaniy hodisa. Dunyoda minglab kambag'al, mehnatkash, va asosan o'z yo'lini topa olmayotgan yoshlar futbol orqali o'z ovozini eshittirgan, o'zini namoyon qilgan. U ijtimoiy lift bo'la oladi – lekin, bu lift qaerga olib chiqyapti – bu endi boshqa savol. Demak, muammo futbolning o'zida emas, balki uning qanday kontekstda ishlatilayotganida. Agar futbol insonlarni faollikka, tanqidiy tafakkurga, jamoaviylikka, ijtimoiy birdamlikka undasa – u ijobiy vositaga aylanadi. Ammo agar u doimiy chalg'itish, manipulyatsiya, real muammolarni yashirish mexanizmining bir qismiga aylansa, unda tanqid qilishga to'la asos bor. Shuning uchun biz futbolni emas, uni qanday siyosiy va mafkuraviy apparatlar ishlatishini tahlil qilishimiz kerak. Bu masalaga har doim struktura va kontekst darajasidan qarash muhim.
– Futbol kabi sport turlari xalq uchun qanday ijtimoiy funktsiya bajaradi, deb o'ylaysiz? U faqat ko'ngilochar tomoshami yoki undan tashqari ma'naviy jihatlari ham bormi?
– Sport, ayniqsa, futbol, shunchaki ko'ngilochar tomosha emas — u jamiyatda juda murakkab, ko'p qatlamli ijtimoiy funktsiyalarni bajaradi. Bir qarashda futbol tribunalari, stadionlar, va musobaqalar – faqat emotsional bo'shashuv, ko'ngil ochish manzili kabi ko'rinadi. Lekin aslida bu — ommaning kollektiv his-tuyg'ularini ifoda etish, bosim ostidagi ijtimoiy qatlamlarning o'zini namoyon qilishi, identitetini qurishi uchun bir maydon. Bu jihatdan u deyarli siyosiy institutga teng. Futbol jamiyatda birdamlikni, jamoaviylik ruhini shakllantiradi. Ayniqsa, ijtimoiy sinfiy tafovut kuchli bo'lgan muhitda, futbol universal "til" vazifasini o'taydi — u orqali farovon va qashshoq, markaz va periferiyadagi insonlar bir hil ehtiros bilan o'zlarini bog'lay olishadi. Bu esa o'z navbatida, bir necha daqiqalik “sinfiy tenglik “illyuziyasi”ni yuzaga keltiradi. Ammo bu illyuziya doim ham yomon emas — u ba'zan ijtimoiy birdamlik, hamjihatlik kabi ijobiy hissiyotlarni uyg'otadi. Bundan tashqari, sportning estetik, axloqiy va hatto ma'naviy o'lchamlari ham mavjud. Jamoaviy o'yinlarda mashaqqat, iroda, mehnatsevarlik, o'zini qurbon qilish, sadoqat, o'yin etikasi kabi qadriyatlar shakllanadi. Bular jamiyatdagi yuksak axloqiy me'yorlar haqida emas, balki insoniy harakatlar va ijtimoiy munosabatlar haqidagi umumiy mezonlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Lekin bu jarayon o'z-o'zidan sodir bo'lmaydi. Sportdan qanday foydalanilayotgani muhim. Masalan, futbolni faqat millatchilik, raqobat, agressiya va iste'molchilik asosida targ'ib qilish ham mumkin — bu holatda u ijtimoiy ongni toraytiradi, ijtimoiy g'azabni noto'g'ri yo'nalishga buradi. Boshqa tomondan, uni ijtimoiy birdamlik, salomatlik, inklyuzivlik va g'oyalilik yo'lida yo'naltirish ham mumkin — bu esa ijtimoiy ongni kengaytiradi. Demak, futbol va sport bu jamiyatning “aks sadosi” — u qanday madaniy va mafkuraviy muhitda mavjud bo'lsa, o'sha muhitning ichki paradokslarini ochib beradi. Va bu jihatdan u biz uchun o'yin emas, u – oyna.
– O'zbekiston terma jamoasining jahon chempionatiga chiqishi xalq ongida qanday ahamiyatga ega bo'ldi, deb hisoblaysiz? Bu shunchaki sport g'alabasimi yoki unda kengroq ma'nolar bormi?
— Bu shunchaki sportdagi muvaffaqiyat emas, balki xalq ongida muhim psixologik va ijtimoiy jarayonlarni harakatga keltiradigan voqea. Bu bir o'yinning natijasidan ko'ra ko'proq ma'nolarni o'zida jamlaydi. Bu g'alaba orzusida kechgan yillar, sabr, irodaning va e'tiborsiz qolgan ijtimoiy qatlamlarning “biz ham bor” degan ichki nidosidir. Avvalo, bu voqea ko'pchilik uchun o'zini xalq sifatida tan olish, kuchini his qilish, kollektiv identitetni yangitdan his qilish imkonini beradi. Aksariyat odamlar uchun davlat — bu uzoqdagi byurokratik apparat. Ammo terma jamoa, ayniqsa, xalqaro maydonda yutganida, u bir zumda “biz”ning timsolimizga aylanadi. Shu “biz” tuyg'usi esa — ijtimoiy sadoqat, birdamlik va o'zligimizni anglashning asosi bo'lishi mumkin. Bundan tashqari, bu yutuq — jamiyatdagi depressiya, umidsizlik, siyosiy va ijtimoiy ishonchsizlikka qarshi yuzaga chiqqan kollektiv e'tirozning ramziy g'alabasi ham. Oddiy xalq o'zini ko'pincha tizim tomonidan e'tiborsiz qoldirilgan, sust holga keltirilgan, zaif qatlam sifatida his qiladi. Futbol jamoasining g'alabasi esa ular uchun: “Biz hech kim emasmiz deganlar, “adashdi” degan hissiy e'tirozni beradi. Bu holatni tarixda ko'p kuzatamiz. 1986 yilgi Argentinaning jahon chempionatidagi g'alabasi Maradona orqali Argentina xalqining diktaturadan charchagan irodasini ifodalagan yedi. Yoki 1998 yilda Frantsiya terma jamoasining g'alabasi — post-koloniya davrida o'z milliy identitetini qayta qurayotgan jamiyat uchun ijtimoiy signal edi. O'zbekiston holatida ham bu shunchaki g'alaba emas — bu xalqning o'zini dunyo sahnasida ko'rishga bo'lgan ichki ehtiyoji, tan olinishga bo'lgan talabi. Ammo bu yerda bir e'tiborli jihat bor: bu g'alaba qanday yo'naltiriladi? Agar bu muvaffaqiyat faqat bayram, shov-shuv, millatchilik va reklama vositasiga aylanib qolsa — u qisqa muddatli eforiyadan nariga o'ta olmaydi. Ammo agar bu natija yoshlar orasida axloqiy qadriyatlar, ijtimoiy inklyuzivlik, ijtimoiy birdamlik, hatto fuqarolik faoliyatiga ilhom sifatida yo'naltirilsa — u holda bu g'alaba jiddiy ijtimoiy kapitalga aylanishi mumkin. Xullas, sport yutug'i — bu xalq ruhiyati uchun muhim turning nuqtasi. Lekin bu turning qaerga burilishi — jamiyatdagi mafkuraviy yo'naltiruvchanlik va ijtimoiy muhitga bog'liq bo'ladi.
– Siz Futbol – xalqning inkor etilgan his-tuyg'ularini ifoda etish imkoni deb aytgan edingiz. Shu fikringizni kengroq tushuntirib bera olasizmi?
– Ha, men futbolni aynan shunday — xalqning inkor etilgan, chetga surilgan, e'tibordan tushib qolgan hissiyotlari, orzulari va g'ururini ifoda etish maydoni deb tushunaman. Gap faqat o'yinning o'zida emas, balki u orqali xalq qanday jarayonlarni boshidan kechirayotganida. Juda ko'p jamiyatlarda, ayniqsa, biznikidek post-sovet, avtoritar yoki yarim-avtoritar tuzumlarda oddiy odamning ovozi eshitilmaydi, taklifi, tanqidi, orzusi e'tiborga olinmaydi. Siyosiy hayot yopiq, madaniy muhokamalar qat'iy nazoratda, iqtisodiy tengsizlik esa chuqurlashib borayotgan bir paytda odamlar ichki hissiyotlarini ochiq ifoda etishning ijtimoiy jihatdan “ruxsat berilgan” sohasini qidiradi. Aynan shunday kontekstda futbol sahnaga chiqadi. Futbol stadioni — bu norozilikning ramziy maydoni. Odam u yerda baqiradi, yig'laydi, g'azablanadi, quvonadi — ammo bularning barchasi “normal” deb qabul qilinadi. Aslida esa bu jamiyatda bosim ostida qolgan, inkor etilgan, cheklangan barcha hissiyotlarning oqib chiqish daryosi. Futbolda odamlar o'zlarini endi eshitilayotgan, tan olinayotgan, go'yoki “mavjud”dek his qilishadi. Bu hissiy tan olinuvchanlik esa oddiy sport emas — bu siyosiy va ijtimoiy signal. Shu sabab, futbol nafaqat sport, balki xalq ichidagi repressiyalarga, ijtimoiy cheklovlarga, e'tiborsizlikka berilgan kollektiv javob demakdir. Bu – xalqning “biz bormiz”, “bizni ko'ring”, “bizni tan oling”, degan ichki qichqirig'ining ijtimoiy sahnadagi eng legallashgan shakli. Shu o'rinda psixoanalitiklarga xos tushuncha bilan aytadigan bo'lsam, futbol — xalq ongosti repressiyasining ifoda mexanizmi, ya'ni sublatsiyasi. Odam siyosatda ishtirok eta olmaydi, lekin futbol orqali o'z hayotining qahramoni bo'lish imkonini topadi. Shu sababli futbol — ijtimoiy ruhiyatning tahlil maydoni, jamiyatning aks-sadosi. Qisqasi, futbolni jiddiy qabul qilish kerak. U faqat to'p ketidan quvish emas, balki ijtimoiy ruhiyat, kollektiv xotira va norozilik energiyasining timsoli. Shu jihatdan u xalqning inkor etilgan his-tuyg'ularini ifoda etishning eng hayotiy, eng samimiy va eng muhim maydonlaridan biridir.
– Siz jamiyatda “ijtimoiy lift” emas, “ijtimoiy devorlar” haqida gapirdingiz. Bunda futboldagi yutuqlar oddiy odamlar uchun qanday umid manbaiga aylanadi?
– Ha, men hozirgi O'zbekistonda “ijtimoiy lift” tushunchasidan ko'ra “ijtimoiy devorlar” tushunchasi haqiqatga yaqinroq, deb hisoblayman. Сhunki jamiyatda oddiy insonlar, ayniqsa, quyi tabaqalardan chiqqan yoshlar uchun yuqoriga ko'tarilish imkoniyati amalda nihoyatda cheklangan. Bu devorlar — sinfiy, iqtisodiy, madaniy, hattoki mahalliychilik va tanish-bilish asosida qurilgan simvollik va real to'siqlar. Aynan shunday muhitda nafaqat futbol, umuman sportning barcha turlari ham — boshqa barcha sohalar yopiq bo'lsa-da, hali ham ochiq qolayotgan “yagona eshik” sifatida namoyon bo'ladi. Sportda jamiyatda yopiqlik hukm surayotgan boshqa tizimlar — universitetlar, davlat idoralari, madaniyat institutlari kabi inshootlardan farqli o'laroq, o'z mehnating bilan porlashing mumkin. Sport seni familiyang yoki kimning tanishi ekanliging bo'yicha emas, qanday harakat qilayotganing bo'yicha baholaydi. Shu jihati bilan u insonlarga “adolat” illuziyasini emas, ehtimol, real imkoniyatni taqdim yetadi. Masalan, biz ko'p hollarda chempion sportchi yoshlar orasida kambag'al oilalardan chiqqan, chekka qishloqlarda ulg'aygan, oddiy oilalarda voyaga yetganlarni juda ko'p kuzatamiz. Ularning har bir muvaffaqiyati ortida turgan narsa — bu iqtidor, iroda va ijtimoiy adolatsizlik devorlariga qarshi turtki. Ularning g'alabasi, go'yoki sahnadagi borligi — butun bir jamiyat uchun umid manbai, ya'ni: “ha, biz ham buni qila olamiz”, “hozir payqashmayapti, lekin biz ham mavjudmiz” degan xabar kabidir. Sport shu ma'noda xalq farzandining el farzandiga aylanishi mumkin bo'lgan kam sonli sahnalardan biri hisoblanadi. Sportchilar faqat o'zlari uchun emas, balki ular kabi cheklangan, pastga tomon qaratilgan, inkor etilgan minglab boshqa yoshlar uchun ham ramzga aylanadi. Ularning g'alabasi bu ijtimoiy devorlar orasidan chiqqan qichqiriq, irodaviy isyon, umid va tan olinish istagi. Shu sababli sport ijtimoiy adolatga bo'lgan ichki talabning, quyi tabaqalar ovozining va iqtidor orqali tan olinish orzusining jonli ifodasidir.
– Futbol orqali siyosiy ongni shakllantirish mumkin, degan fikrni qanday izohlaysiz? Bu qanday mexanizmlar orqali shakllanishi mumkin?
– Ha, futbol orqali siyosiy ongni shakllantirish ham mumkin va bu jarayon allaqachon butun dunyoda sodir bo'lib kelmoqda. Сhunki futbol — bu shunchaki oddiy sport turi emas, u ommaviylik, kollektiv his-tuyg'u, milliy va sinfiy identifikatsiya uchun markaziy sahnaga aylangan ijtimoiy hodisa. Aynan mana shu omillari uni siyosiy ong shakllanishi uchun o'ziga xos “kuch maydoniga” aylantiradi. Futbol birinchi navbatda kollektiv tajriba yaratadi: odamlar bir jamoaga muxlislik qilib, bir vaqtning o'zida nafaqat sportni, balki jamiyat haqidagi tasavvurlarini, haqiqat va adolatga bo'lgan qarashlarini, davlat va xalq o'rtasidagi masofani qayta-qayta his qilishadi. Har bir yutqazilgan o'yin – tizimga ishonchni, har bir g'alaba – imkoniyat va irodaga bo'lgan e'tiqodni ko'rsatadi. Misol uchun, futbol tribunasida muxlislarning siyosiy shiorlar bilan chiqishi, hukumatga yoki korrupsiyaga qarshi ovoz ko'tarishi ko'p mamlakatlarda siyosiy ongni shakllantiruvchi jarayonga aylangan. Lekin futbol faqat to'g'ridan-to'g'ri siyosiy norozilik emas, balki ong ostida ishlovchi ideologik vosita hamdir. U orqali “biz kimmiz?”, “qaysi jamoaga muxlislik qilamiz?”, “nimadan g'azabdamiz?”, “nimani talab qilishimiz kerak?” degan savollar kollektiv tarzda javob topadi. Futboldagi tengsizliklar — masalan, boy jamoalarning ustunligi, futboldagi korruptsiya, past tabaqadan chiqqan o'yinchilarning jamiyatda tan olinishi yoki olinmasligi — bularning barchasi ijtimoiy adolatsizliklarga nisbatan tanqidiy pozitsiyani shakllantirishga xizmat qiladi. Shu ma'noda, futbol — siyosatga befarq deb hisoblangan ommaning siyosiy sezuvchanligini uyg'otadigan “sezilarli metafora” hisoblanadi. Shunday ekan, futbol odamlarning his-tuyg'usi, e'tiqodi, e'tirozi va umidlarini ifoda etadigan siyosiy maydon. Va bu maydonda shakllanayotgan ong — haqiqatda jamiyatimiz qanday ishlashini, nimani o'zgartirish kerakligini his qilish uchun kuchli turtki bo'lishi ham mumkin.
– Milliy iftixor, milliy birdamlik kabi tushunchalar faqat sportda yuzaga kelyaptimi? Yoki buni boshqa sohalarga ham ko'chirish imkoni bormi?
– Albatta, milliy iftixor va milliy birdamlik degan tushunchalar faqat sport bilan cheklanmaydi. Sport – ayniqsa, futbol – bu his-tuyg'ularni eng kuchli, ommaviy va jonli tarzda yuzaga chiqaradigan maydonlardan biri, lekin bu holat boshqa sohalarga ko'chirilishi va ko'paytirilishi ham mumkin, hatto nihoyatda zarur ham. Aslida, milliy birdamlik – bu faqat turli musobaqalar paytida birgalikda quvonish jarayoni emas, balki jamiyatda umumiy maqsadlar, umumiy qadriyatlar va ijtimoiy hamdardlik asosida barpo bo'ladigan doimiy ruhiy holatdir. Sport, bu borada, jamiyatga bir lahzalik o'zini “yagona tanadek” his qilish imkonini beradi, lekin bu birlikni saqlab qolish va uni ongli tarzda barpo qilish uchun boshqa sohalar ham shu kuchli simvolik darajaga yetkazilishi kerak. Masalan:
• Madaniyat va san'at: Yozuvchi, rassom, qo'shiqchi yoki kinoijodkorlar milliy ongni shakllantirishda futbolchilardek kuchli rol o'ynaydi. Masalan, bir teatr asari yoki badiiy film jamiyatdagi chuqur muammolarni ko'rsatib, odamlarni fikrlashga undashi, jamoaviy identitetni mustahkamlashi mumkin.
• Ilm-fan va ta'lim: Ilmiy kashfiyotlar, xalqaro mukofotlar yoki akademik yutuqlar milliy iftixor manbaiga aylanishi mumkin. Biroq bu uchun davlat va jamiyat ilm-fanga nisbatan hissiy, ramziy va moddiy yondashuvini o'zgartirishi zarur.
• Mehnatkash sinflar va oddiy xalq: Har kuni yashash uchun kurashayotgan, jamiyatni yelkada ko'tarayotgan oddiy odamlar, masalan, muallimlar, shifokorlar, quruvchilar, fermerlar — bularning mehnati jamiyat ongida qahramonlik darajasiga ko'tarilsa, sportdagi kabi ijtimoiy birdamlik shakllanishi mumkin.
Ammo muammo nimada? Nega bu holat ro'y bermayapti? Сhunki ko'p hollarda siyosiy apparatlar milliy iftixorni faqat sportga (vaqti-vaqti bilan bo'ladigan ommaviy hodisalarga) jamlab, boshqa sohalardagi ijtimoiy tan olinuvchanlikni pasaytiradi. Bu esa odamlarning o'zini ijtimoiy jarayonda faol ishtirokchi sifatida emas, tomoshabin sifatida his qilishiga olib keladi. Demak, milliy birdamlikni tiklash uchun har bir soha –san'atdan tortib ilm-fangacha – ijtimoiy maydonga, tan olinuvchanlik maydoniga aylanishi kerak. Shunda bu birlik vaqtinchalik emas, balki ongli, barqaror va adolatga asoslangan birdamlikka aylanadi. Milliy iftixor — bu birdaniga portlab chiqadigan hissiyot emas, balki har bir inson jamiyatda o'zini hurmat qilinadigan, eshitiladigan va qadrlanadigan shaxs deb his qiladigan muhit bo'lishi lozim.
– Ochig'i, siz bilan suhbatlashmasdan burun gohida men ham futbolni “afyun” sifatida ko'rardim, nima deb o'ylaysiz, bu qarash qanchalik haqiqtga mos? U holda u xalqni uyg'otadimi yoki uxlatadimi? Jamiyatimizda bu qaysi tomonga xizmat qilmoqda?
– Agar futbolni “afyun” (ya'ni omma uchun sarxushlik vositasi) deb ataydigan bo'lsak — bu ibora, avvalo, tanqidiy kontekstda ishlatiladi va u Karl Marksning diniy mafkura haqida aytgan “din — xalqning afyuni” degan mashhur iborasini eslatadi. Bu yondashuvga ko'ra, “afyun” bo'lgan har qanday narsa odamlarni mavjud tartibni savol ostiga qo'yishdan, norozilik va ongli ishtirokdan chalg'itadi, uyquda ushlab turadi. Ammo haqiqat bu iboradan ancha murakkabroq. Bugungi O'zbekiston sharoitida futbol ambivalent rol o'ynayapti — bir tomondan, u odamlarning birdamlik hislarini, g'ururini uyg'otadi, xususan, xalqaro maydonlarda g'alabalar xalqning o'zini qadrlashini oshiradi. Bu juda muhim. Сhunki odamlarga futbol moddiy foyda keltirmasa ham g'alabaga “biz yutdik” deb munosabat bildiradi. Сhunki bu identitet, bu – birdamlik, bu –quvonch. Boshqa tomondan, bu quvonch ko'pincha faqat “erkin va xavfsiz” hissiy maydon sifatida ishlatiladi — ya'ni aholining norozilik, tanqid, e'tiroz tuyg'ulari boshqa sohalarda ifoda etilishiga yo'l yopiq bo'lgani uchun bu hissiyotlar futbolga kanalizatsiya qilinadi. Bu esa sportni “afyun”ga aylantiradi. Masalan, siyosiy yoki iqtisodiy beqarorlik davrida futbol ko'proq tomoshabinlar yig'adi — bu bejiz emas. Futbolni siyosiy ongni uyg'otuvchi kuchga aylantirish uchun esa uni tomosha maydonidan, ishtirok, fikr va birdamlik maydoniga aylantirish zarur. Faqat shundagina u afyun bo'lish o'rniga, uyg'otuvchi kuch holatiga kela oladi.
Maftuna KARIMOVA suhbatlashdi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0