+32C

+32C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Bir yarim oyda 250 ta “hayfsan”: muammo kadrdami yoki tizimda?

Aynan shu savollar bilan O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi masʼuliga murojaat qildik.
1428 13:11 | 18.07.2026 13:11

Yaqinda poytaxtdagi oliy taʼlim muassasalaridan birini imtiyozli diplom bilan tamomlagan yigit bilan suhbatlashib qoldim. Ish qidirayotgan ekan.


– Nega hokim yordamchisi yoki yoshlar etakchisi sifatida ishga kirishga harakat qilmaysiz? Hozir bu yo‘nalishda bo‘sh o‘rinlar ko‘p-ku, – dedim.


U kulimsirab javob berdi:


– Ey opa, ularning ko‘pi “xayfsan” olib, ishdan bo‘shab ketyapti. Rostini aytsam, shu tizimga kirishga yuragim betlamaydi...


Avvaliga bu gapni yosh yigitning shaxsiy xavotiridek qabul qildim. Keyin esa raqamlarga eʼtibor qaratdim. Telegramdagi “Tayinlov, isteʼfo va jazolar” kanalida deyarli har kuni mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari va yoshlar etakchilariga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilgani haqida xabarlar eʼlon qilinadi. Kanaldagi maʼlumotlar tahliliga ko‘ra, joriy yilning iyun oyi boshidan iyul oyining o‘rtasiga qadar 250 dan ortiq intizomiy jazo qo‘llanilgan. Ularning qariyb 70 foizi hokim yordamchilariga, qolgan qismi esa yoshlar etakchilariga to‘g‘ri keladi.


Xususan, joriy yilning 1 iyulida Angren shahar hokimining 14 nafar, 6 iyul kuni Zangiota tumani hokimining 17 nafar yordamchilari yoki bo‘lmasa, 15 iyul kuni Farg‘ona shahar hokimligining naq 28 nafar yoshlar etakchilari bir vaqtning o‘zida intizomiy jazoga tortilishi muhim bir savolni o‘rtaga tashlash uchun etarli. Xo‘sh, nega intizomiy jazolar haqidagi xabarlarda eng ko‘p aynan hokim yordamchilari va yoshlar etakchilari tilga olinadi? Bu kadrlar salohiyati bilan bog‘liq muammomi yoki ishni tashkil etishdagi tizimli kamchiliklarning oqibatimi?


Aynan shu savollar bilan O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi masʼuliga murojaat qildik.


Ismi sir saqlanishini istagan masʼulning aytishicha, hokim yordamchilariga yuklatilgan vazifalar hajmi katta. Ular ko‘p vaqt turli yig‘ilishlarda ishtirok etadi. Shu bilan birga, mahallalarga ajratiladigan mablag‘lar cheklangani sababli aholi murojaatlarining barchasini qondirish imkoni bo‘lmaydi. Bu esa murojaatlar sonining ortishiga, ayrim hollarda esa intizomiy choralar qo‘llanilishiga olib keladi.


Biroq, masʼul barcha holatni faqat tashkiliy muammolar bilan izohlamadi. Uning fikricha, mahalla “ettiligi” aʼzolari o‘zaro hamjihat ishlasa, vazifalar to‘g‘ri taqsimlansa, muammolar mahalliy Kengashlarga o‘z vaqtida olib chiqilsa va har bir xodim o‘z funktsional vazifasini to‘liq bajarsa, bunday holatlar ancha kamayadi.


Ayni paytda respublikada qariyb 9 ming nafar hokim yordamchisi faoliyat yuritadi. Demak, bir yarim oy ichida qayd etilgan 250 dan ziyod intizomiy jazo barcha xodimlarni qamrab olmaydi. Shunga qaramay, ochiq manbalarda eʼlon qilinayotgan xabarlarda aynan ushbu toifa xodimlari muntazam tilga olinayotgani eʼtiborni tortadi.


Rasmiylar ish yuklamasi va tashkiliy omillarni tilga olsa, shu maydonda ishlayotgan ayrim xodimlar bu holatni boshqacha izohlaydi.


Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi mahallalardan birida ishlovchi yoshlar etakchisi (ismi sir saqlanishini so‘radi)ning aytishicha, ular ko‘pincha o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga ham jalb qilinadi.


– Mana, hozir kunduzi soat uch. Jaziramada yo‘l chetida o‘t o‘ryapmiz. Katta rahbarlardan biri kelar ekan, deyishdi. Shundog‘am bizga yuklatilgan vazifalar juda ko‘p. Agar doim shunday ishlar bilan yursak, asosiy vazifalarimizni qachon bajaramiz? Rostini aytsam, boshqa ish qidiryapman...


Yaqinda intizomiy jazo olgan Quyi Chirchiq tumanidagi hokim yordamchilaridan biri esa muammoni yig‘ilishlar bilan bog‘laydi. Uning aytishicha, o‘sha kuni ertalab soat sakkizdan kechki to‘rtgacha hokimlikda yig‘ilishda bo‘lishgan, hatto tushlikka ham chiqishmagan. Qisqa vaqtga tashqariga chiqqanlarida yo‘qlama o‘tkazilib, o‘nga yaqin hamkasbi bilan birga unga ham “yig‘ilishda yo‘q” degan asosda xayfsan berilgan. Umuman, baʼzi paytlarda yig‘ilishlarga 1,5-2 soat oldin chaqirib olishlari quyushqonga sig‘maydigan holat.


Biroq barcha xodimlar ham bu fikrga qo‘shilmaydi. Yangiyo‘l tumanidagi Mingbuloq mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisining fikricha, bunday holatlarning asosiy sababi ishni to‘g‘ri tashkil qila olmaslikdir.


– Mening bu sohada ishlayotganimga ikki yil bo‘ldi. Shu vaqt ichida birorta “xayfsan” olmadim. Menimcha, ish yuklamasi meʼyorida. Faqat har kim o‘z vazifasiga masʼuliyat bilan yondashsa, o‘z ustida ishlasa, xayfsan olishga hojat qolmaydi, – deydi u.


Shunday qilib, bir-biriga zid ikki yondashuv namoyon bo‘lmoqda. Bir tomonda ish yuklamasi, uzoq davom etadigan yig‘ilishlar, vazifaga kirmaydigan topshiriqlar va tashkiliy muammolar haqida gapirayotgan xodimlar bor. Ikkinchi tomonda esa muammoni asosan shaxsiy masʼuliyat va mehnat intizomi bilan izohlayotganlar.


Keltirilgan raqamlar esa, bir holatga eʼtibor qaratishga undaydi: ochiq manbalarda eʼlon qilinayotgan intizomiy jazolar haqidagi xabarlarda eng ko‘p hokim yordamchilari va yoshlar etakchilari tilga olinmoqda. Agar bir-ikki nafar xodimga nisbatan chora ko‘rilsa, buni shaxsiy masʼuliyat bilan izohlash mumkin. Ammo qisqa vaqt ichida bir xil lavozimdagi yuzlab xodimlar jazolanayotgan bo‘lsa, bu endi faqat alohida shaxslarning kamchiligimi? Yoki mazkur tizimda ham tahlil qilinishi va qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan masalalar mavjudmi?


Xolida Egamberdieva,
ishonch.uz



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid