Bugungi bolalar "Shum bola"ni nega o'qishlari kerak?
Bola huquqlarining ta'minlanishi nafaqat zamonaviy jamiyat uchun dolzarb masala, balki adabiyotda ham muhim mavzulardan biri hisoblanadi.
Shoir va yozuvchi G'afur G'ulomning “Shum bola” asari bu mavzuda yorqin misol bo'la oladi. Bosh qahramon Qoravoyning sarguzashtlari bola huquqlarining buzilishiga yaqqol misol.
Konstitutsiyamizning 44-moddasiga ko'ra, bolalar mehnatining bolaning sog'lig'iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta'lim olishiga to'sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi. Demak, bugun bilan qiyos qilsak, Qoravoyning og'ir hamda ijtimoiy xavfli mehnatga jalb etilishi uning asosiy huquqlaridan birining buzilganini anglatadi. Shuningdek, asarda kattalar tomonidan unga nisbatan zo'ravonlik va jismoniy jazo qo'llanilgan holatlar ham uchraydi, bu esa bolaning shaxsiy daxlsizligi va himoyalanish huquqiga zid keladi. Bugungi kunda har qanday shakldagi jismoniy jazo taqiqlangan.
Yodingizda bo'lsa, asarda Qoravoy topqir va zukko bola sifatida tasvirlangan. U hozirjavob va o'z fikrini dadil ayta oladi. Og'ir vaziyatlardan abjirlik bilan chiqib ketadi. Bola huquqlari to'g'risidagi BMT konventsiyasiga ko'ra, har bir bola o'z fikrini erkin aytish huquqiga ega va o'z o'rnida kattalar bolalarni eshitishi, ularning fikrlariga hurmat bilan yondashishlari kerakligi ko'rsatib o'tilgan.
Shum bola qanchalik og'ir turmushda yashamasin, o'yin-kulgini yaxshi ko'radi. Do'stlari bilan ko'cha kezib, turli sarguzashtlarni boshdan kechiradi. Bola nafaqat ta'lim olish, balki bo'sh vaqtini maroqli o'tkazish, dam olish huquqiga ham ega ekani asarda ko'rsatilgan.
“Shum bola” asarini bolalar nafaqat ma'naviy rivojlanish, balki o'z huquqlarini bilish uchun ham o'qish tavsiya etiladi. Unda bolalar hayoti va huquqlari haqida ko'plab ma'lumotlar bor. Qoravoy o'z huquqlari uchun harakat qilgan va har bir bola o'z huquqlarini bilishi, ularni himoya qila olishi kerakligiga ishora qilgan.
Jamiyatda bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan dasturlar va ta'lim tizimida bu masalalarga ko'proq e'tibor qaratish lozim. Zero, bolalar huquqlarini ta'minlash faqat qonunlar yoki adabiyotlar orqali emas, balki amaliy choralar orqali ham mustahkamlanib borishi zarur.
Sevinch Sultonova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik
fakul'teti 2-kurs talabasi



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0