Oqsil xavfi bormi?
Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Fermerlar kengashi fermerlar, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va chorvadorlarga murojaat qilib, 18 apreldan 18 maygacha mamlakatda «Chorvachilikda sanitariya-epidemiologiya va gigiena» oyligi o‘tkazilishi boshlanganini maʼlum qildi.
Murojaatda taʼkidlanishicha, ayrim xorijiy davlatlarda mollar orasida oqsil (yashur) kasalligining tarqalish xavfi ortib bormoqda. Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, 2025–2026 yillarda 48 ta davlatda mazkur kasallikning yangi «SAT» tiplari aniqlangan. Amaldagi vaktsinalar esa bu turlarga qarshi to‘liq himoyani taʼminlamaydi.
Shu munosabat bilan ferma va xo‘jaliklarda veterinariya-sanitariya qoidalariga qatʼiy amal qilish, kirish joylarida dezinfektsiya vositalarini joriy etish, begona shaxslar va transport vositalarining kirishini cheklash tavsiya etilmoqda. Shuningdek, hayvonlarni parvarishlashda zoogigiena talablariga rioya qilish, ularni sifatli oziqa va toza suv bilan taʼminlash, hududni doimiy tozalikda saqlash hamda zararli hasharot va kemiruvchilarga qarshi kurashish zarurligi qayd etilgan.
Agar hayvonlarda kasallikka gumon tug‘ilsa, ularni zudlik bilan boshqalardan ajratish, veterinar kelgunga qadar alohida saqlash va o‘zboshimchalik bilan dori vositalarini qo‘llamaslik kerakligi uqtirilgan. Maʼlum qilinishicha, oqsil kasalligida yuqori harorat, og‘iz bo‘shlig‘ida va tuyoqlarda yaralar, elinda shikastlanishlar kabi alomatlar kuzatiladi.
Bunday hollarda darhol veterinarga murojaat qilish shart. Shu bilan birga, binolarni dezinfektsiya qilish, hayvon mahsulotlarini hududdan tashqariga chiqarmaslik va sutni qaynatmasdan isteʼmol qilmaslik lozim.
Taʼkidlanishicha, o‘z vaqtida emlash kasallikning oldini olishda eng samarali chora hisoblanadi. Qoramollar yilda ikki marta (bahor va kuz fasllarida), qo‘ylar esa yilda bir marta emlanishi kerak. Zarur hollarda 2,5–3 oylikdan katta barcha hayvonlar majburiy emlanadi va emlashdan keyin 15–21 kun ichida immunitet shakllanadi.
Kasallik alomatlari aniqlangan taqdirda (71-202-12-00, ichki: 210, 218, 323) telefon raqamlari orqali mutaxassislarga murojaat qilish mumkin.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0