+24C

+24C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

«Tila tilagingni!»

Yoxud quyi bo‘g‘in rahbarlarini boshi berk ko‘chaga, jamiyatni boqimandalikka undayotgan illat
Jamiyat
1544 12:21 | 25.04.2026 12:21

Bir davrada qadrdon do‘stim gap ochib qoldi. Maktabni tamomlagan jiyani o‘tgan yozning adog‘ida viloyat rahbariyati 150-200 chog‘li yoshlar ishtirokida o‘tkazgan uchrashuvda qatnashgan ekan. Muloqotda u dadil-dadil fikrlar bildirib, yakunda jarangdor sheʼr ham o‘qib beradi. Mansabdorning mehri tovlanib, «Tila tilagingni! Qanday yordam beray?» deya unga yuzlanadi. Yigitcha ham temirni issig‘ida bosib, beshta xorijiy oliy o‘quv yurtiga kontrakt asosida o‘qishga kirganini, hozircha qay birini tanlashni bilmay, ikkilanib turganini aytadi. Hokim gapning paynovini darhol ilg‘ab, talabaning bir yillik kontrakt to‘loviga vaʼda beradi va topshiriqni shu joyning o‘zida tuman rahbarlariga yo‘naltiradi. Vazifa darhol yondaftarlarga «muhrlanadi».


«Bu gapga yaqinda bir yil bo‘ladi, ammo vaʼda qilingan kontrakt to‘lovidan darak yo‘q. Jiyan umidvor bo‘lib qolgan. Orada tuman rahbariyatiga uchradik, harakat qilamiz, deyishdi. Lekin to‘lov miqdori anchagina – 40 million so‘m. Pulni qanday undirsa bo‘larkin?» deya maslahat soldi u.


Mashhur turk adibi Aziz Nesinning «Sigaret qutisidagi arz-dodlar» nomli hajviy hikoyasi bor. Saylov arafasida yurtning ulug‘lari qishloqma-qishloq yurib, «Demokratiya – xalqning diliga quloq solish degan gap», deya dehqonlarning dardini eshitadilar. Kimdir bezgak kasali odamlarning tinkasini quritayotganini aytadi, boshqasi qishloqqa o‘qituvchi yuborishlarini iltimos qiladi. Yana birovi poezd yo‘li qurish haqida taklif bildiradi. Mehmonlar arzu takliflarning barchasini qo‘llaridagi sigaret qutilariga yozib olishadi. Uchrashuvni yakunlab, ortga qaytayotganda esa, qutilarni bir chetga uloqtirishadi.


Yuqoridagi voqea shu hikoyani yodga soldi. Qadrdonim bilan andak munozaraga bordik. «Jiyaningiz ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar ro‘yxatida turmaydi. So‘ralayotgan summa ham ozgina emas. Siz ko‘tarayotgan masalani hal qilish uchun tuman hokimi moliyaviy manbani qaerdan topadi? Shu pulni so‘ramay qo‘yaqolganlaring maʼqul», deya maslahat berdim.


Xalqda «Tilimga boyla!» degan gap bor. Turli davralarda, hatto festivalu tadbirlarda ham katta sovg‘alar vaʼdasi rahbarlar og‘zidan tez-tez chiqib turadi. Biroq kuni kelib, ko‘rpaga qaramay oyoq uzatishning oqibati yuz ko‘rsatganda, vaʼdani quyuq qilganlar chetda topshiriq ijrosi zimmasiga tushganlar esa arosatda qoladi.


Eslaylik, 2023 yili Xonobodda o‘tkazilgan «Dunyo sadolari» festivali doirasida Madaniyat vazirligi va Andijon viloyati hokimligi tomonidan yosh estrada xonandalari respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilgan, g‘oliblarga katta mukofot pullari vaʼda qilingan edi. Ammo oradan bir yarim yil o‘tsa-da, nazarda tutilgan mukofot pullari berilmagan, aybni hokimlik vazirlikka, vazirlik hokimlikka to‘nkagan edi. Bu haqda ommaviy axborot vositalarida bong urilganidan keyingina muammo bir yoqli bo‘lgandi.


Salkam o‘n yil avval katta-kichik rahbarlarning xalq bilan doimiy muloqotlari yo‘lga qo‘yilishi ortidan odamlarning ko‘plab tashvishlari echim topgani rost. Lekin shu taxlit uchrashuvlarda ayrim mansabdorlarning ahyon-ahyonda turli toifa vakillariga qimmatbaho sovg‘a tuhfa etishi, baʼzan moddiy yordam so‘ragan allakimning og‘zidan chiqqanini ortig‘i bilan muhayyo qilishi ko‘plarning xayolini bo‘layotgani ham sir emas. Muloqotlarda hududdagi umumiy muammolar qolib, o‘zining moliyaviy ahvolidan gap ochadigan, hokim yoki boshqa biror amaldordan nimadir undirib qolish payida qabul o‘tkaziladigan manzillarni poylab yuradigan toifa paydo bo‘ldi. «Bersam xalqimga beryapman», deya hotamtoylik qiladigan katta mansabdor esa odamlarga vaʼda qilayotgan pul, mulk yoki narxi qimmat sovg‘ani so‘ralgan manzilga etkazishni ko‘p hollarda o‘zidan quyidagi amaldorlar zimmasiga yuklaydi. Xuddi yuqoridagi tanishimning jiyani bilan bo‘lgan holat kabi.


O‘ylab ko‘raylik, quyi bo‘g‘indagi rahbar byudjet mablag‘lari taqsimotida hal etilishi nazarda tutilmagan bu kabi masalalarga qanday echim topadi? Kimdan pul so‘raydi?


O‘tgan yili noshirlik va kitob savdosi bilan shug‘ullanadigan tanishim yozg‘irib qoldi. Andijondagi tuman hokimi o‘rinbosarlaridan biri ikki yil avval mahallada shoshilinch tashkil etilayotgan kutubxona uchun nasiyaga 29 million so‘mlik kitob sotib oladi. To‘lov amalga oshirilayotgan pallada ushbu miqdorning 3 million so‘mini keyinroq etkazishga vaʼda beradi. Biroq vaʼda hamon bajarilmayotgan ekan. Chindan ham, noshirning qo‘lida amaldorning tilxati, «oldi-berdi»ning chala qolgan qismiga oid audioyozuv bor edi. Aftidan, so‘z borayotgan kutubxonani adabiyotlar bilan jihozlash uchun ajratilgan smeta mablag‘lari etmagan, «kam-ko‘sti»ni to‘ldirish esa o‘rinbosar zimmasiga tushgan. Baʼzan byudjetdan pul ajratishning yoki to‘liq moliyalashning imkoni yo‘q masalalar ortidan quyi bo‘g‘in rahbarlarining boshi berk ko‘chaga kirib qolmayaptimi?


2020 yili Marhamat tumanida faoliyat yuritayotgan o‘ttizdan ortiq fermerlar kaminaga murojaat qilib, paxtachilik klasteri bilan o‘rtalarida yuzaga kelgan nizo sudda ko‘rilayotganini, sud majlislarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishimni so‘rashdi. Jarayonda nizoning mohiyatidan ko‘ra, sudyaning sud majlisidagi nojoiz xatti-harakatlari, majlis jarayonida javobgar, yaʼni klasterga ochiqcha yon bosayotgani, sud o‘tkazish tartibiga mutlaqo rioya etmayotgani eʼtiborimni tortdi va... holatni yoritishda fokusni shu tarafga qaratishga majbur bo‘ldik.


Aslida ko‘rilayotgan nizo juda jiddiy, masalaning axloqiy, korruptsiyaga daxldor jihatlari bor edi. Yaʼni tumanda markazdan kelgan katta martabali amaldor ishtirokida o‘tgan tadbirda tajribali fermer hamda o‘z sohasining ustasi bo‘lgan bir mutaxassisga ikkita avtomashina sovg‘a qilinadi. Avtoulovlarga klaster homiylik qiladi. Biroq keyinchalik maʼlum bo‘ladiki, mashinalar klasterning o‘z daromadi evaziga emas, o‘ttizdan ziyod fermerlarning hisobiga sotib olingan va bu pul taqsimot asosida fermerlar haqidan urib qolingan ekan. Jig‘ibiyron bo‘lgan dehqonlar esa asossiz xarajatlarni undirish uchun klasterni sudga berishgan.


Taassufki, baʼzi rahbarlarning o‘zgalar hisobidan hotamtoylik qilishi, boz aytganimizdek, quyi bo‘g‘indagi rahbarlarni boshi berk ko‘chaga yo‘naltirayotgan bo‘lsa, jamiyatning maʼlum qismini, jumladan, ayrim yoshlarni boqimandalikka undayapti.


Ikki yil avval «ijtimoiy daftar»lar bilan bog‘liq vazifalar muhokamasiga doir bir yig‘ilishda ishtirok etdim. Gap orasida ancha bamaʼni, ziyoli tuman hokimlaridan biri o‘zi duch kelgan holat haqida biroz xafa bo‘lib so‘z ochib qoldi. Maʼlum bo‘lishicha, g‘alla hosildorligi rejadagidan ancha barakali bo‘lgan uch-to‘rt fermer 10 tonnaga yaqin bug‘doyni ehtiyojmand oilalarga tarqatish bo‘yicha hokimga maslahat soladi. Hokim taklifni bajonidil qo‘llaydi, mahallalardan ro‘yxat tuzilib, har bir oilaga 200 kilogrammdan bug‘doy etkazib beriladi. Eʼtibordan minnatdorlar qatorida bunga bir oila vakili keskin eʼtiroz bildiradi: «Chumchuqqa don sepganday gap-ku, bu. To‘rt qop bug‘doy nima bo‘ladi? Nega hech bo‘lmasa, 500 kilogrammdan bermaysizlar?!»


Boqimandalikni taʼriflashga bundan ortiq misol bo‘lmasa kerak, to‘g‘rimi?


...Bugun davlat rahbarining talabi bilan joylarda katta-kichik amaldorlarning yoshlar bilan uchrashuvlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Yigit-qizlarning ko‘ngliga quloq tutilyapti, ularning iqtidori va imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga barcha bo‘g‘in mansabdorlari yaqindan ko‘maklashyapti. Muloqotlardagi kishini xursand qiladigan voqeliklar orasida, garchi zarurati bo‘lmasa-da, noutbuk yoki qimmatroq biror matoh undirish payiga tushayotganlar ham tez-tez ko‘zga tashlanyapti.


Bu ketishda, ishqilib, navqiron avlodni ham bora-bora boqimandalikka o‘rgatib qo‘ymasak koshkiydi, degan xavotirdaman.


Nurillo NO‘ʼMONOV
«ISHONCH»



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
ЧИЛЛА НИМА?
0 6475 16:57 | 05.08.2023
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat