“Buxoro” bolalar kulgusiga to'ldi
22 iyun' kuni Buxoro shahrida 250 o'rinli zamonaviy "Buxoro" bolalar sog'lomlashtirish oromgohi foydalanishga topshirildi. Ushbu maskan O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan, mamlakatimizda bolalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar doirasida barpo etildi. Yangi oromgoh nafaqat sog'lomlashtirish, balki ma'naviy-ma'rifiy, ijodiy va jismoniy rivojlanish maskani sifatida faoliyat yuritishi nazarda tutilgan.
Oromgohning ochilishida viloyat hokimi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar, volontyorlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tantanali marosimda so'zga chiqqan Buxoro viloyati hokimi yangi maskanning ochilishi bilan barcha bolalar va ularning ota-onalarini samimiy tabrikladi.
— Bugungi kunda bolalarning sog'lom o'sishi, ularning iqtidori va qobiliyatini rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratish — davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishidir. Yangi oromgoh ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi, — dedi hokim o'z nutqida.
Zamonaviy infratuzilma va maqsadli dasturlar
"Buxoro" oromgohi 4,2 gektar maydonni egallab, 56 milliard so'mlik sarmoya asosida qurildi. Unda ikki qavatli yotoqxona, oshxona, ma'muriy bino, tibbiyot punkti, kutubxona, ma'naviyat xonasi, amfiteatr, voleybol va minifutbol maydonlari hamda suv havzasi mavjud.
Bolalarning dam olishini mazmunli tashkil etish maqsadida oromgohda 12 kunlik namunaviy tarbiyaviy dastur asosida tadbirlar amalga oshiriladi. Ushbu dastur xalqaro tajriba va milliy qadriyatlar uyg'unligida ishlab chiqilgan bo'lib, unda vatanparvarlik, milliy g'oya va umuminsoniy qadriyatlarni singdirishga alohida e'tibor qaratilgan.
— Biz faqat bolalar dam olishini emas, ularning intellektual, ijodiy, jismoniy salohiyatini yuksaltirishni ham maqsad qilganmiz, — deydi Bolalarning dam olishini va sog'lomlashtirilishini tashkil etish departamenti viloyat bo'limi rahbari Hamza Ro'ziev. — Bu oromgoh kelajagimiz bo'lgan yosh avlodga investitsiya sifatida xizmat qiladi. Bundan keyin har bir bola bu yerdan faqat dam olibgina qolmay, o'zidagi iqtidorni ham kashf etadi.
Qayd etish lozimki, yangi oromgohning faoliyati O'zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident farmonlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida tashkil etilgan. Bolalar xavfsizligi, tibbiy xizmat ko'rsatish, sog'lom va to'yimli ovqatlanish, sanitariya va jamoat tartibini ta'minlash yuzasidan tegishli mutaxassislar va mas'ullar jalb etilgan.
Inson qadri uchun xizmat qiladi
Umuman, Buxoro viloyatida 2025 yil yoz mavsumining birinchi davrasi doirasida jami 143 ta oromgoh faoliyat yuritmoqda. Ushbu oromgohlar orqali 19 810 nafar bola qamrab olinadi. Xususan, 11 ta statsionar oromgohda — 8 400 nafar, 132 ta kunduzgi oromgohda — 11 410 nafar bola sog'lomlashtiriladi. Bu — har bir bola uchun mazmunli dam olish va rivojlanish imkoniyatini yaratishga qaratilgan ulkan ko'lamdagi ishlarning amaliy natijasidir.
"Buxoro" bolalar sog'lomlashtirish oromgohi — bu nafaqat dam olish maskani, balki har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan muhim ijtimoiy loyiha hamdir. Ushbu tashabbus “Inson qadri uchun” degan oliy maqsadga xizmat qiluvchi yana bir amaliy qadam sifatida xalqimiz, xususan, buxorolik o'g'il-qizlar hayotida alohida o'rin egallaydi.
Dildora IBROHIMOVA,
“IShONСh”
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0