Farzandingizni qanday o'qituvchi o'qitishini xohlaysiz?
Bog'ot tumanidagi ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasasida 46 nafar pedagog faoliyat yuritmoqda. Ularning 36 nafari oliy , 10 nafari birinchi toifaga ega.
Muassasada tahsil olayotgan 479 nafar o'quvchining har biriga individual yondashuv asosida iqtidor va qobiliyatlarini rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. 2024–2025 o'quv yilida maktabni bitirganlarning 96 foizi oliy ta'lim muassasalariga kirishga muvaffaq bo'ldi.
Ahamiyatli jihati, ta'lim muassasasidagi barcha o'qituvchilar milliy va xalqaro sertifikatlarga ega. Shu bois, ulardan 35 nafari 10 million so'mdan ziyod maosh olmoqda. Bundan tashqari, 300 nafar o'quvchi ham milliy va xalqaro sertifikatga ega. Bu esa ularga zamon talablari asosida, yuqori darajada ta'lim berilayotganidan dalolat beradi.
Kasbidan faxrlanuvchi muallim
– O'n yildan buyon o'qituvchiman, – deydi muassasada matematika fanidan dars beradigan Ne'matjon Kamolov. – Bobom ham, ota-onam ham muallim bo'lishgan. Men daftar-kitoblar ichida ulg'ayganman. Ularning mehnatini, halol hayotini ko'rib, shu kasbni tanlaganman. Endi esa ish sharoitim va oladigan maoshimni ko'rib, ular menga havas qilishadi. Ular og'ir sharoitda, kam haq evaziga mehnat qilgan bo'lsalar, men bugun 20 million so'mdan ziyod maosh olyapman.
Ne'matjon bu darajaga tasodifan yetishmagan. Urganch davlat universitetida bakalavriat, O'zbekiston Milliy universitetida magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan. O'z kasbiga sadoqat bilan yondashib, o'quvchilarning bilim va iqtidorini rivojlantirishni burchi deb biladi. Uning fan olimpiadalari bo'yicha tayyorlangan qo'llanmalari keng ommalashgan, shogirdlari esa respublika va xalqaro olimpiadalar g'oliblari qatorida.
– Sevimli shogirdlarimdan biri Maqsadbek Egamberdiev bilan birgalikda ko'plab yutuqlarga erishdik. U 7-sinfdayoq Qo'qon davlat pedagogika instituti grantini qo'lga kiritdi. Bu biz uchun katta motivatsiya bo'ldi. Undan keyin boshqa o'quvchilarim ham qator muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Maqsadbek xalqaro olimpiadalarda g'olib bo'lib, shu yil “Mard o'g'lon” mukofoti bilan taqdirlandi. Yana bir shogirdim Abdurahmon Shonazarov esa “Garvardchilar maktabi” deb tanilgan Al-Beruniy nomli xalqaro maktabga qabul qilindi. Bu maktabga butun respublika bo'yicha bor-yo'g'i 60 nafar o'quvchi tanlab olinadi. Ular orasida mening shogirdim ham borligi men uchun katta iftixordir, – deydi ustoz.
Ne'matjon Kamolov bugun o'qituvchi mehnati munosib qadrlanayotganini mamnuniyat bilan ta'kidlaydi:
– O'qituvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalansak, nafaqat 1000, balki 2000 AQSh dollariga teng oylik maosh olishimiz mumkin. Joriy yil Turkmanistonda o'tkazilgan olimpiadada guruh rahbari sifatida qatnashdim. V'etnamda bo'lib o'tgan 25-xalqaro musobaqada O'zbekiston jamoasiga rahbarlik qildim. Shunisi aniqki, bunday imkoniyatlar bo'lmaganida, bu davlatlarga borishni tasavvur ham qilmasdim.
"O'z farzandimni qanday o'qituvchiga topshirgan bo'lardim?"
– Yaxshi o'qituvchi bo'lish uchun, avvalo, o'z kasbingni chin dildan sevish va halol, ta'masiz mehnat qilish zarur, – deydi u. – Har bir ota-ona farzandini eng yaxshi o'qituvchi qo'liga topshirishni istaydi. Men o'zimga ham bu savolni ko'p beraman: “Ne'matjon, sen o'z farzandlaringni qanday o'qituvchi o'qitishini xohlarding?” Ushbu savol meni tinimsiz izlanishga undaydi. O'z idealimdagi o'qituvchi bo'lishga harakat qilaman. O'qituvchilik kasbi mashaqqatli, ammo sharafli. O'qituvchilar sulolasi davomchili ekanligimdan hamisha faxrlanaman.
Muhabbat TO'RABOEVA
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/51
0
0
0
0