Farzandini turmush qurishga majburlagan ota-onaga chora ko'riladimi?
— Dugonamning 13, 15, 17 yoshli uch nafar qizi bor. U qizlarini kazo- kazolarga uzatish payiga tushib qolgan. Hali qizlaring yosh desam, “bular meni qizlarim xohlagan paytim turmushga beraman, hech kim menga ho'jayin emas” — deb turib olgan. Qizlar ham bunga qarshi, o'qishni xohlaydi. Ota-ona farzandini majburlab turmushga bersa, qonunchilikda bunga qanday javobgarlik bor?
A.Abdumalikova, Toshkent shahridan
Savolga huquq bo'yicha ekspert E'zozabonu MAMARIZAEvA javob berdi.
— Bu bo'yicha qonunchiligimizda talaygina javobgarliklar bor.
Oila kodeksining 15 moddasida nikoh yoshi erkaklar uchun ham va ayollar uchun ham 18 yosh etib belgilangan.
Uzrli sabablar bo'lganida, ya'ni alohida hollarda (homiladorlik, bola tug'ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to'la muomalaga layoqatli deb e'lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko'ra nikoh davlat ro'yxatidan o'tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko'pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.
Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 47-3-moddasida Nikoh yoshi to'g'risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish holati belgilangan bo'lib, unga ko'ra ota-ona yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish, — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o'n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'lishi belgilangan.
Bundan tashqari O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 125-1-moddasida ham Nikoh yoshi to'g'risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish holati belgilab qo'yilgan. Unga ko'ra ota-ona yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish, shunday qilmish uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilgan bo'lsa, bazaviy hisoblash miqdorining o'ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0