Xatga tushding – o‘tga tushding
yoki qarzdorga kafil bo‘layotganlar andishani chetga surib, masalaning huquqiy oqibatini jiddiy o‘ylashlari zarurligi xususida
Tasavvur qiling: oy oxirlayapti. Ikki-uch kundan so‘ng maosh olishingiz kerak. Qo‘lingizga tegishi kutilayotgan mablag‘ning tiyin-tiyinigacha taqsimot qilib, oilaviy ehtiyojlar, zarur xaridlar ro‘yxatini tuzib qo‘ygansiz.
Nihoyat, plastik kartangizga pul tushdi. Daqiqa o‘tmay, telefoningizga yana bir xabar keldi: “... kredit uchun kartangizdan 2 million so‘m echib olindi”. Holbuki, qarzingiz yo‘q edi.
Asabiylashgancha bankka yugurasiz. Maʼlum bo‘ladiki, to‘rt oy oldin yaqin tanishingizning uch yil muddatga olingan kreditiga “kafilman” deya jimjimador imzo chekib bergansiz. U avvaliga ikki oy “intizomli to‘lovchi” vazifasini bajargach, endi “ish yurishmayapti, chiqimlar ko‘payib ketdi”, degan bahonalar bilan bank oldidagi majburiyatini esdan chiqargan. Shu bois haqdor oyma-oy to‘lovni sizning kartangizdan echib qolishni boshlagan. Vaziyatdan tanishingizni xabardor etasiz. Andak xijolatomuz ohangda sizdan olingan pulni ikki-uch kunda qaytarishini aytadi, biroq hadeganda hisob-kitobni joyiga qo‘ymay xunobingizni chiqaradi. Eng yomoni, bu hol keyingi oylarda ham muntazam takrorlanaveradi. Xullas, halol mehnat qilib ish haqi olasiz-u, pulingizni xohlagan vaqtda istaganingizdek ishlatolmaysiz. Juda alam qilsa kerag-a?
Andijon tumanida yashovchi Qodirjon Oxunjonov (o‘zining iltimosiga ko‘ra, ismi-familiyasi o‘zgartirildi) mana shunday diqqatbozlikni boshdan o‘tkazayotganiga uch yildan oshdi. Ishxonasida birga ishlaydigan xonadoshi qayta-qayta iltimos qilgandi. Qarz ko‘tarayotgan tadbirkor hamkasbining qadrdoni ekan. Odamning yuzi issiq – hamxonasining “shunchaki rasmiyatchilik uchun, o‘rtada men turibman-ku”, degan qistovidan so‘ng o‘zi ham tanimaydigan shaxsning bankdan olayotgan 50 million so‘m mablag‘i uchun kafillikka rozi bo‘ldi. Ammo vaqtida “yo‘q” deb andishaning yuziga tupurmay, xato qilganligini ikki oydan keyin tushunib etdi. Kartasidan tortib olingan pulni tadbirkordan undirguncha asabbuzarlik kunlab davom etadi. Oyligidan baraka qochdi. O‘rtada turgan hamkasbi uzr so‘rab, elka qisishdan nariga o‘tmaydi.
Bu orada Qodirjon shaxsiy sabablarga ko‘ra, ishini o‘zgartirib, o‘zini dehqonchilik hamda kunlik daromad topadigan yumushlarga urdi. Endi avvalgiday plastik kartasiga maosh tushmaydi, kafillik g‘alvalaridan ham qutulganday bo‘ldi go‘yo. Ammo olti oydan so‘ng MIBning tuman bo‘limidan kelgan ijro varaqasini ko‘rib, hushi boshidan uchdi. Ayon bo‘lishicha, sudning hal qiluv qarori bilan Qodirjondan 32 million so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilangan. Kamiga g‘aribroq oilaning qora qozonini bir oy qaynatish mumkin bo‘lgan mablag‘ miqdorida davlat boji ham bo‘yniga yuklangan. Darhol o‘rtada turgan sobiq hamkasbini topib, ijro hujjatini qo‘liga tutqazdi. Afsuski, bir muddat ilgari qarzdor kutilmagan xastalikdan vafot etgan ekan. Marhumning qirqi o‘tgach, ikki hamkasb uning oila aʼzolariga holatni tushuntirishadi. “Erim bilan o‘rtalaringda qanday oldi-berdi bo‘lganini bilmayman, sizlarga pul bergani moddiy imkoniyatim ham yo‘q, meni bezovta qilmanglar!” deya dangalini aytdi ayol. Qodirjon kafillik shartnomasiga imzo chekib, xatga emas, naq o‘tga tushganini ana shundagina his etdi.
Xullas, bank oldidagi majburiyat, mana, ikki yildirki, Qodirjonning zimmasidan soqit bo‘lgani yo‘q. Sudning ijro hujjati muallaq turibdi. Ijrochilar bir necha bor ogohlantirishdi. Bugun bo‘lmasa, ertaga xonadonidagi mulklarini hatlab bo‘lsa-da, undiruvni amalga oshirishlari tayin. Yaqinda aka-ukalari, opa-singillari to‘planib, Qirg‘izistonda yashovchi yaqin qarindoshini ko‘rib kelishdi. Qodirjon esa yakkalanib qatordan qoldi, chunki ayni qarzdorlik sabab chetga chiqishiga ham taqiq qo‘yilgan.
Viloyat miqyosidagi tashkilotda ishlovchi Mansurbek boshdan o‘tkazgan holat yuqorida bayon etilgan voqelik bilan o‘xshash bo‘lsa-da, ammo ijtimoiy-maʼnaviy oqibatlari ancha jiddiy. Boshqa bir idorada bosh hisobchi lavozimida ishlovchi ayol tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish uchun bankdan kredit ko‘tarmoqchi bo‘ladi. Olinayotgan mablag‘ miqdori kattaroq bo‘lgani uchun, tabiiyki, garovga qiymati balandroq mulklar talab qilinadi. “Bu ayol yaqin qadrdonim, - deydi hisobchini Mansurbekka tanishtirgan hamkasbi. – Kreditiga mashinangni garovga qo‘yib turaylik, qarzini bir yilga qolmay uzib yuboradi. O‘zimning mashinamni beray desam, shusiz ham garovda turibdi. Yo‘q demagin endi, seni ham quruq qo‘ymaydi”. Mansurbek avvaliga ikkilandi, biroq biror marta aldoviga duch kelmagan necha yillik hamkasbining raʼyini qaytara olmadi. Garov shartnomasini imzolaganligi evaziga, g‘irt anjanchasiga aytganda, 300 dollar “naflangani” rost.
Ammo oradan uch oycha vaqt o‘tgach, hisobchi ayol ishlaydigan boshqarmada bir necha milliard so‘mlik davlat byudjeti mablag‘lari talon-toloj qilinganligi maʼlum bo‘lib, rahbar va moliyaviy masalalarga masʼullar tergovga tortiladi. Ayblov sudda tasdiqlanib, boshliq va hisobchi olti yildan ziyodroq muddatga “ichkariga” kirib ketadi. Tuzukkina mansabidan, doimiy daromad manbaidan ayrilgan odam qamoqda o‘tirgan holida bankdan olgan kreditini qanday uzishi mumkin? Boz ustiga, turmush o‘rtog‘i ham “Jazoni o‘tab chiqqanda o‘zi bilan gaplashasizlar!” deb gapni eshitishni ham xohlamasa? Kutilganidek, muammo garovga mulkini qo‘yib bergan Mansurbekning bo‘yniga tushdi. Avvaliga “mashinamni tortib qo‘yishmasin” degan xavotirda bir muddat oylik to‘lovlarni to‘lab yurdi. Ammo bora-bora topgani ro‘zg‘or xarajatlaridan oshmay qoldi. Oqibat shu bo‘ldiki, mashinasini sotdi va o‘zganing 120 million so‘mga yaqin kredit qarzini birdaniga to‘lab qutuldi. Bu yoqda oilasida halovat yo‘q. Turmush o‘rtog‘i asosli savollar beradi deng: “Bolalarning rizqini qiyib, besh yil deganda mashinali bo‘luvdik. Nega uni men ham tanimaydigan ayolga garovga qo‘yib bergansiz? Nima, u bilan yurasizmi yo?”
Xullas, Mansurbek ko‘rilgan zararni undirishdan ham avval hisobchini ayoli bilan yuzlashtirib, turmush o‘rtog‘ining shubha-gumonlarini aritishi kerak. Yo‘qsa, oila parokanda bo‘lishi, uch bolasi tirik etimga aylanishi hech gapmas. Har holda, hozir oilasida ana shunday tarang vaziyat yuzaga kelgan. Shu bois tez-tez hisobchi ayolning mahallasiga borib undan-bundan daraklab turadi. Lekin jazoning endigina to‘rtdan birini o‘tagan ayolga qachon engillik berilishini, qay vaqtda va qanday kayfiyatda ozodlikka chiqishini hech kim bilmaydi.
Taassufki, bugun yuqorida tafsiloti keltirilgan holatlarga tez-tez guvoh bo‘lyapmiz. Ko‘pchilikning ongu shuurida “o‘zganing ishonchi”, “vaʼdaga vafo”, “lafz” tushunchalari qadriyat darajasini yo‘qotdi. Keyingi o‘n yillikda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda bank bilan bog‘liq qarz shartnomalari, kafillik munosabatlariga oid nizolar eng ko‘p ko‘rib chiqilayotgan ish toifalari ro‘yxatidan o‘rin olib egallagan. Sud jarayonlarini kuzatsangiz, kafillar asosan uch xil sababga ko‘ra rozi bo‘lganini bildirishadi: qarzdorning pand bermasligiga ishonuvchanlik, huquqiy oqibatdan bexabarlik, to‘g‘rirog‘i, shartnomani o‘qib-o‘qimay imzolash holatlari, va nihoyat, roziligi evaziga oz-moz moddiy manfaatdorlik.
To‘g‘ri, bank krediti yopilgach, kafil regress talab bilan qarzdorga nisbatan daʼvo qo‘zg‘ab, sud orqali keltirilgan zararni undirib olishi mumkin. Biroq odatda bunday jarayon boshlanib to qaror ijrosi yakuniga etguniga o‘rtacha 4-6 vaqt boy beriladi. Bu hol biroz ovoragarchilik talab qiladi, kamiga asablaringiz sinovdan o‘tadi. Ortiqcha “yugur-yugur”ga toqati etmay, qarzdorga insof tilab, qo‘l siltab ketayotganlar qancha?
Ayni masalada bank xodimlarining ham burniga suv kirgan. To‘lov jadvaliga rioya etmayotganlar ortidan chopaverib, endi har bir qarz ko‘tarayotgan shaxsga kafolat beruvchini qayta-qayta so‘roqqa tutishadi: “Shartnomani yaxshilab o‘qidiz-a? To‘lov vaqtida amalga oshirilmasa, javobgarlikka tayyorsiz-a?”
Shuncha targ‘ibot-tashviqot, tushuntirishlarga qaramay, kafillik shartnomalari soni ham, ishonchi poymol bo‘lgani ortidan qarzdor bilan sudlashayotganlar safi ham kamaymayotgan ekan, nima qilmoq kerak? Boshini o‘z inon-ixtiyori bilan “kundaga” qo‘yayotganlarni faqatgina ogohlantirish mumkin, xolos.
Albatta, odamlarga yaxshilik qilish kerak. Ishonchni oqlaydigan, kafilga pand bermay, biror marta bo‘lsin ovoragarchilikka duchor qilmay hisob-kitobini joyiga qo‘yadigan kishilar ham ko‘p. Ammo ikki toifa taroziga qo‘yilsa, ishi bitguncha, ming bor egilib-bukilib, keyin lafzidan qaytayotganlar ko‘proq tosh bosayotganday.
Shunday ekan, kafil bo‘lishdan avval jiddiy o‘ylang: chunki birovlarni ishontirib, boshqa shaxs ustidan masʼuliyatni, javobgarlikni to‘liq zimmangizga olyapsiz. Kafillikning yuki shunaqa og‘ir bo‘ladi.
Nurillo No‘ʼmonov,
ishonch.uz Jizzax



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0