Xazonlar tabiiy o'g'it manbai
Hozir qish fasli, hamma yerga xazonlar to'kilgan. Ammo oltin yaproqlar ko'chada sochilib yotmasligi uchun ularni yoqib yuborish tabiat uchun ham, inson salomatligi uchun ham katta zarar. To'kilgan barglarni yoqsangiz, havoga azot oksidlari, formaldegid, benzol, PM2, PM5 va PM10 kabi zararli moddalar ko'tariladi. Bu havodan nafas olish inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi.
Barglarni yoqib, havoni zaharlash nafaqat ekologik jihatdan, qonuniy tomondan ham cho'ntakka ziyon keltiradi. Shunki Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 88-moddasiga ko'ra, atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o'n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Ekofaol Mo'tabar Xushvaqtovaning ta'kidlashicha, barglarni yoqish emas, ularni to'plab yerga ko'mish yoki shunchaki to'kilgan yerida qoldirish foydalidir. Bu ularning tabiiy ravishda chirishiga va yerga tayyor o'g'it bo'lib singishiga xizmat qiladi. Dunyoning ko'plab rivojlangan shaharlarida ham barglar yoqilmaydi, shunchaki yerda qoldiriladi yoki maxsus texnikalar orqali to'planib, kompost qilish uchun olib ketiladi. Bu kabi oddiy va ko'p mehnat talab qilmaydigan ishlar orqali biz tabiatga ko'maklashishimiz juda muhim.

Bundan tashqari, daraxt va gullar ekish nafaqat savobli, balki tabiatni rag'batlantiruvchi va havoni tozalashga xizmat qiladigan eng samarali ishdir.
Shakira Jo'raeva,
O'zJOKU talabasi



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0