Uy olish uchun salkam 17 yil: maqsadga erishish uchun nima qilmoq kerak?
Uy-joyli bo'lish o'zbek xalqi uchun nafaqat birlamchi masala, balki tinch-xotirjam va farovon yashash ramzi ham sanaladi. Kichik, oddiygina bo'lsa ham “boshpana”si bor kishi eng baxtiyor hisoblanadi. Lekin tadqiqotlarga ko'ra, so'nggi vaqtlarda O'zbekistonda shaxsiy uy-joyga erishish tobora qiyinlashib bormoqda. Bu birinchi navbatda talabning o'sishi bilan izohlanadi. Xo'sh, aholining shiddatli o'sish fonida, narxlar o'sayotgan va raqobat kuchli vaqtda qanday qilib uy olish mumkin? Quyida bir qancha maslahat va tashabbuslarni ko'rib chiqamiz.
Biz uy olish deganda asosan markaziy shaharlar va poytaxt Toshkent ko'zda tutiladi. Yaqinda “Geostatistika” portali MDH davlatlarida o'rtacha oylikka uy olish uchun qancha vaqt ketishini hisoblab chiqdi. Unda O'zbekiston birinchi o'rinda (eng ko'p muddat talab qilinadi) qayd etildi. Ya'ni, o'zbekistonliklar o'rtacha 482 dollar maosh bilan 96,8 ming dollar qiymatli kvartira uchun 16 yil 9 oy pul jamg'arishiga to'g'ri keladi. Taqqoslanishicha, qozog'istonliklar kvartira uchun 7 yil 8 oy, qirg'izistonliklar 13 yil 6 oy, tojikistonliklar 15 yil 9 oy pul jamg'arishiga to'g'ri keladi.
Albatta bu raqamlar iqtisodiyotning holati, talab va aholi daromadi kabi omillar bilan bog'liq. Lekin uyga erishish uchun qariyb 17 yil ketishi kishini o'ylantirib qo'yadi. Mazkur ma'lumotlarni mutlaq haqiqat demoqchi emasmiz, ammo uni yolg'onga ham chiqara olmaymiz. Xo'sh, shunday murakkab sharoitda tezroq va imkon qadar qarzga botmasdan qanday qilib uy olsa bo'ladi?
Ko'chmas mulk egasi bo'lishni xohlaganlar maslahatlar va tavsiyalarni o'rganishlari lozim.
Birinchi navbatda, belni mahkam bog'lab, mavjud vaziyatni sinchkovlik bilan tahlil qilmoq va maqsad qo'ymoq kerak. Shunki kuchli maqsadsiz, faqat o'y-xayol va qulay fursat kutib hech narsaga erishib bo'lmaydi (kutilmaganda katta pul topib olish, omadi kelib qaysidir boyvachcha uy sovg'a qilib yuborishi faqat kinolarda bo'ladi). To'g'ri, bugun uy olishda avvalgi davrlarday imtiyozlar, hadya etishlar, ishxona orqali xonadon olish kabi variantlar yo'q. Lekin, bugun minglab yangi uylar qurilyapti. Albatta, ularga xaridorlar kerak. Bugun talabga yarasha taklif ham ko'p. Uy olish bir kunda yoki bir soatda hal qilib qo'yilmaydi. Qimmatli vaqtingizdan variantlarni o'rganishga ma'lum vaqt sarflang.
Ikkinchidan, albatta shaxsiy jamg'arma tashkil qiling va o'zingiz ortiqcha hisoblagan xarajatlardan butkul voz keching. Masalan, qimmatroq restoranda ovqatlanish, brend kiyimlar kiyish kabi ortiqcha hashamatlarni unuting. Albatta o'zingiz va yaqinlarni qiynamay, yerga urmagan holda, kamtarroq hayot tarziga ko'niking (boshpanali bo'lgach, bayramlar ham, o'tirishlar ham yarashadi). Shaxsiy jamg'arma mablag'larini qat'iy nazorat qiling va uni faqat o'ta zarur hollarda ishlating. Agar jamg'armani pul shaklida saqlash qiyin bo'lsa, unga turli qiymati oshib boruvchi buyumlar (masalan, tilla) sotib oling. valyuta jarayonlaridan xulosa chiqarib, to'g'ri qaror qiling. Yodda tuting: shaxsiy jamg'armasiz uy olishni o'ylash, bu jangga qurolsiz kirishday gap!
Shuningdek, daromadni mutassil oshirish yo'llarini o'ylang, faqat bir joyga va bitta ishga bog'lanib qolmang. Bu sizga pul yig'ish imkonini yaratadi. Uyqusiz tunlar qiyinchiligi yangi uyga erishgach, unutilib ketadi.
Uchunchidan, imkoniyatingizdan kelib chiqib qarz oling. Maqsadga ozgina qolganda, kichik qiyinchilikdan qo'rqish yoki uy narxi tushishini kutib o'tirish yaramaydi. Shunki O'zbekiston sharoitida uy narxi pastlab, yer bilan bitta bo'lganini shu paytgacha hech kim ko'rmagan. Qaytanga yillarda, hatto bir necha oyda narxlar keskin o'sgan o'rinlar bor. Masalan, 2022 yilda relokantlar bilan bog'liq vaziyatni olaylik. Uy olishni ortga surish 99 foiz holatda sizning foydangizga ishlamaydi.
Bugungi kunda boshlang'ich to'lov evaziga xonadon olish imkoniyati mavjud. Qolgan mablag'ni bo'lib to'lash imkoniyati bo'ladi. Uy tanlayotganda, albatta cho'ntak bilan hisoblashish lozim. Masalan, siz oyda 10 mln so'm daromad ko'rsangiz va uy oylik to'lovi 8-9 mln so'm bo'lsa, bu sizni ma'lum muddat katta qiyinchiliklarga yuzlashtiradi. Shuning uchun, avvalo arzonroq variantdan boshlang.
Ya'ni, tanlovda odamlarning gap-so'zlari va qarashlarini emas, o'zingizning iqtisodiy holatingizni hisobga oling. vaqtida olingan 1 xonalik uy kelajakda 2 yoki 3 xonalik boshpana uchun poydevor-investitsiya bo'lib xizmat qiladi. Shaxsiy uy sizni ijara tushkunligidan, ishonchsizlikdan qutqaradi.
Boshqalar tajribasini sinchiklab o'rganing. Sinalmagan, shubhali variantlarga tavakkal qilmagan ma'qul. Odatda ular xaridorlarda yoqimli takliflar beradilar. Bugun yangi uylar ichida ham ishonchga kirayotgan kompaniyalar va ularning takliflarini jiddiy o'rganing. Uy olgan, xuddi siz kabi turli chig'iriqlardan o'tgan odamlar bilan ko'proq maslahatlashing, ularning fikrlari sizga qo'llanma bo'lib xizmat qilishi mumkin.
Yaqinda uylik bo'lgan yosh shifokor ukamiz hikoyasi:
“Uy olish men uchun hayot-mamot masalasi edi. Dastlab, uy olishimga ko'zim yetmasdan, o'qishni tugatib viloyatga ketganman. Hatto mardikorchilik qilishga ham majbur bo'ldim. Ammo ishlarim yurishmay, baribir Toshkentga qaytib keldim. Boshpanasiz poytaxtda yashash azob. Ijara qiyinchiliklarini ko'rgach, tavakkal qilib pul yig'ishga ahd qildim. Uyquni kamaytirib, ikki hissa ishlay boshladim. Kam ishlagan kunim ko'nglim xijil bo'lardi. Ko'proq ishlab, yaxshi daromad ko'rsam, mendanda baxtli inson bo'lmasdi. Asta-sekinlik bilan qo'limda ortiqcha pul paydo bo'la boshladi. Ularni AQSh dollari, yevro va hatto rubl ko'rinishida ham saqlay boshladim. Maqsad pulni ishlatib yubormaslik va ko'proq ushlab turish edi. O'zimga eng asosiy tamoyil qilib, oylik daromadimning yarmini jamg'armaga ajratish qilib oldim.
Qishloqdagi hovlimda katta og'ilimiz bor edi, tavakkal qilib 2-3 ta katta novvos sotib olib, boqdim. Shunki go'sht zarur mahsulot, chorva doim talabgir bo'ladi. Jamg'arma miqdori ma'lum summaga yaqinlashgach, uy izlay boshladim. Shahar chetidan bir xonalik uyga ko'zimni yumib, to'lab yubordim. Men to'lov qilgan kompaniya avval ham odamlarga uylar qurib topshirgan ekan. Erinmay o'sha uylarga borib, sharoitni ko'rdim, odamlar bilan suhbatlashdim. va qurilish kompaniyasining “sinmasligi”ga ishonch hosil qilib, to'lovni amalga oshirdim. To'lovdan sakkiz oy o'tib, kalit qo'limda edi... ".
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, kuchli bo'ling. Narxlar oshib ketayotgani, yashash qiyinligi, uy olish ilojsiz ekani haqida bot-bot gapirish sizga foyda keltirmaydi, uylik qilib qo'ymaydi. Qaytanga bora-bora sizni vaziyatga ko'niktirib, harakatsiz qilib qo'yadi. Bu maqolani o'qiyotganda ham fikr qiling: masalan bugun kelajakdagi uyingiz uchun nimalar qildingiz?
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0